Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Noyabr, 2026   |   30 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:05
Peshin
12:12
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:27
Bismillah
10 Noyabr, 2026, 30 Jumadul avval, 1448

10.01.2023   325   1 min.
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Sun’iy intellekt orqali vafot etganlarni gapirtirish

10.11.2026   10775   2 min.
Sun’iy intellekt orqali vafot etganlarni gapirtirish

Savol: Bugungi kunda ba’zilar sun’iy intellektdan foydalanib turli tadbirlarda, hatto to‘ylarda vafot etgan odamlarni gapirtirib video yasashmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Bunday narsalardan chetda bo‘lish kerak bo‘ladi. Chunki bu kabi ishlar ko‘p jihatdan xato sanaladi.

Birinchidan, insonning, ayniqsa, ota-onaning hurmati ularning vafotidan keyin ham davom etadi. Uning suratidan video yasab, gapirtirish ularning hurmatiga ma’lum ma’noda zid hisoblanadi. Chunki ular videodagi gaplarni haqiqatda gapirgani yo‘q. Demak, haqiqatga zid narsa esa yolg‘on bo‘ladi.

Ikkinchidan, bunday ishning xatarli joyi bandalar uchun g‘ayb ishlaridan biri bo‘lgan qabrdagi hayotga oid holatlarga jur’at bilan aralashish bo‘ladi. Bu inson e’tiqodi va iymoni uchun xavfli sanaladi. Chunki ayrim videolarda ota-onalarning “biz yaxshimiz, sizlarni ko‘rib turibmiz, kuzatib turibmiz, sizlardan rozimiz”, degan joylari bor. Ularning qabrdagi ahvoli qanday ekanini SI yoki shu videoni yasayotganlar qayerdan bilmoqdalar?! Balki ular farzandidan juda rozi emasdir?!

Uchinchidan, mazkur texnologiya ba’zi kompaniyalar tomonidan amalga oshirilayotgan bir turdagi o‘yin-kulgidir, ammo kelajakda ko‘z va bosh harakatidan ham o‘tib ketishi, kinoya va masxara qilish, haqiqatlarni soxtalashtirish va buzishda ishlatilishi mumkin. Yangi texnologiya "Deepfakes" (chuqur soxtalar) deb nomlanuvchi turkumga mansub bo‘lib, mutaxassislar tomonidan "nomaqbul texnologiyalar" qatoriga kiritilgan.
 

Qolaversa, asli g‘oyaning zararlaridan biri: suratlarga va o‘tganlarga bog‘lanib qolish hamda g‘am-qayg‘ularni yangilashdir.

Shuningdek, dinimiz ota onani dunyo hayotida roziligini olish, vafotidan keyin solih amallar qilib, ularning ruhlarini shod etishga targ‘ib qiladi. Vafot etganlarning rasm yoki videosini SI yordamida o‘zi xohlaganidek gapirtirgani bilan ular tiriklardan rozi bo‘lib qolmaydi, balki ularning qilayotgan gunohlari tufayli vafot etganlar mahzun bo‘ladilar.

Zero Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyilgan:
“Albatta sizlarning amallaringiz vafot qilgan qarindosh-urug‘laringizga ko‘rsatiladi. U(amal)lar yaxshi bo‘lsa, xursand bo‘ladilar. Agar unday bo‘lmasa: «Alloh, ularni bizni hidoyat qilganingdek hidoyat qilmaguningcha vafot ettirmagin», deyishadi» (Imom Ahmad rivoyati). Vallohu a’lam.


 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi