Kufa fiqh maktabiga Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) asos solgan bo'lsalar, uning taraqqiy etishida shogirdlari Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniyning (rahmatullohi alayh) hissasi katta. Olimning to'liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Hasan bo'lib, “Shayboniy” unga berilgan nisbadir. Otasi asli Damashq yaqinidagi G'uta qishlog'idan bo'lgan. Imom Muhammad Iroqdagi Vosit qishlog'ida 749 (123 h.) yili tug'ilib, Kufa va Bog'dod shaharlarida voyaga etgan. O'n sakkiz yoshgacha ustozi Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) huzurlarida ta'lim olgan.
Abdulkarim Zaydon Shayboniy: “Abu Hanifa fiqh yo'nalishida asar bitmadi, uning so'zlari bizgacha Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasanlar (rahimahumalloh) orqali etib keldi”, deb yozadi. Haqiqatda, Abu Hanifa (rahimahulloh) maktabining uslubi ijtihod ruhini tarbiyalaydigan, o'quvchilarda erkin fikrni shakllantiradigan halqa bo'lgan.
Shuningdek, bo'lg'usi olimga Misvor ibn Kidom, Molik ibn Mig'vol, Umar ibn Zar Hamadoniy, Sufyon Savriy, Abdurahmon Avzo'iy (rahmatullohi alayhim) ustozlik qilishgan. Madinada Imom Molikdan (rahimahulloh) uch yil tahsil olib, so'ngra Bog'dodga qaytib, faoliyatini davom ettirgan. Imom Shofi'iy (rahimahulloh) bilan ko'p masalalarda munozara qilishgan. U zot Imom Muhammadni ustozim deb hurmat bilan tilga olgan.
Imom Muhammadning barcha kitoblari bizgacha etib kelgan. Dasuqiy aytishicha, u fiqhni ilmiy uslubda kitob shakliga keltirgan birinchi olim edi. Olimlar Imom Muhammad asarlarini ikki guruhga bo'lishadi: birinchi guruhga “Mabsut”, “Ziyodot”, “Jomei kabir”, “Jomei sag'ir”, “Siyari kabir”, “Siyari sag'ir” kitoblari kiritilib, ularning hammasi “Zohir rivoya” deb nomlangan. Kitoblarning bunday atalishi ularda keltirilgan dalillarni ishonchli kishilar rivoyat qilishgani tufaylidir. Ikkinchi turga “Kayniyot”, “Horuniyot”, “Jurjoniyot”, “Ruqiyot” va “Kitobi ziyodot”lar kiradi. Ular «G'ayri “Zohir rivoya” kitoblari» deb nomlangan.
Mazkur asarlar yillar davomida mazhab faqihlari uchun ishonchli manba bo'lib kelgan. Imom Abu Fazl ibn Muhammad Marvaziy “Zohir rivoya” kitoblariga “Kufiy” deb nom berganlar.
Olimlardan Abu Sulaymon Juzjoniy, Abu Hafs Buxoriy, Muso ibn Nosir Roziy, Muhammad ibn Simo', Muallo ibn Mansur, Ibrohim ibn Rustam, Hishom ibn Ubaydulloh, Iso ibn Ibon, Muhammad ibn Muqotil, Shaddod ibn Hukaym va boshqalar Imom Muhammadning shogirdlaridir. U zot ilmga rag'bati kuchli bo'lganidan ba'zan uy ahliga ham: “Mendan kundalik ehtiyojingizni so'rab, fikrimni chalg'itmanglar, hojatingiz bo'lsa, vakilim orqali hal qilinglar”, der ekan. Imom Shofi'iy (rahmatullohi alayh): “Ixtilofli masalalarda Muhammad ibn Hasandan boshqa qoniqtirib javob beradiganini uchratmadim, halol va harom, nosix va mansux masalalarida undan bilimdonrog'ini ko'rmadim”, deb yozadi.
Sufiyev Ja'farxon
To'raqo'rg'on tumani
"Isxoqxon to'ra" jome masjidi
imom noibi
"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.
Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.
Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.
Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.
Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.
Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati