O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Namangan viloyati Uchqo'rg'on tumani "Nurmuhammad Buva" jome masjidi imom-noibi Fazliddin domla Kamolovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O'z mag'firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o'zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Oxirat safariga kuzatilgan onaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo'lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o'stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Fazliddin domlaga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati