So'nggi yillarda yurtimizda xayrli bir an'ana shakllandi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev har yili yil so'ngida Oliy Majlisga va O'zbekiston xalqiga murojaat qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar va ularning natijalari, yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo'llari va choralari haqida kuyinib gapirmoqdalar.
Shu bilan bilan, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida ham to'xtalib, har bir ishni puxta bajarish zarurligini ta'kidlamoqdalar.
Bugun muhtaram Yurtboshimiz Oliy Majlisga va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bunday dedilar: «Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o'tmayapti.
Lekin, takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar etishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm g'oyalariga berilganlar bo'lishi mumkinmi?
Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg'unchi yot g'oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma'rifat o'rnini jaholat egallashiga yo'l qo'ymaymiz».
Darhaqiqat, bugun O'zbekistonning har bir fuqarosi, kim o'lishidan qat'i nazar, yanada hushyorroq va sergakroq bo'lishi shart. Chunonchi, hozirgi vaqtda dunyoning bir chekkasida sodir bo'layotgan voqea-hodislarning ijobiy natijalari yoki salbiy oqibatlari zum o'tmay yurtimizda ham bo'y ko'rsatmoqda.
Bunday holat kishiga Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamning quyidagi muborak hadislariga qat'iy rioya etishni eslatadi: «Har biringiz mutasaddisiz, har biringiz qo'l ostingizdagilar uchun mas'ulsiz. Har bir rahbar insonlar ustidan mutasaddidir va ular uchun mas'uldir. Er o'z ahli ayoli va qo'l ostidagilar ustidan mutasaddidir va ular uchun mas'uldir. Hotin erining uyida mutasaddidir va qo'l ostidagilar uchun mas'uldir»(Imom Buxoriy rivoyati).
Bugun O'zbekiton har bir fuqarosining nigohi oynai jahonga qadaldi. Davlatimiz Rahbarining Murojaatnomasini barchamiz jon qulog'imiz bilan eshitdik. Bu Murojaatnoma yurtimizning keyingi yillardagi taraqqiyot strategiyasini belgilab beruvchi muhim kontseptual asos bo'ladi.
Darvoqe, biz tarixdan saboq chiqarib yashashga odatlangan xalqmiz. Shunday ekan, Preidentimiz ta'kidlaganlaridek, biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg'unchi yot g'oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma'rifat o'rnini jaholat egallashiga yo'l qo'ymasligimiz shart.
Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.
“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.
Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati