Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Jihodning asl ma'nosi

11.01.2023   1048   14 min.
Jihodning asl ma'nosi

Jihod - so'zi arab tilidan tarjima qilinganda g'ayrat qilmoq, harakat qilmoq, intilmoq, zo'r bermoq, bor kuchini sarflamoq, kurashmoq, mehnat qilmoq kabi ma'nolarni ifodalaydi. Uning istilohiy ma'nosi haqida imom Rog'ib: “Dushmandan himoyalanishda qo'li, tili yoki kuchi bilan g'ayrat qilishidir”, – deydi. Ibn Rushd o'zining “Muqaddamot” asarida jihodning turlarini to'rt qismga ajratadi: qalb, til, qo'l va qilich bilan kurashishdir. Qo'l jihodi-qonunbuzarlikni to'xtatishga qaratilgan harakat, qalb jihodi-o'z nafsi bilan kurashish, til jihodi-amri ma'ruf nahyi munkar, yaxshilikka chaqirish yomonlikdan qaytarish, so'z yoki qalam jihodi diniy targ'ibot va ma'rifat tarqatish harakati, dinni turli hujumlardan saqlash.Bosqinchilik va birovga hujum qilish islomda man qilingan. Tashqaridan hujum, bosqinchilik, qaroqchilik yuz berganda, o'zini himoya qilish va mudofaa urushi – jihod, qilich jihodi deb aytiladi, ya'ni o'zini himoya qilish, «muqaddas urush» butun jamiyatning, xalqning o'zlarining diniy huquqlarini himoya qilish, o'z Vatanini himoya qilish, qarindoshlarini, oilasini, mulkini himoya qilish huquqi- shaxsiy huquqdir.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayh: “«Jihod» so'zi lug'atda inson tomonidan jamiki imkoniyatni ishga solib harakat qilish ma'nosini anglatadi.Shundan kelib chiqadigan bo'lsak, musulmon odam jihod qilmoqchi bo'lsa, o'zining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo'lida, Uning dini uchun sarflashi kerak bo'ladi. Alohida ta'kidlab aytish lozimki, jihod so'zi lug'atda urush ma'nosini anglatmaydi. Urushni arab tilida boshqa so'zlar bilan ifoda etiladi. Asosan, urush ma'nosini anglatish uchun arab tilida «qitol» so'zi ishlatiladi” Bunga dalil Baqara surasining 216-oyatida: كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِتَالُ وَهُوَ كُرْهٌ لَّكُمْ“Sizga yoqmasa ham, jang qilishingiz farz qilindi.”Arab tilida o'ldirish “qatl” bilan urushish “qitol” so'zi bilan ifodalana-di. Salafi solihlarimiz ushbu oyatni sharhlaganlarida mazkur jihatiga e'ti-bor berganlar. Ya'ni, qitol bir tomonlama bo'lmaydi. Arab tilida “foala” vazni ikki tomonlama harakatni anglatadi.Barcha musulmonlar jihodda buyuk fazl borligini yaxshi biladilar. Alloh subhanahu va taolo Tavba surasida shunday deydi:يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ مَا لَكُمْ إِذَا قِيلَ لَكُمُ انفِرُواْ فِي سَبِيلِ اللّهِ اثَّاقَلْتُمْ إِلَى الأَرْضِ«Ey iymon keltirganlar! Sizga nima bo'ldiki, «Allohning yo'lida qo'zg'aling», deyilsa, erga yopishib oldingiz?!» (38-oyat)Yana Baqara surasida:وَقَاتِلُواْ فِي سَبِيلِ اللّهِ الَّذِينَ يُقَاتِلُونَكُمْ وَلاَ تَعْتَدُواْ إِنَّ اللّهَ لاَ يُحِبِّ الْمُعْتَدِينَ«Sizga urush qilayotganlarga qarshi Allohning yo'lida urush qiling va tajo-vuzkorlik qilmang. Albatta, Alloh tajovuzkorlarni sevmas» deyilgan (190-oyat). Shunga o'xshash boshqa bir qancha oyatlar bor.Imom Shofe'iy va qolgan uch mazhabboshi imomlarimiz, shuningdek, jumhur ulamolarning barchasi jihodning farzi kifoya ekaniga ittifoq qilganlar. Jihod qilish farzi ayn emas. Alloh taoloning Niso surasidagi:وَكُـلاًّ وَعَدَ اللّهُ الْحُسْنَى وَفَضَّلَ اللّهُ الْمُجَاهِدِينَ عَلَى الْقَاعِدِينَ أَجْراً عَظِيماً «Alloh hammalariga yaxshilikni va'da qilgan. Alloh mujohidlarni o'tirib oluvchilardan buyuk ajr ila afzal qilgan...» degan (95-oyat) so'zidan jihodning farzi ayn emasligi kelib chiqadi.Jihod so'zi diniy ma'noda «Alloh xohishini bajarishda bor kuchini sarflash, harakat qilish» ma'nosini aytdik. Bundan kelib chiqib «mujohid» degani –Allohning hukmlarini amalga oshirishda bor imkoniyatdan foydalanib kuchini sarflaydigan kishiga aytiladi. Darsini o'zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilayotgan tolibi ilmni mujtahid talaba deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo'ladi. Shar'iy masalalarni echishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan ulkan olimlarni ham mujtahid deb atalgan. Undoq kishilar shar'iy ilmlarda jihod qilganlar.«Jihod» so'zi islomiy istiloh bo'lib, uni musulmonlardan birortasiga qarshi ishlatish to'g'ri bo'lmaydi. Ulamolarning barchasi jihod qilish uchun ota-onaning izni shart ekaniga ittifoq qilishgan.Buning dalili shuki:عن عبد الله بن عمرو رضي الله عنهما قال : " جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ-صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ-يَسْتَأْذِنُهُ فِي الْجِهَادِ ، فقال : أَحَيٌّ وَالِدَاكَ، قال : نعم ، قال : فَفِيهِمَا فَجَاهِدْ" ( رواه البخاري 4/18 )Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib, u zotdan jihodga chiqishga izn so'ragan. Shunda u zot: «Ota-onang tirikmi?» dedi-lar. U: «Ha», dedi. U zot: «Ikkovlarida jihod qil», dedilar. Demak, har bir musulmon bor imkoniyatini ota-onasining roziligiga qaratishiligi ham mujohidlik hisoblanadi.Islomda jihod ikki turli bo'ladi.Birinchisi katta jihod bo'lib, insonning o'z nafsiga qarshi jihodidir.Katta jihod haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g'azotdan qayta-yotib:عن جَابِرٍ ، وَقَالَ : قَدِمَ النَّبِيُّ عَلَيْهِ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ مِنْ غَزَاةٍ لَهُمْ ، فَقَالَ عَلَيْهِ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ : " قَدِمْتُمْ خَيْرَ مَقْدَمٍ ، وَقَدِمْتُمْ مِنَ الْجِهَادِ الْأَصْغَرِ إِلَى الْجِهَادِ الْأَكْبَرِ " ، قَالُوا : وَمَا الْجِهَادُ الْأَكْبَرُ ؟ ، قَالَ : " مُجَاهَدَةُ الْعَبْدِ هَوَاهُ " . رَوَى الْخَطِيبُ «Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!», deganlar. Agar sizlar bu hadisni zaif yoki mavzu' desangiz, javob shuki, bu ma'noda oyati karima ham bor. Alloh taolo Furqon surasida (52-oyat):فَلَا تُطِعِ الْكَافِرِينَ وَجَاهِدْهُم بِهِ جِهَاداً كَبِيراً«Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u (Qur'on) bilan katta jihod qil!» degan.وجاهدهم به قال ابن عباس بالقرآن – التفسير القرطبيImom Qurtubiy tafsirlarida Ibn Abbos raziyallohu anhu: “Ularga qarshi u bilan katta jihod qil” undan murod Qur'on deganlar. Alloh taoloning «u bi-lan» degan so'zida Qur'oni Karimga ishora bor. Qur'oni Karim qalbdagi barcha dardlarning shifosidir. Bu ma'noni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Sizlarga amalla-ringizning eng yaxshisini, eng pokizasini, Robbingizning nazdida darajangizni eng baland ko'taradiganini aytib beraymi? U sizlar uchun tilla, kumush nafaqa qilishdan yaxshiroqdir, dushmanga borib yo'liqib, ularning bo'yniga urishingiz ular sizning bo'yningizga urishidan ko'ra yaxshiroqdir. Bu – Allohning zikri-dir», degan so'zlari ham ta'kidlaydi. Albatta, katta jihod nafsga qarshi jihod-dir. Uning silohi Allohning zikridir, nafsni poklashdir.Ikkinchisi esa kichik jihod bo'lib, dushmanga qarshi jihoddir. Musulmonga qarshi to'g'ridan-to'g'ri, oshkora tajovuzkorlik paytida o'zini, oilasini himoyasi uchun zolimga qarshilik ko'rsatish farz hisoblanadi. Buning uchun maxsus jihod e'lon qilish va butun dunyoga islom nomidan kurash e'lon qilish shart emas – o'zining shaxsiy hayotini saqlash uchun zolimga qarshi kurashning o'zi Allohning irodasini bajarishdir. Agar himoya qiluvchining niyati xolis bo'lsa u - mujohid, agar halok bo'lsa shahiddir. Bunga Alloh taoloning Baqara surasidagi 194 - oyat dalil:فَمَنِ اعْتَدَى عَلَيْكُمْ فَاعْتَدُواْ عَلَيْهِ بِمِثْلِ مَا اعْتَدَى عَلَيْكُمْ«Bas kim sizlarga tajovuz qilsa sizlar ham ularga tajovuzlari muqobilida tajovuz qiling.»Shubhasiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi musulmonlarga Makka davrida qarshi turgan kuchlar ularni o'z tanlagan e'tiqodlaridan voz kechtirish maqsadida turli ko'rinishdagi azob, zulm va ozor etkazish choralarini ko'rganlar. Musulmonlardan ba'zisini kaltaklab, qiynab, molu mulk va oilasidan ajratishgan, hatto o'ldirishgacha borganligi tarixiy haqiqatdir. Payg'ambarimiz alayhissalom esa, barcha sahobalarni sabr qilishga chorlab, urush qilishdan qaytargan. Qur'on ilmlari bilan shug'ullangan ulamolarning ta'kidlashlaricha, 70 dan ortiq oyati-karimada musulmonlar kofirlarga qarshi jihoddan qaytarilgan. Hatto, himoya uchun ham kofirlarga qarshi jang qilishga ruxsat berilmagan. Qachonki, musulmonlar o'z Vatanlaridan quvilib, dushman tomondan urush ochilgandan so'ng, ularga qarshi jihod qilishga ruxsat berilgan. Bu haqda nozil bo'lgan birinchi ko'rsatma “Haj” surasi 39-oyatidir: أُذِنَ لِلَّذِينَ يُقَاتَلُونَ بِأَنَّهُمْ ظُلِمُوا وَإِنَّ اللَّهَ عَلَى نَصْرِهِمْ لَقَدِيرٌ“Hujumga uchrayotgan (musulmon)larga, mazlum bo'lganligi sababli, (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir”.Demak, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning kofirlarga qarshi qilich bilan bo'lgan kurashi ularni so'z bilan islomga targ'ib qilganidan so'ng islom va musulmonlarni butunlay yo'q qilishga qaratilgan harakatlari oqibatida amalga oshirilgan, ya'ni kofirlar avval musulmonlarga qarshi urush ochgan, musulmonlar esa urush va hujumga uchragan. Islomning dastlabki o'n uch yili davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq sahobalar Makkai Mukarramada yuqorida zikr qilingan qitol-urush ma'nosi bo'lmagan jihodni olib bordilar. O'sha vaqtda Alloh taolo musulmonlarga mushriklarga qarshi kuch ishlatishni man qilgan edi. Shu bilan birga, ulardan etgan azob uqubat va ozorlarga sabr qilishga amr qilgan ham edi.Faqatgina, hijratning ikkinchi sanasida Qur'oni Karim ta'biri bilan aytilganda «O'zlariga qarshi urush ochganlarga ularga zulm qilingani uchun (urushga) izn berildi». Ana shundoq qilib, hijrati nabaviyaning ikkinchi sanasidagina Alloh taolo musulmonlarga o'zlarining himoya qilish uchun qo'llariga qurol olishga izn berdi. Jihod haqidagi oyatlarning barchasini o'rganib chiqqandan so'ng ma'lum bo'ladiki, Islomda jihod hukmi sharoitga qarab o'zgarib turadi.Ikkinchi xil jihodning o'zi ikki qismga bo'linadi: talab va mudofaa.Talab jihodi hozir yo'qligiga ulamolar ijmo' qilishgan. Chunki, hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishganlar va o'zaro aloqalar o'rnatib elchixonalar ochganlar.Mudofaa jihodi dushmanlar musulmon yurtga urush qilib, bostirib kirsalar, himoya uchun bo'ladi. Ba'zi bir holatlar bo'ladiki, unda urush qilish bilan qilmaslik teng bo'lib qoladi. Yana bir holatlarda tinchlik uchun harakat qilish zarur bo'ladi. Bularning hukmini katta ulamolar tomonidan shar'iy manbalarda bayon qilinadi.Jihodning o'ziga yarasha qoidalari bor. Qurol ishlatish bugungi kunda mu-sulmonlarga foyda berish-bermasligini yaxshilab o'ylab ko'rish kerak. Har bir ishni qilishdan oldin musulmonlar ommasiga foyda keltiradimi, yo'qmi, yaxshi-lab o'ylash kerak.Suriyalik mashhur olim Muhammad Sa'id Ramazon Butiy jihod haqida kitob yozib, bugungi kunda jihod chaqirig'i bilan chiqayotganlarning gaplari ham, ishla-ri ham haqiqiy jihoddan yiroq, degan fikrni olg'a surdilar. U kishi siz aytgan internet tarmog'ida jihod va hijrat haqida safsata sotayotganlarni qattiq tanqid qiladilar.Muhammad Sa'id Ramazon Butiy hazratlari kuch ishlatishni «jihod» deb da'vo qiladiganlarga qarshi ta'lif qilgan «Al-Jihod fil Islom» nomli kito-bida quyidagilarni yozadi: «Men bu asrda ba'zi bir doiralar nazdida yangi is-lom tug'ilayotganini mulohaza qilmoqdaman. U, Allohning huzuridan vahiy bo'lib tushmaydi. Lekin ba'zi odamlarning fikrlari va mijozlaridan kelib chiqadi. Uning hukmlari shar'iy dalillar hukmi ila birlashmaydi va ularning hujja-tiga bo'ysunmaydi. U faqat ba'zi shaxs va jamoalarning taassubidan yoki shahvatu havoyi nafsning sultonidan kelib chiqadi.Bugungi kunda islom olami guvoh bo'lib turgan narsa o'sha yangi islom «el-chi»larining tinimsiz harakatlaridan kelib chiqqan narsalardir. Biz uni avval bilmagan edik. Ular o'zlarining islomini hozirgacha biz Allohdan vahiy bo'lib kelgan deb bilgan islomning o'rniga qo'ymoqchilar.Biz bilgan islom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hidoyatlari bayoni, qat'iy shar'iy dalillar, sobit fiqhiy qoidalar, musulmonlarning barcha avlodlari ilmlarining kengligiga va fahmlarining daqiqligiga guvohlik ber-gan salaf ulamolari jumhurining ijtihodlari taqozo qilgan narsalarni lozim tutishdan iboratdir».«Mazkur fikr, uni ixtiro qilganlarning da'vosi bo'yicha, go'yoki, Qur'on, sunnat va salafi solihlarning hukmining fiqhi emish. Ammo, ular bir vaqtning o'zida biror aybi yo'q musulmonlarni kechasi bo'g'izlab ketishni «shariat ruxsat bergan ish» deydilar. Ular Islomiy mahkama zimmalariga biror aybni qo'ymagan muslima qizlarni so'yib tashlashni «shariat ruxsat bergan ish» deydilar. Ular Batna shahridagi shar'iy ilmlar ma'hadi mudirini hech aybi bo'lmasa ham qatl qilib yuborishni «shariat ruxsat bergan ish» deydilar. Ular oddiy yo'lovchilar to'la uchqichni ichidagi beayb insonlar bilan qo'shib portlatib yuborishni ham «shariatda bor ish» deydilar.Har birimiz ko'zlarini yumib olib, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bugun ichimizda yuribdilar», deb xayol qilsin. Ul zot mazkur mijoziy Islomga rozi bo'ladilarmi?! Uni qabul qilib, boshliq bo'lib, unga da'vat qiladilarmi?»Jihodga targ'ib qiluvchilar toifasi o'zlarining g'arazli “jihod”lariga musulmonlarni yo'naltirish maqsadida ularni, ayniqsa, yosh avlodni ilm o'rganish farzidan chalg'itib, omilikni, bilim-saviyani oshirmaslikni targ'ib qilib, ilm o'rganishni qoralaydilar. “Takfir va hijrat jamoasi” deb atalgan jihodchi oqim vakillarining eng asosiy g'oyalaridan biri ham shu. Ular diniy va dunyoviy ilmlarni birga jamlab bo'lmaydi, deb safsata to'qiydilar. Aslida, o'zlari na dunyoviy va na diniy bi-limlarni mukammal olmagan bo'ladilar. Faqat diniy bilimini oshirayotgan to-libi ilmlarni ham qoralayveradilar.Ular bilimsizlikni, ilmiy saviyani oshirmaslikni targ'ib qilishlarining sababi yoshlarni ilmdan chalg'itib, jihodga chaqirishdir, jangu jadalga undashdir. Dunyoviy ilmlarni qoralashlari, taraqqiyotni yomonlashlarining saba-bi esa jihod orqasidan ozod va obod vatanlarni, o'lka va diyorlarni xarobazorga, vayronaga aylantirishlarini oqlash uchundir.Shu erda olim sahobalardan bo'lmish Abu Dardo roziyallohu anhuning mana bu gapini hech qachon unutmasak, anavi ilmsizlarning holini juda yaxshi bilib olgan bo'lamiz:من رأى الغدوّ و الرواح الى العلم ليس بجهاد فقد نقص عقله و رأيه“Kimki erta-yu kech ilmga borib kelishni jihod emas, deb bilsa, haqiqatdan ham uning aqli va fikri noqis ekan!” (Ibn Abdulbarr. Jome' bayon al-ilm va fazlihi. – B. 1/129).Ana endi, ilmni va o'qishni ham tashlab o'zlaricha jihod qilaman, deb musul-monlarni o'ldirib, obod o'lkalarni vayron qilishga ketganlarning va mana shun-ga odamlarni jalb qilayotganlarning aqllarida nuqson, fikru xayollarida fasod borligini bilib olavering!!!

Jo'ybori Kalon O'MITM o'qituvchisi Mavlyanov Jamol

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Mening qo‘limda turgan, Allohning mulki

20.01.2025   1229   3 min.
Mening qo‘limda turgan, Allohning mulki

Ey insonlar! Allohga va Uning Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga iymon keltiringlar hamda U Zot Sizlarni xalifa qilib qo‘ygan narsalardan, ya’ni vaqtincha qo‘llaringizda turgan, erta bir kun sizlar istasangiz-istamasangiz o‘zgalarni qo‘llariga o‘tib ketadigan Alloh bergan mol-davlatdan infoq-ehson qilinglar! Bas, sizlardan iymon keltirgan va infoq-ehson qilgan zotlar uchun katta ajr-mukofot bordir! (Hadid surasi, 7-oyat).

Xalifa deb tarjima qilingan so‘z Qur’onda “mustaxlafiyna” deb keladi. Bu so‘z lug‘atda o‘zini o‘rniga biror kishini o‘rinbosar qilmoq ma’nosida – egasini o‘rniga bir ishni bajaradigan kishiga ishlatiladi. Masalan: Mol-mulk, siz unda mustaxlafsiz, ya’ni u sizni qo‘lingizda omonat, haqiqiy egasi siz emassiz, omonatdor qo‘lsiz xolos! Uni sizga Alloh ko‘rsatgan o‘ringa ishlatishingiz uchungina berilgan!

Bir to‘da tuyasi bor a’robiydan so‘rashdi, bu tuyalar kimniki? A’robiy go‘zal javob berdi: Mening qo‘limda turgan, Allohning mulki! Meni qo‘limda turgan, Allohning mulki! Ya’ni, bu Allohniki! Men uni tasarruf qilishga mas’ulman xolos.

“Mustaxlaf” so‘zini yana ham kengroq tushunsak, mol-mulkda siz mustaxlafsiz. Sihat-salomatlik! Siz unda mustaxlafsiz! Uni o‘zini o‘rnida ishlatishingiz lozim bo‘ladi. Jamiyatda har bir kishini o‘z vazifasi, o‘rni bor. Sizni ham o‘z o‘rningiz, vazifangiz bor. Nochorga yordam berish, kuchsizni himoya qilish ham jamiyat a’zolarini vazifalaridan biri hisoblanadi. Alloh sizga ilm bergan. Siz unda mustaxlafsiz! O‘zini o‘rnida ishlatishga, yaxshi-yomonni eslatishga, halol-haromni bildirishga mas’ulsiz! Allohni oldida javobgarsiz!

Alloh aytadi: “Men yerda Odamni xalifa qilmoqchiman” (Baqara surasi, 30-oyat).

Inson-Alloh uni qo‘liga mol-mulk berib, uni omonatdor qo‘l qilgan Allohni yerdagi xalifasi. Mol-mulk bizniki emas. Aslida bizniki bo‘lmagan narsa qandoq qilib bizniki bo‘lsin. Ya’ni, meni qo‘limdagi mulk meniki emas, uni qo‘lidagi mulk uniki emas, sizni qo‘lingizdagi mulk ham sizniki emas. Biz uni haqiqiy egasi emasmiz. Biz tanovul qilsak tugatamiz, kiysak eskirtamiz va ammo, sadaqa qilganimiznigina o‘zimizga olib qolamiz!

Bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalomga bir qo‘yni hammasini tarqatdim faqatgina qo‘li qoldi xolos dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: Yo‘q unday emas, qo‘lidan boshqa hammasini olib qolibsan, dedilar. Ya’ni, sadaqa qilganing oxiratga zaxira bo‘lib o‘zingda qoladi. Olib qolganing tugab tamom bo‘ladi.

Ey birodarim! "Mustaxlaf" so‘zi juda keng ma’noda tushuniladi. Masalan seni moshinang bor, sen unda mustaxlafsan.

Haqiqatda yordamga muhtojlarni hojatlariga uni ishlatsang uni haqqini ado etgan bo‘lasan. Gunoh, ko‘ngilxushi uchun yoki shunchaki aylanib kelish uchun emas, haqiqatda shunga ehtiyoji bor, chorasiz turgan odamga yordam berishga mas’ulsan! Inson unga berilgan har bir nasibada, iqtidorda, ilmda, hunarda, shijoatda, kuch-quvvatda, g‘ayratda barcha barchasida mustaxlafdir. Mol-mulk ne’mat hisoblanmaydi. Uni qay o‘ringa ishlatilishiga qarab turadi.

Agar Alloh rozi bo‘ladigan-toatga, muhtoj-u nochorlarga xayr-saxovatga, o‘zi mas’ul bo‘lganlarni nafaqalariga ishlatilsagina ne’mat hisoblanadi. Unday bo‘lmasa-gunohu ma’siyatga, kayfu-safoga, foydasiz o‘rinlarga ishlatilsa-balo bo‘ladi, ofat bo‘ladi!

Muhammad Rotib Nobulusiy suhbatlaridan
“Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham YUSUPOV tarjimasi.