Tarixni o'rganayotgan inson avvalo, e'tibor qaratishi kerak bo'lgan narsa bu undagi ma'lumotlarning nechog'lik sahih va to'g'ri ekanligidir. Agar tarix sahih masdarlarga asoslangan bo'lsa, uning natijasi manfaatli bo'ladi. Agar aksincha bo'ladigan bo'lsa, natija ham o'ziga yarasha bo'ladi. Tarix suyanishi kerak bo'lgan masdarlarning birinchisi Qur'oni karimdir. Chunki Alloh taolo u haqida «Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil (nohaqlik) kelmas. (U) hikmat va hamd egasi (tomoni)dan nozil qilingandir»[1] , deb marhamat qilgan. Qur'onda ko'plab tarixiy voqea va hodisalar bayon qilingan. Ba'zi o'rinlarda voqealarning tafsilotiga kirishilgan bo'lsa, ba'zi o'rinlarda holatga qarab uning tafsilotiga kirishilmagan.
Qur'ondan keyin suyaniladigan ishonchli masdar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan sahih hadislardir. Rasulullohning ba'zi hadislarida o'tgan ummatlarning qissalari va siyrat asrida ro'y beradigan voqealar bayon qilingan.
Uchinchi masdar esa bu ishonchli tarix manbalaridir. Bu tarix kitoblaridagi ma'lumotlarning sanadi, isnodi, rivoyat qilgan shaxslari va kitob mualliflari sahih bo'lishi lozimdir. Tarixlarning eng ishonchlisi shubhasiz, Payg'ambarlarning tarixidir va bularning boshida Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlari turadi. Undan keyin xulafoi roshidinlar Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhumlarning tarixlaridir. Lekin tan olish kerakki, Usmon roziyallohu anhuning xalifaliklarining oxirgi yillari va Hazrati Alining xalifalik davrlarida yuz bergan fitnalar haqida ba'zi tarix kitoblarida sahih bo'lmagan, balki shia va rofiziylar tomonidan to'qilgan rivoyatlar ham kirib qolgan. Ularda sahobai kiromlarga nisbatdan tana toshlari otilib, ularning sha'nlariga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlar keltirilgan. Bu borada ahli sunna val jamoaning tutgan yo'li Alloh taolo aytgandek va Rasulullohning so'ziga itoat qilgan holatda qalb va tillarni salomat saqlashlikdir. Chunki Alloh taolo Qur'onda “Ulardan keyin kelganlar:”Yey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o'tgan birodarlarimizni mag'firat qilgin, iymon keltirganlarga qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Yey Robbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan”, derlar”[2] , deb marhamat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mening sahobalarimni so'kmanglar. Mening nafsim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, sizlardan biringiz Uhud tog'idek oltin infoq qilsa ulardan birining bir muddiga va yarim muddiga etmaydi» deganlar. Rofiziyya firqasiga mansub bo'lganlar bu hadisga xilof ularoq Rasulullohning sahobalarini so'kishgacha etib borganlar.[3] Ba'zi tarix kitoblarida Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni o'ldirilish fitnasida sahobalarning tutgan yo'llari to'g'risida ularning sha'niga noloyiq bo'lgan so'zlar kirib qolgan. Tarixchilarning ko'plari bunga sabab rofiziylar qilgan rivoyatlar deydilar. Shiyalikka moyil bo'lgan Abu Muxnif kabilarning kitoblarida sahobalarga nisbatan ularning fitnani uyushtirishda va uni qo'zg'atishda ishtirok etgan degan ayblarni qo'yadilar. Bularning barchasi rofiziylarning yolg'on, botil va hech qanday dalilga asoslanmagan gaplaridan boshqa narsa emas. Holbuki, tarix kitoblari sahobalarning Usmon roziyallohu anhuning qonini to'kishdan pok ekanliklari, aksincha, fitnani bostirishda unga yordamchi bo'lganliklarini quvvatlaydigan dalillar bilan to'ladir. Sahobai kiromlarning barchalari Usmon roziyallohu anhuning qonidan pokdirlar. Kim bunga qarshi gap aytadigan bo'lsa uning gapi botildir. Shuning uchun ham Halifa o'zlarining tarixlarida Abdul A'lo ibnul Haysamdan, u kishi otalarida rivoyat qilib aytadilar: “Men Hasanga “Usmonning qotillari ichida muhojir va ansorlardan biror kishi bo'lganmi?” dedim. U: “Yo'q. Ular Misr ahlining har qanday yomonlikdan taft tortmaydigan kishilari edi”, dedi. Islom olamidagi avvalgi fitnalar Usmon roziyallohu anhuning davrlarida boshlangani uchun ham bunga ko'proq to'xtalib o'tishga majburmiz.
Imom Zuhriy rahmatullohi alayh aytadilar: “Usmon ibn Affon o'n ikki yil mo'minlarga amir bo'lib boshqardilar. Halifalikning avvalgi olti yilida insonlar u kishiga nisbatan hech qanday ig'volar qilmadilar. Qurayshga u kishi Umar ibn Hattobdan ham mahbub bo'ldi. Chunki Umar ularga qattiq edi. Ammo Usmon Ularga muloyimlik va silai rahm qildi. So'ngra undan keyin fitnalar sodir bo'ldi”. Musulmon tarixchilar Usmon roziyallohu anhu xalifaliklarining oxirgi 30-35 yillaridagi voqealarni fitnalar davri deganlar. Chunki Abu Bakr, Umar va Usmon xalifaligining avvalgi davrlarida musulmonlar tinch-totuv bo'lib, ular o'rtasida hech qanday nizo bo'lmagan. Bu davrda jamiyatning har bir sohasi gullab yashnagan. Bu davrdagi jamiyat tom ma'nodagi haqiqiy islom jamiyati bo'lgan. Tarixdagi jamiyatlar ichida gunohlar eng kam sodir etilgan jamiyat edi. Bu jamiyatda din uning hayoti edi. Din ular ado qilayotgan ibodatlardagina emas, balki ularning axloqlari, tasavvurlari, o'y-fikrlari, ijtimoiy aloqalari, oila va qo'shnichilik munosabatlari, savdo- sotiqlari, er yuzidagi safarlari, amru ma'ruf va nahiy munkarlari, barcha-barchasida din asosiy negiz bo'lib turardi. Bu narsalar ma'lum bir toifagagina xos bo'lmagan, balki jamiyatning barcha tabaqasi mana shu ruhda tarbiyalangan bo'lib, bu Rasulullohning jamiyatlari edi. Bu jamiyatda tillari bilan iymon keltirib, lekin qalbida Islomga dushman bo'lgan munofiqlar bo'lgandir. Lekin ularning sariq chaqachalik qadri ham bo'lmagan va bu jamiyatning yurishini o'zgartirishga ularning quvvatlari ham etmagan. Ular haqiqiy ma'nodagi Islom ummati, rabboniy ummat edilarki, ularni yagona aqida bog'lab turardi. Ularni bog'lab turgan narsa urug'i, jinsi yoki rangi emas, balki diniy birodarlik edi. Holbuki, ularning orasida arab ham ajam ham, qora ham oq ham, qul ham hur ham bor edi. Jamiyatning har bir go'shasida ibodat ruhi bor edi. Faqat farz va nafllarnigina ibodat ruhida qilmas edilar, balki barcha amallaridan ibodat isi kelardi. Hokim o'z raiyyatini ibodat ruhi bilan boshqarar, Qur'onni o'rgatadigan muallim, insonlarga dinni tushuntiradigan faqih ibodat ruhi bilan ta'lim berar, Alloh savdo-sotiqqa qo'ygan tojir ibodat ruhi bilan bu ishlarni qilar, o'z ahlini boqayotgan er ibodat ruhi bilan boqar, uyda bekaligini qilayotgan ayol ham ibodat ruhi bilan bekalik qilardi. Bu ishlarning barchasining zamirida suyukli Habibimizning muborak hadislari turardi: “Barchangiz boshliqsizva barchangiz qo'l ostilaringizdan so'ralasiz”. Bu davrdagi musulmonlar tarix davomida aql bovar qilmas natijalarga erishdilar. Butun dunyoga Islom dini nihoyatda tezlik bilan tarqaldi. Musulmon qo'mondonlar qilgan fathlarni esa gapirmasa ham bo'ladi. Ular juda qisqa muddat ichida katta hudularni fath qildilar. Yellik yildan kamroq muddat ichida g'arbdan O'rta Yer dengizigacha, sharqdan Hind okeanigacha bo'lgan erlarni fath qildilar. Bir so'z bilan aytganda, Alloh taolo er yuzida xalifa qilib qo'ygan ummat aynan mana shular edilar. Alloh taolo Qur'onda: “Alloh sizlardan iymon keltirib, solih amal qilganlarga ularni er yuzida xuddi ulardan oldin o'tganlarni xalifa qilgandek xalifa qilishni, ular uchun O'zi rozi bo'lgan dinni mustahkamlashni va ularning xavf-xatarlaridan so'ng omonlikni badal qilib berishni va'da qildi. Mengagina ibodat qilurlar va Menga hech narsani shirk keltirmaslar. Shundan keyin ham kim kufr keltirsa, bas, ana o'shalar o'zlari fosiqlardir”[4].
Lekin afsuski, mana shunday go'zal Islom jamiyatini va uning zafarli yurishlarini ko'ra olmaydigan Abdulloh ibn Saba'ga o'xshagan din dushmanlari fitnalar uyushtirishga urindilar. Sahobai kiromlar ham qachondir fitnalar sodir bo'lishini bilar edilar. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'zlarining ko'plab hadislarida bu ummat kalajakda ixtilof qilishi, bir-birlari bilan o'zaro urush qilishi haqida xabar berganlar. Bu hadislarni holatga qarab turli xil bayon qilib berganlar. Ba'zilarida umumiy qilib fitnalarni bayon qilgan bo'lsalar, ba'zilarida alohida-alohida xos fitnalar haqida aytib o'tganlar. Rasulullohning hadislari fitnaning sabablari yoki uning natijalari, yoki u fitnadagi ba'zi voqealarni, yoki bo'lmasa, u fitnalarni keltirib chiqaradigan shaxslar haqida xabar beradi. Ko'pincha, bu hadislar Rasulullohdan sahobai kiromlarning bergan savollariga javob ularoq vorid bo'lgan. Chunki sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida Alloh ularga bergan ulug' ne'mat birodarlik, yakdillik ne'matini tatib, bevosita guvohi bo'layotgan edilar. Ularni tashvishga solgan narsa bu ne'matlar bardavom bo'ladimi yoki vaqti kelib zavol topadimi, mana shu narsa ularni tashvishga solar edi. Shuning uchun ham bu haqida Rasulullohdan so'rashardi. Rasululloh bu ne'matlar hozirgidek bardavom bo'lmasligini va kelgusida ummat ichida katta fitnalar sodir bo'lishini vahiy orqali bilganlaridan so'ng, sahobai kiromlarni mana shu dahshatli fitnalarga tayyorlashni xohladilar. Toinki, Alloh taolo taqdirga bitgan mana shu fitnalar voqe' bo'lgan kunda ular chiroyli tadbir qilib, bu fitnalarni muolaja qilish uchun harakat qilsinlar. Yuqorida aytib o'tganimizdek, Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o'ldirilish fitnasida sahobai kiromlardan birortasining ishtiroki bo'lmagan. Ular uning qonidan pok edilar. Bu fitna Islom tarixidagi eng katta fitna bo'lib, mana shu voqea musulmonlar o'rtasidagi o'zaro nizolar, urushlar va buning hatijasida turli firqalarning chiqishiga sabab bo'lgan.
TII Modul' ta'lim shakli talabasi,
Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor jome masjidi
imom-xatibi Boboxon Boboxonov
[1]Fussilat surasi, 42-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: «Sharq» 2011
[2]Hashr surasi, 10-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: «Sharq» 2011. 547-b.
[3]Doktor Muhammad ibn Abdulloh G'abbon «Fitnatu maqtali Usmon ibn Affon». – M. maktabatul ubaykon,1999. 6-9-b.
[4]Nur surasi, 55-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: «Sharq» 2011. 547-b.
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV