Hofiz Ibn Hajar al-Asqaloniy (773-852)
To'liq ismi Ibn Hajar al-Asqaloniy – Abu Fazl Ahmad ibn Ali ibn Muhammad al-Kinoniy ash-Shofe'iydir. Hadis ilmining etuk olimi, oqil murabbiy, adolatli qozi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qiluvchilardan bo'lgan. U hijriy 773 yil sha'bon oyida Misrda tavallud topgan.
Uning bolalik davri tug'ilib o'sgan erda Qur'oni karimni, “Havi” va Ibn al-Hojibning “Muxtasar” va boshqa shu kabi aqidaviy asarlarni to'liq yod olish bilan o'tdi. Keyinroq vasiylardan birining qaramog'ida Makkaga yo'l oldi, u erda taniqli Islom olimlaridan dars oldi.
Ko'p o'tmay Alloh Ahmadning ko'ngliga hadislarga muhabbat soldi, shunda u bor kuchini hadis ilmiga, izlanishga sarfladi. Bu yo'lda u Hijozga, Shomga va Misrga bordi. Uning hayotida az-Zayn al-Iroqiyning oldida o'tkazgan 10 yil muhim ahamiyat kasb etgan.
Unga Bulqiniy rahmatullohi alayh, Ibn Mulaqqin va boshqa ko'pgina imomlar ustozlik qilishgan. U Qur'on va hadisdan Al-I'zz ibn Jama'adan, arab tilidan Al-Amaridan, til stilistikasidan al-Majid al-Feyruzobodiydan, adabiyot va she'riyatdan esa al-Badr al-Mushtakidan dars olgan.
Mashaqqatli ilm olish va izlanishlardan so'ng Ibn Hajarning ilmini tan olishdi va unga Qur'on, hadisdan dars berishga hamda kitob yozib hattoki fatvo chiqarishga ruxsat berishdi.
Ibn Hajar Qur'on tafsiri, fiqh, notiqlik san'ati kabi yo'nalishlarda ber nechta madrasada dars bergan. U o'qitgan o'quvchilar ichidan ko'pgina taniqli Islom olimlari chiqqan. U “Al-Azhar”da ma'ruza o'qir, Amr ibn al-Oss jome masjidida voizxonlik qilar edi.
Ibn Hajar 21 yildan ortiq muddat fiqh bilan shug'ullangan. Dastlab Misrda qozilik qildi, keynchalik esa Shomda. Uzoq yillar davomida u oliy (yuqori) qozi lavozimidan bosh tortdi, ammo hijriy 827 yilning 12 muharramida bu lavozimni qabul qilishiga to'g'ri keldi. Bir muncha vaqt o'tgach u iste'foga chiqqan bo'lsa-da, bu lavozimda yana 7 marotaba qaytishga to'g'ri kelgan.
Ibn Hajar Islom ilmining barcha jabhasi bo'yicha 150dan ziyod asar yozgan. Uning barcha mehnatlari u vafot etishidan avval tan olingan, baholangan va mashhurlikka erishgan.
Ibn Hajarning eng mashhur asari “Fath al-Boriy sharh Sahih al-Buxoriy”dir. Bu mashhur muhaddis Imom Buxoriyning “Al-Jome' as-sahih” asariga yozilgan sharh sanaladi. Ibn Hajar hijriy 813 yili bu kitobning muqaddimasini yozgan. Oradan 4 yil vaqt o'tganidan so'ng kitob ustida ish boshlagan va hijriy 842 yil rajab oyida yozib tugatgan.
Ibn Hajar zamondoshlari uni nafaqat Islom olamining buyuk olimi sifatida, balki ajoyib inson, vafodor do'st, sabr va kamtarlikda tengi yo'qligi, mulohazaliligi, dunyo hayotidan uzilganligi va qanoatliligi, fidokorligi va sahiyligi kabi xislatlarini eslashar edi.
U jazirama issiq kunlarda ro'za tutar, tunlari esa ibodatda qoyim bo'lardi. Hazillashishni va qiziq voqealarni tinglashni yaxshi ko'rardi. O'zining yoqimli va qiziq suhbatiga barchani jalb eta olardi, xoh u qari dindor yoki yosh talaba bo'lsin. U bir muloqot qilsak inson har safar uning ajoyib ahloqi va odob egasi ekaniga shohid bo'lgan.
Buyuk Islom olimi ibn Hajar al-Asqaloniy hijriy 852 yil 18 zulhijja oyi, shanba kuni hufton namozidan so'ng bu dunyoni tark etgan.
Muftiy Ibrohim Desai rahimahullohning "Hadis ilmiga kirish" kitobidan olindi.
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati