Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

«Eshitgan narsasini gapiraverishi kishining gunohkor bo'lishiga kifoya»

26.12.2023   1325   9 min.
«Eshitgan narsasini gapiraverishi kishining gunohkor bo'lishiga kifoya»

Inson bu dunyoda jismonan sog'lom bo'lib yashashi uchun suv va havoga qanchalik muhtoj bo'lsama'nan milliy qadriyatlargama'rifatga shunchalik ehtiyoj sezadi.

 

Bu qadriyatlarning, ma'rifatning ildizi Islom ta'limoti bilan sug'orilgan bo'lsa, ikki karra saodatdir! Aksincha bo'lsa, qashshoqlikdan boshqa narsa emas.

So'nggi paytlarda internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, bosma nashrlarda tarqatilayotgan xabarlar, maqolalarni o'qib, kishining hayrati oshadi. «O'rgimchak to'ri» shunchalar rivojlandiki, fikringiz bo'g'zingizdan tovush bo'lib chiqar-chiqmas, butun dunyoga tarqalib ketyapti. Bu – yaxshi, albatta: maqolani ko'rasiz, kuzatasiz, o'qiysiz, uqasiz va xulosa chiqarasiz.

Bugun mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari erkinligi va haq-huquqlari ta'minlanib, xalqning chinakam minbariga aylantirilayotgan bir paytda, asossiz «shov-shuvlar» ketidan quvib, o'quvchilarni chalg'itish, muqaddas dinimizning sofligiga putur etkazishni kasb qilib olayotganlar haliyam borligi kishini o'yga toldiradi.

Ming afsuski, so'nggi vaqtlarda ayrim noxushliklarni Islom shiorlari bilan bog'lab yoritish – «masjid bunday bo'ldi», «imom bunday qildi» deyish holatlari uchrayotgani kishini tashvishga soladi. Bulardan maqsad nima? Shunday nobakor yo'l orqali, ya'ni diniy qadriyatlar sha'niga putur etkazish evaziga arzonfurush maqola bilan ommaning e'tiborini jalb qilishdan kimga nima naf?...

Ho'sh, aslida tanqid qanday bo'lishi kerak?

Keling, ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiyning yozganlariga quloq tutaylik: “Majalla (oynoma) va jaridalar (ro'znoma)ning katta bir xosiyati tanqid, ya'ni saralamoqdur. Sarroflar aqchani, tujjorlar mato'ni saralaganidek, muharrirlar ham umumiy hol va maishatg'a taalluq nimarsalarni saralaydurki, boshqa so'z ila «tanqid» atalur”. («Oyna» jurnali, 1914 yil 32-son).

Tanqid o'rinli, asosli, jamiyatda urchigan illatlarga murosasiz bo'lish, inson manfaatlarini ta'minlash, muqaddas dinimiz sofligini asrash niyatida yozilgan bo'lsa, xalqning tahsiniga sazovor bo'lishi tayin. Biroq milliy qadriyatlarimizga tosh otish, muqaddas dinimiz shiorlarini obro'sizlantirishga bo'lgan har qanday urinish oqibati halokatlidir.

Ko'nglidan o'tgan fikrni aql tarozisiga solmay, mulohaza qilib pishitmay, dinimiz mezonlariga rioya qilmay, tayyor xom ashyo sifatida soxta obro' orttirish ilinjida maqolaga ko'r-ko'rona kiritib yuborish tanqid emas. Axborot tezligi asrida aytilgan gap – otilgan o'q. Borib tekkan, o'rnashgan joyini kuydirib yuborganidan so'nggina hushimizga kelamiz.

Ayrim maqolalarda keltirilgan faktlar masjiddan ancha olisda sodir bo'lgan esada, sarlavhaga «masjid» so'zi olib chiqilgan. Halqimiz «Allohning uyi» deya mehr ila ulug'lab, e'zozlaydigan, azizu muqaddas va tabarruk joyni inson aytishga ham uyaladigan so'zlar bilan yonma-yon ishlatishga hech kimning haqqi yo'q!!!

Qanday vazifada ishlashi yoki ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, Islom shiorlarini yomonotliq qilishga urinish xalq mutlaqo kechirmaydigan qing'ir ish va asrlar davomida esidan chiqarmaydigan narsa! Ayrim kishilar matbuot sohasidagi erkinlikni suiste'mol qilib, hurmat-ehtirom kabi insoniy tuyg'ular, sharqona odob-ahloq, milliy-diniy an'analar, o'lmas qadriyatlar va umumbashariy qonun-qoidalar kabi oliy mezonlarga rioya qilmayotgani – xavotirli holatdir.

Alloh taolo Qur'oni karimda: «U (inson) biron so'zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo'lgan bir kuzatuvchi (farishta u so'zni yozib olur)» (Qof surasi, 18-oyat), deb bayon qilgan.

Boshqa bir oyati karimada esa: «Ey mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!» (Hujurot surasi, 6-oyat), deb marhamat qilinadi.

Ushbu oyati karimalardan jurnalistning aytganlari va yozganlarini kuzatuvchi farishtalar borligi, vaqt-soati etib «daftar ko'tarilganda», bugun yozganlari ertaga o'zlarining foyda yoki zararlariga hujjat bo'lishini tushunish uchun Islom ta'limoti shart emas, balki ota-onasidan olgan tarbiyasi (agar olgan bo'lsa) etib ortadi. Shunday ekan, har qanday noxush va bema'ni materiallarni odamlarni hayratga soladigan qilish uchun Islom shiorlariga qasddan bog'lashdan saqlanish kerak!

Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham muborak hadisi shariflarida: «Eshitgan narsasini gapiraverishi kishining gunohkor bo'lishiga kifoya» deyilgan.

Imom Muslim rivoyati.

Demak, eshitgan narsani yozaverish, bilib-bilmay dinimizni malomat qilaverish kechirilmas gunoh.

Hammani lol qoldiradigan yo keng ommani jalb etadigan material yozaman deya, arzon shuhratga uchib, Islom shiorlariga zarar etkazish – jurnalistika etikasiga ham, millatimiz axloqiga ham, muborak dinimiz ta'limotiga ham mutlaqo to'g'ri kelmaydi!

Har bir so'zimizni yozishga chog'lanar ekanmiz, ongimizda Alloh taolo va Uning Rasulining bizni ogohlantirgan kalomlari, ajdodlarimiz ibrati, Islom dini qadr-qimmati shakllansa, so'z aytish mas'uliyatini yanada teranroq anglagan bo'lar edik. Zotan, qalam ahllarining sharafli kasbida qo'lga kiritadigan yutuqlarini ta'minlovchi muhim omil shu aslida.

Shu o'rinda yana bir jihatni ta'kidlash kerak. Ommaviy axborot vositalariga oid qonun hujjatlarida ham biror-bir tashkilot yoki shaxs faoliyatiga oid xabarni tarqatishdan avval, uning to'g'riligi va haqqoniyligini tekshirish qayd etilgan. O'zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi Qonunining (yangi tahriri) 5-moddasida: «Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo'ladi», deb alohida ko'rsatib qo'yilgan.

Halqimiz ardoqlaydigan mo''tabar maskanlarga shunday munosabatda bo'lish – yurtimiz tinchligiga raxna solish, xalq orasida fitna qo'zg'atish yoki «ko'rinmas kuchlar»ning nayrangiga uchishdan boshqa narsa emas. Bunday xatolar takrorlanmasligi uchun muqaddas dinimiz sha'niga putur etkazayotgan kimsalarga etti o'lchab, bir kesmasa, ishini Hudoning O'zi «to'g'rilab» qo'yishi mumkinligini eslaridan chiqarmasliklarini ta'kidlaymiz.

Bugungi «shuhrat»chaning ketidan quvib, «mish-mishlar»ga uchib, uydirma axborot tarqatayotgan, asossiz maqolalar yozib, dinimizni haqoratlayotgan mualliflar tutumida, fikru zikrida shaytoniy «men!» ustuvor. Ular «men»ini kibr bilan yo'rgaklab olishgan. Bundaylarni, avvalo, ogohlantirish zarur.

Halqimiz ardoqlaydigan mo''tabar maskanlarga, mo'min-musulmonlarimizga peshvo bo'lib turgan ustozlarimizga shu kabi munosabat bilan yondashish – yurtimiz tinchligiga raxna solish, xalq orasida fitna qo'zg'atish yoki «ko'rinmas kuchlar»ning nayrangiga uchish, deb hisoblaymiz.

Hulosa qilib aytish mumkinki, jannatmakon yurtimizda tug'ilib ham, muqaddas Vatanimiz tuprog'ida yashab ham, dono xalqimiz chin ixlos bilan e'tiqod qilayotgan dinda bo'lib ham, Islom dini qadriyatlari, sha'ni va qadr-qimmatini taratayotgan ulamolarimizni obro'sizlantirishga qaratilgan qiliqlar kimga bo'lsa ham umuman yarashmaydi!

Ibrohimjon Inomov,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Uchinchi fasl - Hijriy II asrda ajrab chiqqan davlatlar

20.01.2025   828   17 min.
Uchinchi fasl - Hijriy II asrda ajrab chiqqan davlatlar

Hijriy II asrda ajrab chiqqan davlatlar

Islom olami roshid xalifalar davrida yagona davlat sifatida davom etdi. Umaviylarning davrida ham shunday bo‘ldi. Umaviylar qulashi bilan Islom olamida parchalanish boshlandi. Abbosiylar davlatining ba’zi bir bo‘laklari – amirliklar ajrab chiqib, o‘zlari alohida davlat sifatida mustaqil bo‘la boshladilar. Hijriy 138 (milodiy 756) yilda Andalusda paydo bo‘lgan umaviylar davlati ularning eng birinchisi bo‘ldi. So‘ng hijriy 140 (milodiy 758) yilda Mag‘ribda xorijiylar davlatiga asos solindi. Abbosiylar avvaliga ularni yo‘q qilishga urinib ko‘rishdi, so‘ngra iima bo‘lsa bo‘lsin, degan ma’noda tek qo‘yishdi.

O‘sha davrda ajrab chiqqan amirliklariiig barchasi ko‘proq Islom olamining mag‘rib tarafida bo‘lganini ko‘rish mumkin.
 

Ajrab chiqqan davlatlar

1. Umaviylar davlati. Andalusda. Hijriy 138–422 (milodiy 756–1031) yillar orasida.
2. Banu Midror davlati. Mag‘ribdagi Sijilmosa degan joyda. Hijriy 140–297 (milodiy 758–909) yillar.
3. Rustamiylar davlati. Jazoirda, O‘rta Mag‘ribda. Hijriy 160–296 (milodiy 777–908) yillarda hukm yuritishdi.
4. Idrisiylar davlati. Mag‘ribda, Marokashda. Hijriy 172–375 (milodiy 789–985) yillar.
5. Ag‘labiylar davlati. Qayruvon – Tunisda. Hijriy 174–296 (milodiy 801–908) yillar.

 

Andalusdagi umaviylar davlati

Andalusda tashkil etilgan umaviylar davlatining hukmronligi hijriy 138 yildan 422 yilgacha davom etdi (milodiy 756–1031 yillar).

Bu davlat Islom olamidan ajralib chiqqan birinchi mustaqil davlat edi. Ushbu davlatning asoschisi – Abdurrahmon ibn Muoviya ibn Hishom ibn Abdulmalik Umaviy. U umaviylar davlati inqirozga uchraganidan keyin Abbosiylar davlatidan qochib chiqib, Andalusga bordi va o‘zini Abdurrahmon Doxil deb atadi. O‘sha vaqtda Andalusda ishni Yusuf Fihriy Muzariy olib borar, muzariylar bilan yamoniylar o‘rtasida kuchli nizo bor edi. Abdurrahmon Doxil u yerga borgach, yamoniylar va umaviylar uning bayroq ostida birlashdilar va Qurtubaga, Yusuf tomon yurish qilib, u yerda jang qildilar. Urush bir yil davom etdi, oxiri Abdurrahmon g‘alaba qozondi va hijriy 138 yilda hokimiyatni egallab oldi.

Abdurrahmon g‘alaba qozongan mazkur urush Musora nomi bilan mashhur bo‘lgan. Abdurrahmonning ishi qamrovi kengayib, barcha sohillarni o‘ziga bo‘ysundirdi. Hattoki u abbosiylardan Shom yurtlaridagi hokimiyatni tortib olish haqida ham o‘ylay boshladi. Shunda Abu Ja’far Mansur Abdurrahmonni yo‘q qilish maqsadida bir necha marta unga qarshi lashkar yubordi. Hech bir natija bo‘lmagach, unga qarshi urush qilishdan to‘xtadi. Abu Ja’far Mansur Abdurrahmonga tan berib, uni «Quraysh lochini» deya atadi.

Mahdiy xalifa bo‘lganida Abdurrahmon Doxilga qarshi urush qildi, lekin u ham yengildi. Falabadan umidini uzgan Mahdiy ham uni o‘z holiga qo‘yishga majbur bo‘ldi.

Abdurrahmon Doxil hijriy 172, milodiy 788 yilda vafot etdi. Bu paytda davlatning poytaxti Qurtuba shahri edi.

Ushbu davlatning eng mashhur hokimlaridan Abdurramon III, ya’ni Abdurrahmon Nosir hijriy 300–350 (milodiy 912–961) yillarda o‘z hukmini yuritgan. U hokimiyatni egallagan paytda yurtda chuqur iztirob va beqarorlik hukm surardi. U barcha qo‘zg‘alonchilarni o‘ziga bo‘ysundirdi, so‘ngra nasroniylarning yurtlariga qarshi fath ishlarini olib bordi. Ularning ustidan bir qancha ulug‘ g‘alabalar qozondi. Shaxsan o‘zi askarlarga rahbarlik qilib, bir necha urushlarga olib bordi.

Bir marta hijriy 308 (milodiy 920) yilda uyushtirilgan Handaq urushida nasroniylardan yengildi. Lekin keyinroq ularni yengib, o‘z quvvatini tiklab oldi. Uning asrida Andalus o‘z hayotining oltin davrini yashadi. Aynan shu davrda Andalus o‘zining qudratini, go‘zalligini namoyon qildi, siyosiy tamaddun va me’morchilik sohasida buyuk yutuqlarni qo‘lga kiritdi va barchaning ehtiromiga, taqdiriga sazovor bo‘ldi.

Andalus diyorini shon-shuhratga to‘ldirgan ajoyib va yorqin madaniyat, u bilan til va din yagonaligi, iqtisodiy va insoniy aloqalar yordamida yaqindan bog‘langan arab va ispan madaniyatining bir qismi sifatida shakllangan edi.

Vizigot qirollarining hukmronlik yillarida Ispaniya u darajada rivojlanmagan, uning madaniyati yarimyovvoyi ahvolda edi. Musulmonlar tomonidan fath etilganidan so‘ng Ispaniya madaniyati gullab-yashnadi. Yuz yildan kamroq vaqt mobaynida shu paytgacha ishlov berilmagan yerlar haydaldi, huvillab yotgan shaharlar odamlar bilan gavjum bo‘ldi, ajoyib obidalar qurildi, boshqa xalqlar bilan savdo-sotiq aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Musulmonlar fan va me’morchilik san’atini jadal sur’atlar bilan rivojlantirdilar. Ular uzoq vaqt davomida butun Yevropa bo‘yicha ilmning yagona manbai bo‘lib kelgan oliygohlarga asos soldilar. Yunon va lotin tilidagi ko‘plab asarlar tarjima qilindi. Uch asr davomida Qurtuba, shubhasiz, «ko‘hna dunyo»ning eng yorqin shaharlaridan biri bo‘lib keldi.

Ijozatingiz bilan o‘sha vaqtlarda musulmon olamining Yevropaga tutashib turgan bo‘lagi – Andalusning ilmiy sohasidagi holat haqida ham ikki og‘iz so‘z yuritsak:

«Uchish moslamasini yaratish g‘oyasi aka-uka Raytlardan ming yil oldin andalusiyalik falakiyotchi va ixtirochi Abbos ibn Firnas at-Takurunniyda paydo bo‘lgan. 852 yilda u erkin hilpiraydigan, yog‘och cho‘plar tikilgan yengsiz keng kiyimda masjid tomidan sakraydi. Ibn Firnas qushga o‘xshab erkin parvoz qilishni niyat qilgan edi. To‘g‘ri, bu orzusi ushalmadi, lekin yuqoridan tushishini sekinlashtirgan uning egnidagi keng kiyimni birinchi parashyut deyish mumkin edi. Olimning o‘zi esa bir oz qo‘rquv va yengil lat yeyish bilan qutuldi. Bu ixtiro parashyutning ilk ko‘rinishi bo‘ldi.

875 yilda 70 yoshni qarshilagan ixtirochi o‘zining uchish moslamasini takomillashtirdi. Unda uchish jarayonini boshqarishning ilk ko‘rinishlari aks etgan edi. Bu qanotlari ipak matodan bo‘lgan, qushga o‘xshash moslama bo‘lib, uning yordamida havoda parvoz etish mumkin edi. Shu tariqa Abbos birinchi deltaplanni ixtiro qildi. U o‘z ixtirosini qo‘liga olib, Jabal al-Arus nomli tepalikdan sakraydi. Havo oqimlari olimni ko‘tarib, oldinga olib ketadi. Ko‘p ming sonli odamlarning ko‘z o‘ngida u havoda o‘n daqiqacha parvoz etadi va sezilarli balandlikka ko‘tariladi. Lekin yerga qo‘nish omadsiz bo‘lib, moslama o‘z ixtirochisi bilan birga pastga qulaydi. Abbos jiddiy jarohatlanadi. Keyinchalik u moslamaga dum qismini o‘rnatish orqali qo‘nishni osonlashtirish mumkinligini ta’kidlagan. Xuddi shu olimning o‘zi planetariy va artmillyar qubbani ko‘radi hamda vaqtni o‘lchash uchun o‘ziga xos asbob yaratadi. Oydagi kraterlardan biri uning ismi bilan nomlangan.

Andalusiyalik mashhur olim Abdulloh ibn Baytar (milodiy 1190–1248) o‘rta asrlarda yirik o‘simlikshunos va farmatsevt sifatida shuhrat qozongan bo‘lib, 1400 ga yaqin dorivor o‘simliklar va o‘tlarni tavsiflagan, ulardan 300 ga yaqini ilgari tabobatda ma’lum bo‘lmagan. Uning amalga oshirgan ishlari XVI asrgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ular orasida dorivor o‘simliklar haqidagi ilmiy asar alohida o‘rin tutadi.

Mashhur tabib Xalaf Zahroviy (milodiy 963–1013) jarrohlikni mustaqil fanga aylantirdi va ikki yuzga yaqin jarrohlik asboblarini tavsiflab berdi. U o‘rta asrlardagi eng buyuk musulmon jarroh va zamonaviy jarrohlikning ustozlaridan biri hisoblanadi. Uning ko‘pgina mavzularni qamrab olgan tibbiy matnlaridan ham musulmon, ham Yevropa mamlakatlarida olib borilgan jarrohlik amaliyotlarida to Uyg‘onish davrigacha foydalanilgan. Xalaf Zahroviyning jarrohlik va asboblar haqidagi «At-Tasrif» nomli ilmiy asari uning tibbiyot sohasi ilmiga, shuningdek, ushbu soha tarixiga qo‘shgan eng katta hissasidir. Mazkur kitob jarrohlik sohasining rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etgan va ko‘pgina tillarga tarjima qilingan. Zahroviy ko‘plab murakkab jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirgan. U qalqonsimon bezning bir qismini olib tashlash jarayonini hali bu kabi amaliyotlar Yevropada amalga oshirish boshlanmasidan to‘qqiz asr oldin tavsiflab bergan. Zahroviy og‘iz bo‘shlig‘ida turli jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirgan, mahsus asboblar yordamida tishdagi toshlarni olib tashlagan, singanlarini davolagan va pastki jag‘ chiqishini muolaja qilgan. Uning ilmiy asarida tish sug‘urish asbobi – omburlarning har xil turlari tavsif qilingan. Tish katagining qonashida uni to‘yingan kuporos bilan to‘ldirishni yoki o‘sha yerga qizdirilgan asbob bosishni tavsiya qilgan. Qurtubadagi Zahroviy yashagan ko‘cha uning nomi bilan – «Calle Albucasis» («Abul Qosim ko‘chasi») deb ataladi. U mazkur ko‘chadagi 6-uyda yashagan bo‘lib, ushbu uy hozirda turizm bo‘yicha Ispaniya Kengashi tomonidan bronzadan yasalgan xotira taxtachasi (1977 yilning yanvar oyida taqdirlangan) bilan saqlab qo‘yilgan, bu taxtachada quyidagi so‘zlar bitilgan: «Bu Abul Qosim yashagan uy».

Andalusiyalik olim Jobir ibn Aflah (XII asr) o‘zining falakiyot va riyoziyot sohasidagi ixtirolari bilan shuhrat qozondi. U Klavdiy Ptolemey o‘zining mashhur «Almagest» nomli falakiyot sohasidagi ilmiy asarida yo‘l qo‘ytan xatolarni tuzatgan. Uning kuzatuvi ostida Sevilyada Yevropadagi birinchi rasadxona qurilgan. Jobir ibn Aflahning sharafiga oydagi Geber krateri uning nomi bilan atalgan.

Yana bir andalusiyalik falakiyotchi olim Nuriddin al-Bitrujiy (1204 yilda vafot etgan) bitgan asarlarning tarjimalari ham Yevropada katta qiziqish uyg‘otgan. Ptolomeyning sayyoralar harakati borasidagi nazariyasini tanqid qilgan holda, u samoviy jismlar harakatining yangi nazariyasini ilgari suradi. Oydagi Alpetragiy krateri uning ismi bilan atalgan.

Ma’lumki, Ibrohim al-Fazariy (milodiy 777 yilda vafot etgan) tomonidan usturlobni – yulduzlar joylashuvini aniqlash uchun ishlatiladigan burchakni o‘lchaydigan asbobning ixtirosi musulmon olimlarning astronomiya sohasiga qo‘shgan buyuk xizmatlaridan biri bo‘ldi. Ushbu asbob andalusiyalik olim Ibrohim az-Zarqaliy (milodiy 1028–1087) tomonidan takomillashtirildi. «Yassi usturlob» deb atalgan ushbu yangilangan asbob bir necha asr davomida sayyohlar va falakiyotchilarning talablarini qondirib keldi. Az-Zarqaliyning sharafiga oy sathidagi tog‘ tekisligi uning nomi bilan – Arzaxel deb nomlangan.

Atoqli andalusiyalik faylasuf Ibn Rushd (1126–1198) Arastuning (Aristotel) o‘rta asrlardagi birinchi sharhlovchisi hisoblanadi. Uning asarlari ta’sirida Fransiyada «lotin averroizmi» (Ibn Rushd ismining lotincha talaffuzi – Averroes) nomi bilan tanilgan oqim paydo bo‘ldi. Boshqa tarafdan, uning asarlari Ulug‘ Albert (milodiy 1206–1280) va akvinalik Foma (1226–1274) kabi faylasuflar qarashlarining shakllanishiga katta hissa qo‘shdi.

Qurtubalik musulmon olim Idrisiy (1100–1166) 850 yil oldin zamonaviy jo‘g‘rofiy xaritalarga yaqin bo‘lgan dunyo xaritasini tuzishga muvaffaq bo‘ldi.

Musulmonlarning riyoziyot sohasidagi yutuqlarini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Ushbu yutuqlarga hatto zamonaviy Yevropa olimlari ham qoyil qolmoqdalar. Misol uchun, taniqli g‘arb olimi, professor Jak Risler shunday degan: «Uyg‘onish davridagi bizning riyoziyot ustozlarimiz musulmonlar bo‘lishgan».

Ta’kidlash lozimki, 950 yilda Andalusda Yevropadagi birinchi qog‘oz ishlab chiqarish fabrikasi qurilgan. «Ko‘hna dunyo»ning boshqa mamlakatlarida esa bunday fabrikalar ancha keyin paydo bo‘lgan: Rumda – 1100 yilda, Siqilliyada – 1102 yilda, Olmoniyada – 1228 yilda, Angliyada esa 1309 yilda.

Qurtubada aholi orasida deyarli to‘liq savodxonlikka erishilgan. Uning aholisi, olimlari va savdogarlari, jangchilari va mehnatkashlari – barcha-barchasi ilm olishga, ilmiy mubohasalar olib borishga, kitoblarni o‘qish va muhokama qilishga nihoyatda istakli edilar. Hatto Qurtubadagi ayollar orasida ham kitob yig‘ishga ishtiyoq kuchli edi.

Musulmonlar faoliyati ilm-fan, sanoat va san’atning barcha sohalarini qamrab olgan edi. Ular tomonidan amalga oshirilgan jamoatchilik ishlari rimliklar faoliyatidan ham kattaroq edi. Barcha yerlarda ko‘priklar, yo‘llar qurilar, sayyohlar uchun mehmonxonalar qad ko‘tarar, ularning adadi tobora oshib borar edi. Arxiyepiskop Ximenes keyinchalik Grenadada arab qo‘lyozmalarini yoqar ekan (ulardan sakson ming atrofida to‘plagan edi), o‘z dinining dushmanlari haqidagi xotiralarni tarix sahifalaridan butunlay o‘chirib tashlamoqchi bo‘ldi. Ammo ayon bo‘ldiki, ularning nomlari nafaqat yozma meroslari, balki musulmonlar Yer yuzida qoldirgan sonsanoqsiz mehnat maxsullari tufayli saqlanib qoldi.

Dengiz floti nihoyatda rivojlangan bo‘lib, uning vositasida Yevropa, Osiyo va Afrikaning barcha dengiz bo‘yi shaharlari bilan savdo-sotiq ishlari olib borilgan. Uzoq vaqt davomida musulmonlar O‘rta yer dengizining yagona xo‘jayinlari bo‘lishgan (Gyustav Lebon. «Arablar tamadduni», 1884).

Bir necha yuz yil ichida Ispaniyani ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan o‘zgartirgan musulmonlar uni Yevropadagi (barcha xalqlar ustidan eng yuqori darajaga chiqarib qo‘yishdi. Hatto odob-axloq ham ulkan o‘zgarishlarga uchradi. Musulmonlar nasroniylarni eng qimmatli insoniy sifat- bag‘rikenglikka o‘rgatdilar (barcha hech bo‘lmaganda shunday bo‘lishga harakat qilardi). Ularning fath etilgan mamlakat aholisiga nisbatan marhamati shu darajada ediki, hatto nasroniy ruhoniylarga cherkov yig‘ilishlarini o‘tkazishlariga ijozat berilgan edi. 782 yilda Sevilyadagi yig‘ilish yoki 852 yilda Qurtubadagi yig‘ilish shu jumladandir. Arablar hukmronligi davrida ko‘rilgan ko‘plab cherkovlar ham ularning o‘z qo‘llari ostidagi xalqlar e’tiqodiga nisbatan hurmatini isbotlaydi. Musulmonlar Ispaniyasi Yevropadagi yahudiylar panoh topgan yagona mamlakat edi. Shuning uchun ko‘plab yevropaliklar bu yerlarga ko‘chib kelishgan.

Gyustav Lebonning yozishicha, Ispaniya arablarini bag‘rikenglikdan tashqari, oliyjanoblik xislatlari ham ajratib turardi. Ritsarlik qonunlari: zaiflarga shafqat qilish, mag‘lubga nisbatan marhamatli bo‘lish, berilgan so‘zga sodiq qolish va boshqalarni nasroniy mamlakatlar keyinroq qabul qildilar; odamlar qalbiga dindan ko‘ra mazkur qonunlar ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi, bular esa Yevropada arablar sababli tarqalgan edi.
 

Omiriylarning xokimiyatni egallashi

Andalusda hijriy 366–399 (milodiy 976–1008) yillarda Hojib Mansur Omiriy mulkni, hukumatni o‘ziniki qilib oldi. U o‘n yoshli xalifa Hishomning vasiysi bo‘lgani va Banu umayyalarning zaiflashganidan unumli foydalandi. Mansur Omiriy o‘tkir zehnli, shijoatli va tadbirkor odam bo‘lib, qo‘zg‘alon va fitnalarni ustalik bilan bostirar edi. U nasroniylarga qarshi fath ishlarini davom ettirdi. Ko‘pincha urushlarga o‘zi rahbarlik qilar edi. Ellikta jang olib borilgan bo‘lsa, ularning birortasida mag‘lubiyatga uchramadi. Shimoli-g‘arbdan Ispaniyaning eng uzoq hududlarigacha yetib bordi. Yevropa podshohlarining barchasi uning haybatidan titrar edi.

Mansur Omiriydan keyin hokimiyatni o‘g‘li Abdulmalik oldi. U ham shijoatda, zakovatda huddi otasiga o‘xshardi. Abdulmalikdan keyin hokimlik uning ukasi Abdurrahmonga o‘tdi. Abdurrahmon otasi va akasidan ko‘ra anchagina zaif edi. U hijriy 399 yilda qatl qilindi. Ushbu hodisa bilan omiriylarning Andalusdagi hukmi nihoyasiga yetdi.

Hukmdorlik yana Banu Umayyaga qaytdi. O‘sha vaqtda Banu Umayyaning odamlari zaif bo‘lib, o‘zaro urushlar, nizolar tez-tez chiqib turardi. Nihoyat hijriy 422 (milodiy 1031) yilda ularning hukmi tugadi va Andalus turli amirliklarga bo‘linib, tarqalib ketdi. Hokimiyatni amirliklarning podshohlari egallab oldi. Bu haqda keyinroq batafsil so‘z yuritiladi.

 

Andalusdagi eng mashxur umaviy jokimlar:

1. Abdurrahmon Doxil. Hijriy 138–172 (milodiy 756–788) yillar
2. Hakam ibn Hishom. Hijriy 180–206 (milodiy 796–821) yillar.
3. Abdurrahmon ibn Hakam. Hijriy 206–238 (milodiy 821–852) yillar.
4. Muhammad ibn Abdurrahmon. Hijriy 238–273 (milodiy 852–886) yillar.
5. Abdulloh ibn Muhammad. Hijriy 275–300 (milodiy 888–912) yillar.
6. Abdurrahmon ibn Muhammad Nosir. Hijriy 300–350 (milodiy 912–961) yillar.
 

Keyingi mavzu:
Mag‘ribdagi Sijilmosaning Banu Midror davlati;
O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati;
Marokashdagi idrisiylar davlati;
Tunis – Qayruvondagi ag‘labiylar davlati;
Tashqi fathlar.