Birinchisi nafllarga qattiq kirishib, xotin va bolalarni, qo'shnilar haqqiga beparvo bo'lish. Bir vaqtlar yurtimizda so'fiylikni da'vo qilib ba'zi kishilar chiqqan edilar. Pirning huzurida uch mahal qozon qaynagani uchun xonaqosiga yotib olib nafl ibodatlarni qilishar, oilalari esa bu yoqdi yo'qchilikdan qiylanishar edi. Mana shu dinda g'uluga ketish bo'ladi.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ ثَلَاثَةُ رَهْطٍ إِلَى بُيُوتِ أَزْوَاجِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَسْأَلُونَ عَنْ عِبَادَةِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، فَلَمَّا أُخْبِرُوا كَأَنَّهُمْ تَقَالُّوهَا، فَقَالُوا: وَأَيْنَ نَحْنُ مِنَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، قَدْ غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ وَمَا تَأَخَّرَ، فَقَالَ أَحَدُهُمْ: أَمَّا أَنَا فَإِنِّي أُصَلِّي اللَّيْلَ أَبَدًا، وَقَالَ آخَرُ: أَنَا أَصُومُ الدَّهْرَ وَلَا أُفْطِرُ، وَقَالَ آخَرُ: أَنَا أَعْتَزِلُ النِّسَاءَ فَلَا أَتَزَوَّجُ أَبَدًا، فَجَاءَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَيْهِمْ، فَقَالَ: أَنْتُمُ الَّذِينَ قُلْتُمْ كَذَا وَكَذَا، أَمَا وَاللهِ إِنِّي لَأَخْشَاكُمْ ِللهِ وَأَتْقَاكُمْ لَهُ، لَكِنِّي أَصُومُ وَأُفْطِرُ، وَأُصَلِّي وَأَرْقُدُ، وَأَتَزَوَّجُ النِّسَاءَ، فَمَنْ رَغِبَ عَنْ سُنَّتِي فَلَيْسَ مِنِّي. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Uch kishilik guruh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalarining uylariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida so'rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganida xuddi u(ibodat)ni oz sanaganday bo'ldilar. Shunda ular:
«Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u zotning o'tganu qolgan gunohlari mag'firat qilingan», dedilar.
Ulardan biri:
«Men abadul abad tunlarni namoz o'qish bilan o'tkazaman», dedi. Boshqasi esa:
«Men umrbod ro'za tutaman, og'zim ochiq yurmayman», dedi. Yana boshqa biri:
«Men ayollardan chetda bo'laman, abadul abad uylanmayman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldilariga kelib:
«Shunday, shunday, deganlar sizlarmi?! Ammo Allohga qasamki, men Allohdan eng qo'rquvchirog'ingizman va Unga eng taqvodoringizman. Lekin ro'za ham tutaman, og'zim ochiq ham bo'ladi. Namoz ham o'qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o'girsa, mendan emas», dedilar».
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan).
Ikkinchisi. Qayerga borsa dinda yo'q yoki mustahab bo'lgan amalni odamlarga farz yoki vojib darajasiga chiqartirib uni qilishga targ'ib qiladi. Masalan imom namozni tugatganidan keyin xohlagan tomoni bilan xalqqa yuzlanishi mumkin. G'uluvga ketganlar esa faqat o'ng tomoning bilan burilishingi shart deb turib olishadi. Alloh taolo musofirga namozni ikki rak'at qilib o'qishga ruxsat bersa, o'zini taqvodor qilib to'liq o'qishga harakat qiladi. Holbuki Alloh taolo bandalariga farz qilgan amallarni qilganlarni yaxshi ko'rganidek, bergan ruxsatlarga amal qilganlarni ham yaxshi ko'radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musofirga qisqartirib o'qishni Allohning sadaqasi deganlar. Unday taqvoni da'vo qiluvchilar esa xuddi Alloh taologa “sadaqang kerak emas” degandek muomala qiladilar.
Uchinchisi. Vasvasaga tushib qolgan kishilar. Ular o'zlaricha shubhalardan taqvo qilamiz deb vasvasaga duchor bo'ladilar. Alloh taolo “Aniq narsa shak bilan yo'qqa chiqmaydi” degan bir qoidani aytib qo'ygan. Masalan tahorati bor odam “tahoratim yo'qmikin” deb ikkilanishi bilan tahorat ketmaydi. Bunday kishilarga shayton boshliq bo'lib olib, ularni xohlagan kuyiga soladi. Rashid Gango'hiy rahmatullohi alayh bir bor tahorat qilib turganimdan keyin falon joyimga suv tegmay qoldi shekilli degan xayol keldi. Qalbni hotirjam qilish uchun o'sha joyni yuvdim. Endi ketmoqchi bo'lgandim falon joyga ham tegmay qoldimikin degan xayol keldi. U erni ham yuvdim. Qarasam yana xayol keldi, shunda bu shaytonning vasvasasi ekanligini tushundim va shaytonga qarata “seningcha tahoratim yo'q bo'lsa menimcha bor. Sen aytgandek tahoratsiz bo'lsam ham o'qiyveraman” deb unga parvo qilmay qo'ydim. Agar yana bir bor uni aytganiga kirganimda edi umr bo'yi vasvasadan qutilolmay qolardim – deganlar.
To'rtinchisi. Har bir narsani tagiga etaman deyish ham g'uluvdir. Ba'zi bir kishlar mahallaning biror kishisi izdihomga chaqirsa go'shti pokmikin deb tagiga etishga harakat qiladi. Musulmon mahalla, musulmon kishi bo'lganidan keyin yaxshi gumonga borib, taomini eyaverish kerak. Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh kim izdihomga aytsa borib taomini eyaverar, taomni qayerdan topganini tagiga etishga harakat qilmasdilar. Albatta xalq ichida kasbi sudxo'r, poraxo'r, haromdan pul topuvchiligi oshkor bo'lsa izdihomiga borib pandu-nasihat qilar, haqni tushuntirib, taomidan emas edilar.
Bir kun Umar ibn Hattob va Amr ibn Os roziyallohu anhumolar cho'lda ketayotib bir xovuzga yo'liqdilar. Amr ibn Os hovuz bo'yida o'tirgan kishiga qarab “Ey hovuz egasi hovuzinga yirtqichlar ham keladimi” deb so'radilar. Go'yoki vaxshiy hayvonlarni so'lagi najosat, ular tumshug'ini tiqib suv ichishgan bo'lsa suv najosat bo'ladi degandiyek. U kishi javob bermasidan turib Umar roziyallohu anhu “Ey hovuz egasi bizga buni aytmay qo'yaver” dedilar. Buni shariat hovuzdan suv ichish va tahorat qilishga ruxsat berganidan keyin yirtqich kelgan, so'lagi suvga tushganini surishtirishga hojat yo'q – deganidek.
Albatta xalq ovro'padagidek jonvorlarni “Bismilloh”ni aytmasdan so'yishga odatlangan bo'lsa, ularni halol yo'l bilan so'yilganini tahqiq qilib olish vojib. Asli muboh bo'lgan sabzavot va mevalarni esa Alloh pok qilib qo'ygan unga aniq dalil bilan kimdir najosat aralashtirmagani bilinmagunicha eyishga ruxsat.
Beshinchisi. Ijtihodli masalalarda chuqur ketmaslik kerak. Ba'zi bir shunday masalalar borki farz, vojib, harom bo'ladi. Farzni tark qilgan va haromga qo'l urganlarni inkor qilish kerak. Ammo ba'zi masalalar borki ba'zi fuqaholar joiz desa ba'zilar nojoiz deyishgan. Biri bir hadisni ushlab sunnat desa boshqasi boshqa hadisni ushlab sunnat emas degan. Bir faqihni qavlini olgan kishi boshqa faqihni qavlini olgan kishini boshiga urmaslik kerak. Masalan hanafiylarda dengiz jonvorlaridan boshqasi halol emas. Shofe'iylarda esa dengiz to'ng'izi ham halol. Hanafiy mazhabini ushlagan kishi shofe'iy mazhabida bo'lib dengiz hayvonlaridan baliqdan boshqa birortasini eyayotgan bo'lsa sen haromxo'rsan deb uni boshiga urmaslik kerak. Albatta hanafiyman deb da'vo qilib dengiz toshbaqasini eyayotgan kishiga mazhabimizda joiz emas deb aytishi kerak.
Oltinchisi. Qaytarish ham amallarda darajasiga ko'ra bo'lishi kerak. harom ishni qilayotganni qaytirish darajasi boshqa, makruh tahrimiyning qilayotganning darajasi boshqa, makruh tanzihiyning qilayotganning darajasi boshqa, afzalni qilayotganning darajasi boshqa bo'lishi kerak. bir odam do'ppisiz namoz o'qishi joiz. ammo odatda do'ppi kiyib yurib namozga kelganda do'ppisiz bo'lishi makruhi tanzihiydir. Do'ppisiz namoz o'qiyotgan kishiga maruhi tahrimiyni yoki haromni qilgan kishiga beradigan jazoni berish, qattiq so'zni aytish va unga qo'pollik qilish bu dinda g'uluvga ketish hisoblanadi. Bizdagi janjal-to'polonlarning asl sababi ham amallarni va unga bildiriladiganlarni raddiyalarning darajasini bilmasligimizdadir. Qancha-qancha domlalikni da'vo qiluvchilar ixtiloflarni ilmiy tarzda hal qilish o'rniga amal qiluvchilarni amallarini makruhi tahrimiyga chiqarish bilan hal qilmoqchi bo'ldilar. Ularga tobe' bo'lganlar esa u amallarni harom darajasiga etkazishdi. Natijada bir-birini fosiqqa yanada dindan bexabarlari kofirga chiqarishgacha etib borishdi. Hali xanuz chap qo'lida choynakni ushlab choy quygan kishi xalqimiz orasida piyolaga tuflab choy uzatgandek qattiq olinadi. Holbuki tahorat qilayotgan kishi ham chap qo'lida obdasta ushlab o'ng qo'lida og'ziga suv oladi. Qolaversa chap qo'ldan foydalanish shariatimizda qaytarilgan emas. Mo'min kishining takalluflar qilishga hojati ham yo'q. xuddi shuningdek ba'zi bir kishilar din ilmini o'qisalarda dinni to'g'ri fahmlay olmaganlar mustahab, sunnat amallarini xalqqa vojib va farz darajasida deb tushuntiradilar. Namoz o'qimaydi, zinoni qiladi, porani oladi, etimni haqqini eydi, mo'minlar qalbiga ozor beradi, to'yda qilinadigan yoki o'limdan keyin qilinadigan dinimizda bo'lmagan amallarni “qilmasa bo'lmaydi” deb farz darajasiga ko'taradi. Qilmaganlarni malomatlaydi, hatto shu ishlarni deb farzandlarini oq qilganlar qancha. Erlarini kafangado qilgan ayollar qancha?
Dinni to'g'ri fahmlash din olimlari ilmiga amal qiluvchi mashoyixlar suhbatidan o'rganiladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV