Murojaatnomada xalqimiz istiqboli hamda mamlakat ravnaqi uchun har bir rahbar, har bir fuqaro qanday ish tutishi va yuritishi bilan bog'liq vazifalar aniq va keskin ravishda belgilab berildi. Masalaga ongli ravishda yondashish, korruptsiya balosiga qarshi keskin kurashish, ilm-fanni, barcha sohaviy yo'nalishlarda o'zaro manfaatli hamkorlik to'g'ri yo'lga qo'yilmasa, mamlakat taraqqiyoti haqida so'zlash behuda.
Har sohaga oid masalalarga to'xtalib, aniq taklif va tavsiyalar bildirgan Prezident millatlararo do'stlik, diniy konfessiyalar o'rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag'rikenglik muhitini yana mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etilishini hamda butun dunyoda rivojlanib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar bizni ham chetlab o'tmayotganini afsus bilan yodga olib, barchani ogoh bo'lishga yana bir bor chaqirdi.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, butun musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi buyuk ulamolar etishib chiqqan bizning diyorimizda adashganlar, radikalizm va ekstremizm g'oyalariga berilganlar bo'lishi mumkinmi degan savolga mahalla raisidan boshlab, vazir va butun jamoatchligimiz yo'q deb javob bergan holda, bu bilan kifoyalanib qolmasligimiz, bunga birgalikda kurashishimiz darkor.
Murojaatda har qanday radikallashuvga, yoshlarni ongini yot g'oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma'rifat o'rnini jaholat egallashiga hech qachon yo'l qo'yilmasligi ta'kidlandi. Bu bilan ushbu yo'nalishda qonun ustuvorligi ta'minlanishi ma'lum qilindi.
Biz, Samarqand viloyati diniy soha vakillari, ulamolar yoshlarning turli yot g'oyalar ta'siriga tushib qolmasliklari uchun islom dinining asl mohiyatini ularga to'g'ri etkazish, bu borada buyuk alloma bobolarimizning ilmiy meroslaridan unumli foydalanish borasida ko'plab ishlarni amalga oshirishimiz zarurligini angladik.
Zayniddin EShONQULOV,
O'zbekiston musulmonlar idorasi
Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi
O'zA.
24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.
Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.
27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati