Ekstremizm - jamiyat uchun an'anaviy bo'lgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid bo'lgan g'oyalarni aldov va zo'rlik bilan targ'ib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi.
Ekstremizm va terrorizm bir-biri bilan bog'liq bo'lgan yagona jarayonning birin-ketin rivojlanadigan bosqichlaridir.
Ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiysi sababi mutaassib fikr va qarashlarning paydo bo'lishidir. Mutaassiblik muayyan g'oyalarning to'g'ri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan ketish, “o'zgalar” va “o'zgacha” qarash va g'oyalarga murosasiz munosabatda bo'lish, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda, ularni tan olmaslikda namoyon bo'ladi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yo'nalishlar orasida keskin nizo va to'qnashuvlar kelib chiqishiga sabab bo'lgan.
Ayni paytda, dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham ekstremistik g'oyalarning tarqalishiga sabab bo'lishi mumkin.
Yuqorida qayd etilganidek, ekstremistik tashkilotlarning aksariyati o'z nomini muqaddas islom dini bilan bog'lashga urinadi. Ular o'zlarini “najot topgan guruh”, qolgan musulmonlarni esa kofir deb hisoblaydilar.
“Islom” so'zining lug'aviy ma'nolaridan biri “tinchlik” bo'lib, u hech qachon buzg'unchilikka, qotillikka undamagan va undamaydi ham. Zamonaviy terrorchilar esa buzg'unchilik va qotillik, odamlarni dahshatga solishni o'zlarining maslaklariga aylantirib olganlar.
Qur'oni karimda begunoh odamlarning joniga qasd qilish qoralanadi. Jumladan, “Niso” surasining 93-oyatida bunday marhamat qilinadi: “Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay”.
Hadislarda ham bu borada ko'plab xabarlar kelgan. Jumladan, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning nazdida bir musulmon kishining nohaq qatl etilishidan ko'ra, yorug' dunyoning barbod bo'lib ketishi engilroqdir”, dedilar”.
Uychi tuman bosh imom-xatibi
Olimxon Isakov
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati