Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Birorta mazhabga bog'liq bo'lmasdan amal qilishning hukmi

28.12.2023   631   15 min.
Birorta mazhabga bog'liq bo'lmasdan amal qilishning hukmi

Savol. Bilimi yo'q bir kimsa imomlardan birortasiga taqlid qilishni o'ziga lozim tutmaydi. Balki o'z e'tiqodicha, har bir olimni muqtado va peshvo deb biladi. U o'z davridagi taqvodor va dindor olimning aytganiga qarab amal qiladi. Bu xilda birorta mazhabga bog'liq bo'lmasdan, birortasiga taqlid qilmasdan amal qilishning hukmi nima?  

Unga javob. Qadimgi va hozirgi ulamolar muayyan mazhabga bog'liq bo'lishning lozimligi borasida ixtilof qilib keladilar. Ayrim olimlar muayyan mazhabga taqlid qilishni vojibligini aytganlar. Alloma Mahalliy Shofi'iy «Jam' al-javome'» sharhida yozganlar:

يجب على العامى و غيره ممن لم يبلغ مرتبة الاجتهاد التزام مذهب معين من مذاهب المجتهدين يعتقده ارجح من غيره او مساويا له و ان كان فى نفس الامر مرجوحا على المختار، انتهى

«Omiga va ijtihod martabasiga etmagan boshqaga mujtahidlarning mazhablaridan o'zicha boshqasidan ko'ra ustunroq yoki teng deb e'tiqod qilgan birorta muayyan mazhabni lozim tutishi vojib bo'ladi. Garchi amalda o'sha mazhab ustun bo'lmasa ham mayli. Ixtiyor qilingan gap mana shudir». Tamom.

Imomi humom Kamoliddin ibn al-Humom «Tahrir al-usul» asarida bunday degan:

نقل الامام الاجماع على منع تقليد العوام لاعيان الصحابة و من بعدهم الذين وضعوا و دونوا على هذا ما ذكره بعض المتأخرين من منع تقليد غير الايمة الاربعة لانضباط مذاهبهم و تقييد مسائلهم و لم يدر مثلهم غيرهم الى الآن، انتهى

«Imom (muallif) avomlarning taniqli sahobalar va ulardan keyingi ilmlarni ajratib, tartib berib chiqqanlarga ergashishdan man qilinganligi to'g'risida ijmo'ni naql qilgan. Ayrim keyingi davr ulamolari to'rt imomdan boshqasiga taqlid qilishni man qilganlari zikr qilingan. Bu ularning mazhab tuzishlari, masalalarni qayd qilishlari kabilar hozirgacha birorta boshqa mazhablarda sodir bo'lmaganligi uchundir». Tamom.

Ayrim ulamolarning ixtiyor qilgani esa muayyan mazhabga taqlid qilish zarur emas. Har kimga o'zi xohlagan mazhabiga amal qilishi ixtiyorlidir. Biroq, shart shuki, biror mazhabni past sanamasin, o'zi amal qilayotgan mazhabga taassub qilmasin. Agar to'rt mazhabdan birortasiga taassub qilsa yoki haqorat qilsa, unga ta'zir berish vojibdir. Zulmanosib Shayx Ibn Hojib «Muxtasar al-Usul»da bunday deb keltiradi:

و لا يرجع عن قول المجتهد بعد تقليده اتفاقا و فى حكم آخر المختار جوازه لنا القطع لوقوعه و لم ينكر فلو التزم مذهبا معينا كمذهب مالك او الشافعى فثالثهما كالاول، انتهى

«Mujtahidga taqlid qilganidan so'ng ulamolar ittifog'iga ko'ra uning gapidan qaytib bo'lmaydi. Boshqa hukmga ko'ra uning joizligi ixtiyor qilingan. Bizningcha, bunday voqeaning yuz berishi qat'iydir, buni hech kim inkor qilmagan. Agar birorta muayyan mazhabni, masalan Molik yoki Shofi'iy mazhabi kabini o'ziga lozim tutsa, uchinchi mazhab avvalgisi kabi bo'ladi». Tamom.

Din imomlarining suyanchig'i Qozi Azud al-milla va-d-din mazkur asarning sharhida yozadi:

«Agar omi bir masalaning hukmida biror mujtahidning gapiga amal qilsa, undan boshqa hukmga qaytishi to'g'ri emas. Bunga ulamolar ittifoq qilganlar. Ammo boshqa bir masalaning hukmida boshqa mazhab hukmiga taqlid qilishi joiz bo'ladi, deyilgan. Sahobalar va boshqalar davrida bunday voqea yuz bergani uchun buning joizligi ixtiyor qilingan. Chunki, odamlar har bir asrda o'zlari xohlagan muftiylaridan fatvo so'rab kelganlar. Bir muayyan muftiyni hammasi lozim tutmaganlar. Bu holat keng tarqab, avloddan avlodga o'tib kelmoqda.

Agar bir muayyan mazhabni lozim tutsa yoki agar uni lozim tutmasa, bu borada uch xil qarash bor. Qat'iy birovini lozim tutish, lozim tutmaslik va keyingisi xuddi o'zi lozim tutmagan birinchisi kabidir, degan fikrlar. Agar biror voqea yuz bersa, bu borada bir mazhabning hukmiga ergashsa, undan qaytib bo'lmaydi. Boshqa masalalarda esa xohlaganiga ergashishi mumkin». Tamom.

«Musallam as-subut»da va uning sharhida Valiyulloh Laknaviy bunday deb yozganlar:

«Ko'pchilik olimlar fikricha, ilmda afzal turganida afzal bo'lmaganga taqlid qilish joiz bo'ladi. Bu fikrni aksari hanbaliylar yoqlaganlar. Uni Ibn al-Hojib ixtiyor qilgan, muallif ham ularga ergashgan. Imom Ahmaddan hikoya qilinishicha, ustun fikrga nazar solish vojib bo'ladi, degan. Bu imomiylar mazhabining ham ixtiyor qilganidir. Muqallid o'zi taqlid qilmayotgan mazhabiga taqlid qila oladimi? Amal qilmayotgan masalasida yoki ixtiyor qilgan hukmidan boshqasida taqlid qila oladi. Agar fatvo so'raganining fatvosiga qanoatlanadigan bo'lsa. Sahobalar davrining barchasida fatvo so'rovchilar bir marta biror mujtahidga ergashsa, boshqa marotaba umuman boshqa mujtahid so'ziga amal qilaverganlar. Muayyan bir mazhabni lozim tutsa, unda doim qolishi kerakmi? Qolishi kerak, deyilgan. Hatto ayrim takalluf qiluvchilar: «Hanafiy odam o'z imomining mazhabini tark qilsa, unga ta'zir beriladi», deganlar. Haqiqat shuki, ushbu gapning aslo dalili yo'q. Bu holda o'zicha shariat qilib olgan bo'ladi. Doim qolishi shart emas, deyilgan. «at-Taysir sharh at-Tahrir»da buni eng to'g'ri fikr deyilgan. Chunki, faqat Alloh taoloning o'zi vojib qilgan narsalargina vojib bo'ladi. Hullas, muayyan mazhabga taqlid qilish vojib bo'lmaydi, boshqasiga o'tish joiz bo'ladi. Lekin, uning bu ishi ulug' mujtahidlarni mensimaslik yoki hoyu havasi uchun bo'lmasligi lozim». Qisqartirilgan holda tamom.

Shuningdek, Bahr al-ulum Mavlono Abdulali «Musullam as-subut» sharhida va «at-Tahrir»ning sharhida muayyan mazhabga taqlid qilish shar'an vojib emasligini haqiqat deganlar.

Bu bobdagi tahqiq shuki, avomlarni bu xildagi masalalardan uzoq tutish lozim. Hususan, bizning zamondagi avomlarga bildirmaslik kerak. Ularning biror mazhabga taqlid qilishdan boshqa choralari yo'q. Agar farazan ular turli mazhablarni o'z xohishlaricha ixtiyor qilaveradigan bo'lsalar, dinda fitnalar yuz beradi, til ta'nalarni chiqaradi, ulug' imomlarni haqorat qilishlar paydo bo'ladi. Ayniqsa, Imom A'zam Abu Hanifa va boshqalar haqida aytadilar: «Bizning mazhablar bilan ishimiz yo'q. Bizga Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari kifoyadir». Mazhablarga taqlid qilish dalillarga taqlid qilishning ayni o'zginasi, ekanini ular bilmaydilar. Alloh jalla va 'aloning mana bu buyrug'i:

فَاسْأَلُواْ أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لاَ تَعْلَمُونَ

«Agar bilmasangizlar, zikr ahlidan so'ranglar!» (Nahl, 43) oyati karimasi bunga adolatli shohiddir.

Biror bilimsiz bir olimni muqtado qilib, unga suyanadigan bo'lsa, garchi o'tgan imomlar undan ko'ra taqvodorroq bo'lsa ham, uning uchun shu olim afzal bo'lib hisoblanadi. Demak, o'tgan imomlarga taqlid qilish o'rniga o'sha olimga taqlid qilishni afzal deb hisoblaydigan bo'lsa, bu yaxshi bo'lmagan ustunlikdir. Alloma Faxriddin az-Zayla'iy «Sharh Kanz ad-daqoiq»da, Shayx al-islom Badriddin Ayniy va boshqalar aniq qilib yozganlar:

الأحكام يتبدل بتبديل الأزمنة

«Hukmlar zamonlar o'zgarishi ila o'zgarib boradi».

Bunga guvoh sifatidi Abu Dovud Hazrati Oysha (r.a.)dan rivoyat qilgan:

لو أدرك رسول الله صلى الله عليه و سلم ما احدثه النسآء لمنعهن من المساجد كما منعه نسآء بنى اسرائل

«Agar xotinlar paydo qilgan narsalarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko'rganlarida edi, xuddi Bani Isroilning xotinlarini man qilingandek, ularni masjidlardan man qilgan bo'lardilar».

Shu sababdan «Hidoya» sohibi va Shams al-aimma Saraxsiy, balki jumla hanafiy va shofi'iy faqihlari bir necha o'rinda masalalarni yoritganlaridan so'ng bunday deb yozganlar:

لكن هذا مما لا يفتى به الناس

«Lekin bu odamlarga fatvo berilmaydigan masalalardandir!».

Fiqh kitoblariga nazar solib yuruvchiga bu ish maxfiy emas.

Demak, muhaqqiq olimlar nazdida muayyan mazhabni ixtiyor qilishning vojib emasligi haqidagi ravshan fikr bo'lsa-da, biroq, zamonamizdagi avomlar uchun ixtiyor qilingan fatvo muayyan mazhabga taqlid qilish vojib yoki mustahsan deyishdir. Chunonchi, bu ayrim olimlar fikri hamdir. Avomlarni ushbu mazhab borasida ixtiyorli bo'lishi ishidan hargiz, hargiz xabardor qilmaslik kerak. Mohir olim, mutaassibdan xoli dindor va taqvodor bo'lsa, o'zining ixtiyoridagi mazhabni tutaverishi albatta avlo va yaxshiroqdir. Orifi rabboniy Abdulvahhob Sha'roniy «Mezon»da yozadilar:

«Biror inson Sayyidim Ali al-Havossdan hozirda muayyan mazhabga taqlid qilish borasida, uning vojib yoki vojib emasligi haqida so'raydigan bo'lsa, unga aytar edilar: «Shariatning ayni shohidliklariga etmasang, Birorta mazhabga taqlid qilishlik senga vojib bo'ladi. Jami mazhablarning bir-biriga muttasil ekanini ko'radigan bo'lganingda esa senga taqlid vojib bo'lmaydi». Tamom.

Shoh Valiyulloh Dehlaviy «Hujjatulloh al-bolig'a»da yozadi:

«Tahrir qilib, tuzilgan to'rt mazhabga taqlid qilishning joizligiga bugungi kungacha ummat ijmo' qilib kelgan. Bunda masolihi mursala qoidasi borligi maxfiy emas. Hususan, himmatlar juda ham kamayib ketgan, nafslar havoga sho'ng'igan, har bir fikr egasi o'z fikri ila iftixor qiladigan bu kunlarda bu fikr ayniqsa muhim. Ibn Hazmning taqlid harom degan gapi xatodir». Tamom.

Yana «Iqd al-jiyd fiy ahkom at-taqlid»da qayd qilgan:

«Bilginki, ushbu to'rt mazhabni ushlashda katta maslahatli foydalar bor. Ulardan yuz o'girishda esa katta fasod-buzuqliklar bor. Biz senga buning bir necha jihatlarini bayon qilamiz:

Birinchidan, ummat shariatni tanishda o'tgan olimlarga suyanishga ijmo' qilib kelganlar. Demak, tobe'inlar sahobalarga suyanganlar, tab'a tobe''inlar esa tobe'inlarga suyanganlar. Shuningdek, har bir tabaqadagi olimlar o'zlaridan oldingilarga suyanganlar. Qabul qilish mana shu ishning yaxshi ekanligiga dalolat qiladi. Agar o'tgan olimlarning gaplariga suyanish aniq bo'lsa, suyanilayotgan ularning gaplari sahih isnod bilan rivoyat qilingan bo'lmog'i lozim yoki mashhur kitoblarda bitilgan bo'lmog'i kerak. Ushbu to'rtta mazhabdan boshqa hech bir mazhab bu xilda emas. Ey, Alloh! Imomiylar va zaydiylar mazhabi ham bor. Ular bid'at ahli bo'lib, ularning gaplariga suyanish joiz bo'lmaydi.

Ikkinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar: «O'zingizga katta jamoani – savodi a'zamni lozim tuting!». Haq mazhablardan faqat mana shu to'rttasi qolgan ekan, demak, ularga ergashishlik savodi a'zamga ergashishlik demakdir». Tamom.

Yana «al-Insof fiy bayon sabab al-ixtilof»da keltirgan:

«Odamlar avvalgi va ikkinchi yuz yilliklarda muayyan mazhabga taqlid qilishda jamlanmagan edilar. Ikkinchi yuz yillikdan so'ng odamlardan mazhablashuv yuz berdi. Muayyan mujtahidning mazhabiga suyanmaydigan kimsalar juda oz edi. Bu narsa ushbu davrda vojib bo'lgandi. Agar «Qanday qilib biror narsa bir zamonda vojib bo'ladi-yu, boshqa bir zamonda esa vojib bo'lmaydi, axir shariat bitta bo'lsa», deb so'ralsa, men javob beraman: «Asli vojib tafsiliy dalillardan far'iy hukmlarni taniy oladigan kimsaga taqlid qilishdir. Bunga haqiqat ahli ijmo' qilgan. Agar turli yo'llar vojib bo'ladigan bo'lsa, ta'yin qilmasdan yo'llardan birini tahsil qilish vojib bo'lib qoladi. Agar bitta yo'l bo'lsa, o'sha yo'lni maxsus muayyan qilinadi. Chunonchi, salafi solihlar hadislarni yozmas edilar. So'ng bizning davrimizda hadislarni yozib olish vojib bo'lib qoldi. Chunki, hadis rivoyatida ushbu kitoblarni tanishdan boshqa yo'l qolmadi. O'tganlar nahv-sarf va lug'at bilan ham mashg'ul bo'lmaganlar. Chunki, ularning tillari arabcha edi. So'ng bizning kunlarga kelib ularni o'rganish vojib bo'ldi. Demak, Hindiston va Movarounnahr shaharlarida shofi'iylarning ham, hanbaliylarning ham, molikiylarning ham mazhabi yo'q, ushbu mazhab kitoblari ham topilmaydi. Shuning uchun ushbu shaharlarda yashovchi bilimsiz insonga Abu Hanifa mazhabiga taqlid qilmog'i vojib bo'ladi, unga o'z mazhabidan chiqishi harom bo'ladi. Haramaynda yashagan kimsaga unday emas. Chunki, u erda jami mazhablarni topish imkoniyati bor». Tamom.

Gapning xulosasi shuki, bilimsiz kimsa biror mazhabni lozim tutmaydigan bo'lsa, taqvodor bir olimning gapiga amal qilsin. Shart shuki, o'sha bilimsiz dinni engil sanashdan, mujtahid imomlarga ta'na qilishdan va boshqa shunga o'xshash beodobliklarda xoli bo'lishi kerak. Shuningdek, u suyanayotgan olimning masalalarni tahqiq qilish bobida to'liq mahorati bo'lsin. Unda ham taassub asari bo'lmasin, uning tilidan mujtahid olimlarga ta'na qilish sodir bo'lmasin. Shu suratda o'sha kimsa muayyan mazhabni lozim tutmaslik bobida ixtiyorlidir. Lekin, bizning davrimizda na bunday dindor olim va na bunday bilimsiz taqvodor uchraydi. In sha-Alloh, bundaylar ham uchrab qolar….

Vallohu a'lam bi-s-savob va huva a'lamu bi-l-Kitob!

Abdulhay Laknaviy. Majmuat al-fatovo. 1-jild. – Laknav: Yusufiy, 1907. – B. 22-25.

Hamidulloh Beruniy tarjimasi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"As-Somad" ismini 125 marta aytsangiz

20.01.2025   24   1 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Fazilatli Shayx Abdulloh Sirojuddin rahimahullohdan: "Alloh taoloning "As-Somad" ismini zikr qilishda adad bormi?" deb so‘rashdi. U zot: "Hojatlarni ravo bo‘lishi uchun saharda (125) bir yuz yigirma besh marotaba zikr qilinadi", deb javob berdilar.

Alloh taoloning "As-Somad" ismining ma’nosi: "Barcha mahluqotlar Unga yuzlanadigan va bandalari barcha diniy va dunyoviy muhim ishlarida Uni qasd qiladigan Zotdir. U ulug‘ sifatlari kengdir. Barcha mahluqotlarni Unga hojati tushadigan, butun borliq Uni qasd qiladigan Zotdir. Ularning barcha ishlarida undan o‘zga Robb yo‘qdir", demak. 
 

Maqolalar