Toshkent islom institutida yoshlarning mafkuraviy immunitetini yanada oshirish, turli oqimlarning yot g'oyalari ta'siriga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan tadbirlar doirasida Ichki ishlar vazirligi terrorizm va ekstermizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi mas'ul xodimi Abdumalik Karimov “Ekstremistik va terrorchi tashkilotlarning butunjahon internet tarmog'idagi targ'ibot va yollash faoliyatining xususiyatlari” mavzusida ma'ruza bilan ishtirok etdi.
Tadbirni TII Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektor Umidjon Hodjayev kirish so'zi bilan ochib berdi.
Bugungi kunda ekstremizm va terrorizm masalasi dunyodagi eng global muammoga aylanib bormoqda. Ularning amalga oshirayotgan xunrezlik va qabih ishlarini butun insoniyat qattiq qoralamoqda. Yanada qabihroq tomoni shundaki, ular qilayotgan ishlarini din niqobi ostida, muqaddas islom dinini asl mohiyatlarini buzgan holatda amalga oshirmoqda. Ular o'z targ'ibotlarini kengaytirish uchun ommaviy axborot vositalari, zamonaviy texnologiyalar, internet kabi global tarmoqlardan maksimal darajada foydalanayotganligi kishini o'yga toldiradi. Chunki, hozirgi kunda internet tarmog'i insonlar, ayniqsa, yoshlar hayotining asosiy qismiga aylanib ulgurgan. Shu va boshqa jihatlarni e'tiborga olib, bu global muammoga qarshi ma'naviy-ma'rifiy kurash bilan bir qatorda uning huquqiy asoslarini ishlab chiqishni talab qiladi. Bundan maqsad fuqarolarimizning bunday nobakorlar safiga bilib-bilmay qo'shilib qolishning oldini olishdan iboratdir.
Real hayotimizdagidan ko'ra, virtual hayotda ko'proq odamlar bilan do'st tutinamiz. Ularning aslida kimligi, do'stlik taklif qilishdan maqsadi neligi bilan esa qiziqish hayolimizga ham kelmaydi. Bu esa bizning eng katta kamchiliklarimizdan biridir. Qarang, salafi solihlarimiz kim bilan do'st bo'lish haqida muayyan dastur tuzib qo'ygan ekanlar.
Alqama ibn Labid rahmatullohi alayh o'g'liga nasihat qilib dedi:
“Ey o'g'lim! Vaqtiki kelib do'st tutishga ehtiyoj sezganingda, to'g'ri kelgan odam bilan do'st tutinib ketavermagin! Balki, do'sting senga ma'naviy ziynat beruvchi fozil bo'lsin! Yengiltaklik qilganingda seni tartibga soluvchi nosih bo'lsin! Boshingga musibat tushganda senga dalda bo'luvchi mard bo'lsin! Haq gapni aytganingda seni tasdiqlab, qo'llaguvchi sodiq bo'lsin! Yordamiga muhtoj bo'lganingda yordamini ayamaydigan sahiy bo'lsin! Unga do'stona qo'l cho'zganingda u ham senga qo'l cho'zuvchi samimiy bo'lsin! Sening yaxshi ishlaringga munosib baho beruvchi odil bo'lsin! Kamchiliklaringni yashiruvchi oliyjanob bo'lsin! Uning ortidan senga kulfat kelmaydigan bo'lsin! U tufayli hayoting ostin-ustin bo'lib ketmaydigan bo'lsin! Omma oldida seni xo'rlamaydigan bo'lsin!”
Bu nasihat o'z davri odamlariga nisbatan bugungi zamon odamlari uchun zarurroq, desak to'g'ri bo'ladi. Chunki ilgargi odamlarning minglab-minglab do'stlari, guruhdoshlari, kanaldoshlari bo'lmagan. Ular o'z mahallasi, nari borsa qo'shni mahalladagi tanishlari bilangina do'stlik rishtasini bog'lay olganlar xolos. Biz esa bugun uyda o'tirib, sayyoramizning narigi nuqtasidagi odamga o'z sirlarimizni ochyapmiz, dardimizni aytib holimizdan shikoyatlar qilyapmiz. Salafi solihlar o'gitlariga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlardagi «do'stlarimiz»ning kimligi bilan jidiy qiziqib qo'ysak, sirlarimiz ayniqsa, shaxsiy ma'lumotlarimizni kimlar bilan bo'lishayotganimizga ahamiyat bersak foydadan holi bo'lmas ekan!
TII Matbuot xizmati
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati