Jaholat va johillikning eng asosiy davosi kitob o'qishdir. Zero, kitob insonning eng yaqin do'sti va maslahatchisi, aql qayrog'i va bilim manbaidir. Unga oshno kishi dunyo va oxirat sharifi bo'lgan ilmni egallaydi.
Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohalarga oid bo'lgan kitoblar va adabiyotlar kun sayin ortib bormoqda. Birgina diniy yo'nalishda tafsir, Qur'oni karim ma'nolar tarjimasi, hadis, aqida va boshqa fanlarga oid ko'plab kitoblar ona tilimizda nashr etilmoqda. Ularni mutolaa qilish kerak, xolos.
O'tmishda ota-bobolarimiz Qur'on, hadislar bilan birgalikda “Hamsa”, “Boburnoma”, “O'tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” singari badiiy adabiyotlar va xalq og'zaki ijodi namunalarini o'qib-aytib ulg'ayishgan. Bugun oramizda bu bebaho ma'naviy boylikni qadriga etmayotganlar ham talaygina. Aksariyat yoshlar ham, kattalar ham ijtimoiy tarmoqqa bog'lanib, kitob mutolaasiga bee'tibor bo'lmoqda. Natijada ularning ma'naviyati, tafakkur quvvati zaiflashdi. Hayotda ro'y berayotgan ayrim noxushliklarning ildizi esa o'sha ilmsizlik va kitob o'qimaslikning achchiq mevasidir. Bunday noxush holatlardan saqlanish uchun aqlni ilm va kitob mutolaasi bilan charxlab turish lozim.
Har qanday yangilik ham bir kun kelib eskiradi, biroq insoniyatning ming yillar davomida qo'lga kiritgan durdonalarini o'zida jamlagan kitoblar aslo eskirmaydi. Buni ulug' zotlardan bizgacha etib kelayotgan bebaho asarlardan anglash mumkin.
Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy kitob o'qish asnosida murakkab bir masalaga echim topganlaridan xursand bo'lib: “Bunday lazzatni podshohlarning bolalari ham ko'rmagan”, deganlar.
Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud Sijistoniy o'ziga kiyim tiktirganida, uning engini keng qilib tiktirar, qayerga borsa, o'sha englarida kitob bo'lar ekan. Bo'sh vaqt topildi deguncha, kitob mutolaasiga kirishar ekan.
Mashhur ulamolardan Abul Faraj ibn Javziy bunday deydi: «Men kitob mutolaasidan hech to'ymaganman. Agar o'zim o'qib ko'rmagan birorta kitobni ko'rib qolsam, go'yoki xazinaning ichiga tushib qolgandek bo'lardim. Agar, “yigirma ming mujallad kitob o'qib chiqqanman”, desam ham, mubolag'a qilmagan bo'laman, lekin kitob o'qishda davom etaman», degan ekan.
Hasan ibn Sahl aytadi: «Ma'mun uxlaganda atrofida kitoblar turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o'qir edi. Uyqudan uyg'onib ketganda ham kitob o'qir edi. U inson shunday vasiyat qilar edi: “Yolg'izlik vahshatini kitob o'qish bilan enggin. Albatta, kitoblar so'zlovchi tillar va tikilib turuvchi ko'zlardir”».
Husayn Voiz Koshifiy: “Axloqi Muhsinin” asarida bunday deydi: “Eng yaxshi suhbatdosh va eng maqbul do'sti ulfat ulug'larning kitobidir”. Jaloliddin Rumiy masnaviylarida keladiki: .
Izlama kitobdan yaxshiroq hamdam,
Chunki suhbatdoshdir har qachon, har dam.
U dilga rohatu jonga orodir,
Sen neki istasang, unda paydodur.
Bundoq latif hamdam kim ko'rmish, ey yor,
Undan ranj ham etmas, ranjitmas zinhor.
Kitob ilmu donish va ma'naviy ozuqa hosil qilishning asosiy manbaidir. Shunday ekan, kitobni do'st bilmoq va unga ehtirom ko'rsatmoq har birimizning vazifamizdir. .
Otabek YuLDOShYeV,
Arnasoy tumani bosh imom-xatibi
Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.
“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.
Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.
“Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.
“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati