Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Sahobalar fitnalardan xoli zotlardir

26.12.2022   2667   11 min.
Sahobalar fitnalardan xoli zotlardir

Tarixni o'rganayotgan inson avvalo, e'tibor qaratishi kerak bo'lgan narsa bu undagi ma'lumotlarning nechog'lik sahih va to'g'ri ekanligidir. Agar tarix sahih masdarlarga asoslangan bo'lsa, uning natijasi manfaatli bo'ladi. Agar aksincha bo'ladigan bo'lsa, natija ham o'ziga yarasha bo'ladi. Tarix suyanishi kerak bo'lgan masdarlarning birinchisi Qur'oni karimdir. Chunki Alloh taolo u haqida «Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil (nohaqlik) kelmas. (U) hikmat va hamd egasi (tomoni)dan  nozil qilingandir»[1] , deb marhamat qilgan. Qur'onda ko'plab tarixiy voqea va hodisalar bayon qilingan. Ba'zi o'rinlarda voqealarning tafsilotiga kirishilgan bo'lsa, ba'zi o'rinlarda holatga qarab uning tafsilotiga kirishilmagan.

         Qur'ondan keyin suyaniladigan ishonchli masdar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan sahih hadislardir. Rasulullohning ba'zi hadislarida o'tgan ummatlarning qissalari va siyrat asrida ro'y beradigan voqealar bayon qilingan.

Uchinchi masdar esa bu ishonchli tarix manbalaridir. Bu tarix kitoblaridagi ma'lumotlarning sanadi, isnodi, rivoyat qilgan shaxslari va kitob mualliflari sahih bo'lishi lozimdir. Tarixlarning eng ishonchlisi shubhasiz, Payg'ambarlarning tarixidir va bularning boshida Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlari turadi. Undan keyin xulafoi roshidinlar Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhumlarning tarixlaridir. Lekin tan olish kerakki, Usmon roziyallohu anhuning xalifaliklarining oxirgi yillari va Hazrati Alining xalifalik davrlarida yuz bergan fitnalar haqida ba'zi tarix kitoblarida sahih bo'lmagan, balki shia va rofiziylar tomonidan to'qilgan rivoyatlar ham kirib qolgan. Ularda sahobai kiromlarga nisbatdan tana toshlari otilib, ularning sha'nlariga to'g'ri kelmaydigan  ma'lumotlar keltirilgan. Bu borada ahli sunna val jamoaning tutgan yo'li Alloh taolo aytgandek va Rasulullohning so'ziga itoat qilgan holatda qalb va tillarni salomat saqlashlikdir. Chunki Alloh taolo Qur'onda “Ulardan keyin kelganlar:”Yey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o'tgan birodarlarimizni mag'firat qilgin, iymon keltirganlarga qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Yey Robbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan”, derlar[2] , deb marhamat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mening sahobalarimni so'kmanglar. Mening nafsim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, sizlardan biringiz Uhud tog'idek oltin infoq qilsa ulardan birining bir muddiga va yarim muddiga etmaydi» deganlar. Rofiziyya firqasiga mansub bo'lganlar bu hadisga xilof ularoq Rasulullohning sahobalarini so'kishgacha etib borganlar.[3] Ba'zi tarix kitoblarida Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni o'ldirilish fitnasida sahobalarning tutgan yo'llari to'g'risida ularning sha'niga noloyiq bo'lgan so'zlar kirib qolgan. Tarixchilarning ko'plari bunga sabab rofiziylar qilgan rivoyatlar deydilar. Shiyalikka moyil bo'lgan Abu Muxnif kabilarning kitoblarida sahobalarga nisbatan ularning fitnani uyushtirishda va uni qo'zg'atishda ishtirok etgan degan ayblarni qo'yadilar. Bularning barchasi rofiziylarning yolg'on, botil va hech qanday dalilga asoslanmagan gaplaridan boshqa narsa emas.  Holbuki, tarix kitoblari sahobalarning Usmon roziyallohu anhuning qonini to'kishdan pok ekanliklari, aksincha, fitnani bostirishda unga yordamchi bo'lganliklarini quvvatlaydigan dalillar bilan to'ladir. Sahobai kiromlarning barchalari Usmon roziyallohu anhuning qonidan pokdirlar. Kim bunga qarshi gap aytadigan bo'lsa uning gapi botildir. Shuning uchun ham Halifa o'zlarining tarixlarida Abdul A'lo ibnul Haysamdan, u kishi otalarida rivoyat qilib aytadilar: “Men Hasanga “Usmonning qotillari ichida muhojir va ansorlardan biror kishi bo'lganmi?” dedim. U: “Yo'q. Ular Misr ahlining har qanday yomonlikdan taft tortmaydigan kishilari edi”, dedi. Islom olamidagi avvalgi fitnalar Usmon roziyallohu anhuning davrlarida boshlangani uchun ham bunga ko'proq to'xtalib o'tishga majburmiz.

Imom Zuhriy rahmatullohi alayh aytadilar: “Usmon ibn Affon  o'n ikki yil mo'minlarga  amir bo'lib boshqardilar. Halifalikning avvalgi olti yilida insonlar u kishiga nisbatan hech qanday ig'volar qilmadilar. Qurayshga u kishi Umar ibn Hattobdan ham mahbub bo'ldi. Chunki Umar ularga qattiq edi. Ammo Usmon Ularga muloyimlik va silai rahm qildi. So'ngra undan keyin fitnalar sodir bo'ldi”. Musulmon tarixchilar Usmon roziyallohu anhu xalifaliklarining oxirgi 30-35 yillaridagi voqealarni fitnalar davri deganlar. Chunki Abu Bakr, Umar va Usmon xalifaligining avvalgi davrlarida musulmonlar tinch-totuv bo'lib, ular o'rtasida hech qanday nizo bo'lmagan. Bu davrda jamiyatning har bir sohasi gullab yashnagan. Bu davrdagi jamiyat tom ma'nodagi haqiqiy islom jamiyati bo'lgan. Tarixdagi jamiyatlar ichida gunohlar eng kam sodir etilgan jamiyat edi. Bu jamiyatda din uning hayoti edi. Din ular ado qilayotgan ibodatlardagina emas, balki ularning axloqlari, tasavvurlari, o'y-fikrlari, ijtimoiy aloqalari, oila va qo'shnichilik munosabatlari, savdo- sotiqlari, er yuzidagi safarlari, amru ma'ruf va nahiy munkarlari, barcha-barchasida din asosiy negiz bo'lib turardi. Bu narsalar ma'lum bir toifagagina xos bo'lmagan, balki jamiyatning barcha tabaqasi mana shu ruhda tarbiyalangan bo'lib, bu Rasulullohning jamiyatlari edi. Bu jamiyatda tillari bilan iymon keltirib, lekin qalbida Islomga dushman bo'lgan munofiqlar bo'lgandir. Lekin ularning sariq chaqachalik qadri ham bo'lmagan va bu jamiyatning yurishini o'zgartirishga ularning quvvatlari ham etmagan. Ular haqiqiy ma'nodagi Islom ummati, rabboniy ummat edilarki, ularni yagona aqida bog'lab turardi. Ularni bog'lab turgan narsa urug'i, jinsi yoki rangi emas, balki diniy birodarlik edi. Holbuki, ularning orasida arab ham ajam ham, qora ham oq ham, qul ham hur ham bor edi. Jamiyatning har bir go'shasida ibodat ruhi bor edi. Faqat farz va nafllarnigina ibodat ruhida qilmas edilar, balki barcha amallaridan ibodat isi kelardi. Hokim o'z raiyyatini ibodat ruhi bilan boshqarar, Qur'onni o'rgatadigan muallim, insonlarga dinni tushuntiradigan faqih ibodat ruhi bilan ta'lim berar, Alloh savdo-sotiqqa qo'ygan tojir ibodat ruhi bilan bu ishlarni qilar, o'z ahlini boqayotgan er ibodat ruhi bilan boqar, uyda bekaligini qilayotgan ayol ham ibodat ruhi bilan bekalik qilardi.  Bu ishlarning barchasining zamirida suyukli Habibimizning muborak hadislari turardi: “Barchangiz boshliqsizva barchangiz qo'l ostilaringizdan so'ralasiz”.  Bu davrdagi musulmonlar tarix davomida aql bovar qilmas natijalarga erishdilar. Butun dunyoga Islom dini nihoyatda tezlik bilan tarqaldi. Musulmon qo'mondonlar qilgan fathlarni esa gapirmasa ham bo'ladi. Ular juda qisqa muddat ichida katta hudularni fath qildilar. Yellik yildan kamroq muddat ichida g'arbdan O'rta Yer dengizigacha, sharqdan Hind okeanigacha bo'lgan erlarni fath qildilar. Bir so'z bilan aytganda, Alloh taolo er yuzida xalifa qilib qo'ygan ummat aynan mana shular edilar. Alloh taolo Qur'onda: “Alloh sizlardan iymon keltirib, solih amal qilganlarga ularni er yuzida xuddi ulardan oldin o'tganlarni xalifa qilgandek xalifa qilishni, ular uchun O'zi rozi bo'lgan dinni mustahkamlashni va ularning xavf-xatarlaridan so'ng omonlikni badal qilib berishni va'da qildi. Mengagina ibodat qilurlar va Menga hech narsani shirk keltirmaslar. Shundan keyin ham kim kufr keltirsa, bas, ana o'shalar o'zlari fosiqlardir”[4].

         Lekin afsuski, mana shunday go'zal Islom jamiyatini va uning zafarli yurishlarini ko'ra olmaydigan Abdulloh ibn Saba'ga o'xshagan din dushmanlari fitnalar uyushtirishga urindilar. Sahobai kiromlar ham qachondir fitnalar sodir bo'lishini bilar edilar. Chunki  Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'zlarining ko'plab hadislarida bu ummat kalajakda ixtilof qilishi, bir-birlari bilan o'zaro urush qilishi haqida xabar berganlar. Bu hadislarni holatga qarab turli xil bayon qilib berganlar. Ba'zilarida umumiy qilib fitnalarni  bayon qilgan bo'lsalar, ba'zilarida  alohida-alohida xos fitnalar haqida aytib o'tganlar. Rasulullohning hadislari fitnaning sabablari yoki uning natijalari, yoki u fitnadagi ba'zi voqealarni, yoki bo'lmasa, u fitnalarni keltirib chiqaradigan shaxslar haqida xabar beradi. Ko'pincha, bu hadislar Rasulullohdan sahobai kiromlarning bergan savollariga javob ularoq vorid bo'lgan. Chunki sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida Alloh ularga bergan ulug' ne'mat birodarlik, yakdillik ne'matini tatib, bevosita guvohi bo'layotgan edilar.  Ularni tashvishga solgan narsa bu ne'matlar bardavom bo'ladimi yoki vaqti kelib zavol topadimi, mana shu narsa ularni tashvishga solar edi. Shuning uchun ham bu haqida Rasulullohdan so'rashardi. Rasululloh bu ne'matlar hozirgidek bardavom bo'lmasligini va kelgusida ummat ichida katta fitnalar sodir bo'lishini vahiy orqali bilganlaridan so'ng, sahobai kiromlarni mana shu dahshatli fitnalarga tayyorlashni xohladilar. Toinki, Alloh taolo taqdirga bitgan mana shu fitnalar voqe' bo'lgan kunda ular chiroyli tadbir qilib, bu fitnalarni muolaja qilish uchun harakat qilsinlar. Yuqorida aytib o'tganimizdek, Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o'ldirilish fitnasida sahobai kiromlardan birortasining ishtiroki bo'lmagan. Ular uning qonidan pok edilar. Bu fitna Islom tarixidagi eng katta fitna bo'lib, mana shu voqea musulmonlar o'rtasidagi o'zaro nizolar, urushlar va buning hatijasida turli firqalarning chiqishiga sabab bo'lgan.

TII Modul' ta'lim shakli talabasi,

Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor jome masjidi

imom-xatibi Boboxon Boboxonov

 

 

[1]Fussilat  surasi, 42-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: «Sharq» 2011

 

[2]Hashr surasi, 10-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: «Sharq» 2011. 547-b.

[3]Doktor Muhammad ibn Abdulloh G'abbon «Fitnatu maqtali Usmon ibn Affon». – M. maktabatul ubaykon,1999. 6-9-b.

 

[4]Nur  surasi, 55-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi – T.: «Sharq» 2011. 547-b.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   43427   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari