O'tmishda o'ta zolimligi bilan nom chiqargan bir qaroqchi yashagan ekan. U butun umrini qaroqchilik, talonchilik bilan o'tqazib, o'tkinchi karvonlarni yo'lini to'sib, mol-mulkini talon-taroj qilar ekan. Bir kuni katta karvonni yo'lini to'sibdi. Karvonning egasi keksa bir donishmand shayx edi. Qaroqchi karvondagi mollarni zulm va zo'rlik bilan tortib olayotganini ko'rgan donishmand shayxga qarab: “Eh, seni holingga voy bo'lsin!!! Nahotki onang seni zolimlik va qaroqchilik bilan kun kechirishing va do'zax otashida kuyib yonishing uchun dunyoga keltirgan bo'lsa. Bu ishlaring ulkan gunoh ekanligini bilmaysanmi?” dedi. Donishmandning bu so'zlari qaroqchiga qattiq ta'sir qildi va o'zini shayxning oyog'i ostiga tashladi. Aytdiki: «Meni gunohlarimni Alloh kechirarmikan, butun hayotimni qaroqchilik qilib ko'plab insonlarga zulm o'tkazganman», dedi.
Donishmand aytdiki: «Alloh mehribon va rahmli zotdir. Agar chin qalbdan tavba tazarru qilsang, u albatta kechiradi. Mana bu daraxt ko'chatlarini olib shu atrofga ekkin va qo'lingdan kelguncha xayrli, savobli ishlarni qilgin. Ko'chatlar ko'kargan vaqtda bilginki, Alloh seni tavbangni qabul qilib, gunohlaringni kechirgan bo'ladi», dedi.
Qaroqchi bu gaplardan keyin bor molu-davlatini kambag'allarga va etimlarga ehson qilib yubordi. O'zi qaroqchilik qilgan yo'l bo'yiga karvonsaroy qurdirib, o'tgan ketganlarga suv ulashishni odat qildi. Har kuni ekkan ko'chatlariga qarardi, lekin ko'chatlar ko'karmasdi. Kunlardan bir kun uzoqdan shoshib kelayotgan notanish otliqqa ko'zi tushdi. Unga peshvoz chiqib, «Ey yo'lovchi, keling, bir muddat dam oling, aziz mehmonim bo'ling», dedi. Yo'lovchi esa qoch yo'limni to'sma, shoshib turibman, - dedi.
-Men shu yo'ldan o'tganlarni xojatini chiqarib, duosini olishni niyat qilgandim, hech bo'lmasa bir piyola suv ichib keting,- deb ilindi. Bunga javoban otliq yo'lovchi uni qamchisi bilan savaladi. Yigit g'azabi qo'zib, avvalgi holiga qaytdi. Otliqni o'lasi qilib do'pposladi. O'limi oldidan yo'lovchi tinmay – meni Alloh jazoladi - derdi. O'tmishi qaroqchi hozirda bog'bon bo'lgan yigit bu so'zlardan taajublandi. Qilib qo'ygan ishidan afsuslanib o'tirarkan. Yo'lovchining qo'ynidagi maktubga ko'zi tushdi va ochib o'qidi. Unda Vatanining barcha sirlari va maxfiy chegarasining zaif nuqtalari yashirin ma'lumotlarini ko'rib bildiki, o'lgan odam oddiy yo'lovchi emas, balki arzimagan pulni deb yurtiga, Vataniga xiyonat qilish uchun ketayotgan Vatanfurush xoin ekan.
Banogoh ko'chatga ko'zi tushdi. Ko'chatlar kurtak otib ko'karayotgan edi.
Qissadan hissa shuki, bilib-bilmasdan noto'g'ri yo'lga kirib qolayotgan yoshlar, ayniqsa noqonuniy yo'l bilan chet ellarga ketgan va har xil aqidaparast oqimlarga, manfur jangari guruhlarga qo'shilib, o'z yurtiga, xalqiga qarshi bo'lmag'ur po'pisalar, iddaolar qilayotgan ba'zi bir vatanfurushlar qiyomat kunida Alloh taoloning xuzurida nima deb javob berishadi?
Axir dunyoga inson o'z yurtiga xoinlik qilish uchun emas, balki obod etib, xayrli va savobli ishlarni ko'proq, ikki dunyo saodatini qo'lga kiritish uchun keladi. Shuni bilaylikki, Allox taolo vatanfurush xoinlarni bu dunyoda ham, oxiratda ham ulkan azoblarga giriftor qiladi.
Alloh taolo barchamizni bu tabarruk va muqaddas yurtimizni, zaminimizni tinch osoyishta, osmonimizning musaffo bo'lishi, yanada yuksalishi uchun qo'limizdan kelgancha hissa qo'shishimizni nasib aylasin.
RUSTAMHON ERGAShYeV
Oqdaryo tumani “Qum” jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Qur’on tinchlikka buyuradi» shiori ostida Samarqand shahridagi "Obi Rahmat" jome masjidida Qur’on musobaqasi tashkil etildi. Qur’oni karimga bo‘lgan muhabbatni yuksaltirish, qiroat va tajvid ilmlarini keng targ‘ib etish hamda jamiyatda tinchlik va osoyishtalik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu xayrli tadbirning saralash bosqichlaridan o‘tgan ishtirokchilar «Hifz» va «Mujavvid» yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar:
«Hifz» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Asqar Tursunov (Samarqand shahri, «Muhammadamin ota» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Abduvakil Olimov (Urgut tumani, «G‘avsul A’zam» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Shavkat Mahmudov (Narpay tumani, «So‘fi Ziyrak» masjidi imom-xatibi).
«Mujavvid» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Zikrullo Matlabov (Samarqand shahri, «Xo‘ja Abdu Darun» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Burxoniddin Tursunov (Nurobod tumani, «Jom ota» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Isomiddin Isayev (Paxtachi tumani, «Xo‘ja Ziyovuddin» masjidi imom-xatibi).
Qo‘shimcha nominatsiyalar:
«Eng ta’sirchan tilovat»: O‘tkir Abdullayev (Pastdarg‘om tumani);
«Eng go‘zal tilovat»: Sardorxon Sobirov (Samarqand tumani);
«Tajvid qoidalariga eng mukammal rioya qilgan ishtirokchi»: Yusufxon Nizomov (Samarqand shahri).
Tadbir yakunida g‘oliblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining diplomlari va «Vaqf» fondi filiali tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati