Ba'zi shaxs va jamoalar o'zlaridan islom etakchilari yasab olishadi. Ular o'z mabda'larini, fikrlarini, rejalarini va strategiyalarini tuzib olib so'ngra Qur'oni karimdan o'sha mabda'larini qo'llab quvvatlaydigan hujjat qidirishadi. Ular o'zlarini islom etakchilari deb hisoblashadi, dinga ergashuvchilar emas.
Aynan ana shu ish Allohga qarshi borishdir. Islomni soxtalashtirishdir. Ana shu kasofatlar sabab maydonda "mo''tadil islom", "radikal islom", "siyosiy islom", "islom ekstremizmi", "islom terrorizmi" kabi atamalar paydo bo'ldi.
Aslida islom bitta. Uni Qur'oni karim va sunnati nabaviyya ifoda etadi. Ana shu asl islomni ifoda etadigan Qur'oni karimni va sunnati nabaviyyani faqatgina pokizalar fahmlashi mumkin. Ya'ni, havoyi nafsidan pokizalar, shaxsiy g'arazlardan pokizalar...
Alloma Abul Hasan Nadviy rahimahulloh o'zining kitobi muqaddimasida aytadi:
"Bu kitobni yozishdan maqsadim bir g'oyaga asos solib so'ngra tarixni o'sha g'oyaga bo'ysundirish emas. Tarixni xolis (beg'araz) o'rganishdir".
Biz o'z qarashlarimizga dindan hujjat-dalil qidirishimiz kerak emas, balki qarashlarimizni dinga moslashtirishimiz lozim. Zero dinni biz emas, aksincha din bizni boshqaradi!
Manbalar asosida tayorlandi
Fazliddin Salimov
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati