Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Hizbut-tahrirning xayoliy “xalifaligi” – Islomga hiyonatdir!

29.12.2022   2629   6 min.
Hizbut-tahrirning xayoliy “xalifaligi” – Islomga hiyonatdir!

Zamonamiz xavorijlari bo'lmish hizbut-tahrir a'zolari go'yo: “Alloh taolo inson-u jinlarni faqat xalifalikni tiklash uchun yaratgan!”, “Alloh taolo xilofat qilmaganni kechirmaydi. Undan boshqa barcha gunohlarni xohlasa, kechiradi”, deb o'z a'zolarining miyalarini zaharlab, butun olamga safsata sotib keladilar. O'zlarining istagan xalifaliklarini tiklash yo'lida esa har qanday razilliklardan, har qanday gunoh-ma'siyatlardan, shariat hukmidan tashqari ishlarni qilishdan, qonxo'rlik va qotilliklardan, terror va vayronkorliklardan ham toyishmaydi.

HH asrning saksoninchi yillariga kelib, hizbut-tahrir tashkiloti o'zlarining oldiga qo'ygan maqsadlariga eta olmayotganlari sababli, odamlarni o'n yil ichida, ellik yilda xalifalikni tiklaymiz, degan orzulari amalga oshmayotgani sababli shialar bilan hamkorlik qilishga o'tadi. Aniqrog'i, hizb a'zolaridan bir guruhi shialar rahnamosi al-Humayniy oldiga borib, unga bay'at qilishni, uni ba'zi bir shartlarini qabul qilsa, “Musulmonlar xalifasi” deb e'lon qilishni va'da berishadi. Al-Humayniyga xalifalikni taklif qilib, maktub yo'llaydilar. Bir necha maktublariga qoniqarli javob ololmaganlari sababli “Eroniy dasturning tanqidi” nomi bilan raddiya e'lon qiladilar. Buni hizbut-tahrirning asosiy majallasi “al-Va'y”ning 1989/8/4 18-sonida bilish mumkin. Bu yillarda chiqqan “al-Va'y”ning bir qancha sonlarida al-Humayniyning “Islomiy hukumat” nomli asarini maqtalganini ko'rish mumkin. Holbuki, mazkur asarning 52-sahifasida: “Imomlar (xalifalar) muqarrab farishtalardan ham, mursal payg'ambarlardan ham afzal!”, deyilgan.

Islomning taniqli ulamosi Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh “al-E'lom bi-qavote' al-islom” asarida imomlarni payg'ambarlardan afzal, deyishning kufr ekanligini qayd qilganlar. Hizb esa ushbu kufr va shirk gapga e'tibor qilmaydi. Uning butun fikr-zikri har qanday yo'l bilan bo'lsa-da davlat tuzumlarini ag'darib, o'zlarining xayoliy davlatlarini tuzishdir. Ahli sunnat va jamoatdan tashqaridagiligi aniq bo'lgan, sahobalarni so'kishlari bilan tanilgan shialarning rahnamosini hizbut-tahrir a'zolari o'zlarining xalifasi qilib olishga qasd qilgan edilar.

Hazrati Umar roziyallohu anhu jihodga yuzlangan lashkarni gunoh ishlarni qilishdan, nohaq tinch aholini o'ldirishdan qattiq qaytarganlar. Jumladan, u zot o'z lashkarboshisiga yozgan maktublarida: “Senga va lashkardagi odamlarga hamma vaqt Alloh taolodan qo'rqishni tavsiya qilaman. Chunki, taqvo dushmanga nisbatan eng afzal quroldir. Senga va sen bilan birga bo'lganlarga buyuraman: ko'p gunoh qilishdan saqlaning. Zotan, askarning gunohi dushmandan ko'ra qo'rqinchliroqdir!”, degan edilar.

Hizbut-tahrirning g'oyasi faqat xalifalikni qo'lga kiritish, er yuzini o'zlarining mulki va davlati qilib olish ekan, Alloh taoloning bir hukmini unutib qo'yadilar. Alloh taolo erni o'zi istagan odamga mulk qilib beradi. Oqibat esa taqvodorlarnikidir. Alloh subhonahu va taolo: “Yer Allohnikidir! Uni (O'zi) xohlagan bandalariga meros qilib berur. Oqibat (yaxshiliklari) esa taqvodorlarga (tegishli)dir!”, degan (A'rof surasi, 128-oyat).

Hizb esa xalifalikni tiklash yo'lida Allohning bu hukmidan ham, shariat aqidalaridan ham ko'z yumadi.

Hizbning shialarni o'zlarining xalifasi, deb ko'rishdan ham tap tortmaganini aytgandik. Vaholonki, ular kofirdan ham yordam so'rab, uni xalifa qilib ko'tarishdan ham toyishmaydi.

Hozirgi kunda hizbut-tahrirning bosh qarorgohi Angliyada – Londonda ekanidan ham buni bilish mumkin. Vaholanki, hizbut-tahrir deyarli barcha arab davlatlarida, jumladan, Saudiya Arabistonida ekstremistik tashkilot deb topilib, faoliyati ta'qiqlangan. Shuningdek, u Pokiston, Rossiya, Qozog'iston, O'zbekiston, Tojikiston va boshqa ko'plab davlatlarda ham ta'qiqlangan.

Eng qizig'i, xizbut-tahrir uchun Germaniyadan tashqari butun Yevropada bunday ta'qiq yo'q. Yuqorida aytilganidek, hizbut-tahrirning asosiy markaziy qarorgohi Londonda ekanligi, Ato Abu Rashta ismli hizbning «xalifasi» Yevropada (Gollandiya yoki Daniyada) qo'nim topganligi ham ko'p narsani anglatadi.

Hizbdagilar, ularning rahnamolari muqim yashaydigan kofir davlatlar hech qachon haqiqiy xalifalik tiklanishiga yordam bermasligini nahot bilmasalar?! Kofir kishi dinga dushman sifatida hech qachon haqqoniy xalifalik o'rnatilishiga aslo yordam bermasligi kundek ravshan-ku!

Hizbut-tahrirning muassisi Nabahoniy esa “Islomiy shaxsiyat” kitobining 2-jildi 154-sahifasida bunday yozib qoldirgan: “Yolg'iz o'zlari bo'lsalar, kofirlardan yordam so'rash joiz bo'ladi. Shu shart bilanki, ular ham islomiy bayroq ostida bo'lishlari kerak. Nazarlari dushmanlik bo'lsa-da, zimmiy (islom yurtida yashayotgan g'ayridin) bo'lishi yoki zimmiy bo'lmasligi (o'zlarining kofir yurtida yashayotgan bo'lishi)ning farqi yo'q. Ularning islomiy davlatning aholisi bo'lishining ham, bo'lmasligining ham farqi yo'q”.

Hizbut-tahrir 1970/6/5 sonli savol-javob byulletenida islomiy parlament a'zolari kofir bo'lishini ham, hatto parlament raisining ham, islomiy davlatdagi islom lashkarining qo'mondoni ham kofir bo'lishini joiz deydi. Hizbut-tahrir chiqargan “ad-Davsa”ning 62-betida: “Jihod qanday e'tiqod va dinda bo'lishidan qat'iy nazar har qanday hokimning bayrog'i ostida vojibdir!”, deyiladi.

Ular jihodni xoh islomiy va xoh kufriy hukm bilan amalga oshirishni yoqlaydilar. Hatto, ularning fikricha, kofir davlatga xizmat qilib bo'lsa ham, musulmon davlati kofir davlatiga jizya – soliq to'lab tursa ham mayli. Hizbchilarning “Islomiy olamga alangali nido!” kitobining 109-sahifasida xuddi ushbu ma'nolarni o'qish mumkin. Demak, hizbning g'oyasiga ko'ra xalifalik e'lon qilingan o'zlarining davlati kofirlarga qaram va mustamlaka bo'lishi mumkin ekan. U holda, ularning butun dunyoni islomobod qilish to'g'risidagi balandparvoz g'oyalari qayerda qoladi?!

Demak, yuqoridagi ma'lumotlardan ma'lum bo'ladiki, hizbut-tahrir o'zlarining xalifalik g'oyalarini yoyishda umummusulmonlar ommasini aldab keladilar. Aslida musulmon yurtlarining musulmon davlat rahbarlari va hukumatini kofirga chiqarish bilan birga o'zlari haqiqiy kofirlardan panoh oladilar. O'zlarining bo'lajak xalifalarini kofir bo'lishiga ham rozi bo'laveradilar. O'zlarining tuzgan xalifalik davlatining haqiqiy kofirlarga xizmatchi, soliq to'lovchi, qaram, aniqrog'i, mustamlaka bo'lishiga ham rozidirlar.

Biz esa ozod yurt va obod vatanimizni aslo haqiqiy kofirlar davlatiga qaram bo'lishiga ham, mustamlaka bo'lishiga ham aslo rozi bo'la olmaymiz! Shu jihatdan olib qaraganimizda, hizbut-tahrir g'oyalarini shariatga to'g'ri kelmaydigan, noislomiy, xiyonatkor bir g'oya ekanini ayta olamiz.

 

Manba

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   15785   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari