Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Faqirlikdan emas, boylik to'plashingizdan qo'rqaman

16.12.2022   10640   2 min.
Faqirlikdan emas, boylik to'plashingizdan qo'rqaman

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men sizlar uchun faqirlikdan qo'rqmayman, lekin takosur (ya'ni mol-dunyoni to'plashda musobaqalashingiz)dan qo'rqaman. Men (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman, ammo gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman”, dedilar (Imom Ahmad, Bazzor, Hokim rivoyati).

Boylik ham, faqirlik ham Alloh taoloning taqdiri bo'lib, barcha insonlar bu ikkisidan biri bilan sinovdan o'tadi. Alloh taolo bemorning sabrini, boyning shukrini sinaydi.

“Men sizlar uchun faqirlikdan qo'rqmayman” chunki biror bandaga faqirlik etsa bu – Allohning irodasi, sinovidir. Faqir odamning etgan sinovga sabr qilishdan boshqa iloji yo'q. Ko'ngilxushlik, maishatparastlik kabilarga esa “qo'li kaltalik” qiladi. Imkon qadar ko'proq ibodatlar bilan mashg'ul bo'lishga intiladi.

“lekin takosur (ya'ni mol-dunyoni to'plashda musobaqalashingiz)dan qo'rqaman” – ammo boylik va mol-dunyoning ko'payishi og'ir sinovdir. Boyligi ko'paygan banda kambag'allik vaqtida qilmagan gunoh-ma'siyatlarga qo'l uradi, Robbiga itoatsizlik qilib, ibodatlarni tark eta boshlaydi.

Bugungi kunda qancha insonlar mol-dunyosini ko'paytirish ortidan quvib, jinoyatning har qanday ko'rinishini sodir etmoqda. Hatto, boylik uchun o'z ota-onasi va yaqinlaridan voz kechmoqda. Qavm-qarindosh bir-biriga dushmanga aylanmoqda. Bejizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarining boylik to'plashga ruju qo'yishidan xavfsiramagan ekanlar. Bu ham payg'ambarlik mo''jizalaridan biridir.

“Men (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman” Mo'min banda imkon qadar Allohning buyruqlarini bajarishga harakat qiladi. Bu borada qancha to'siqlarni engib o'tadi, qiyinchiliklarga bardosh beradi. Ammo banda farishta emas, ba'zi vaqtlarda bilmasdan xato qiladi yoki ayrim narsalarni unutib qo'yadi. Lekin tezda tavba qiladi, Robbiga duo qiladi: “Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin”.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qiluvchidir, xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).

“ammo gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman” – bilib turib qilingan gunohning azobi juda qattiq bo'ladi. Banda bilmay qilgan gunohini Alloh kechirishi mumkin, faqat O'ziga havola. Ammo gunohga jur'atli bo'lish, qasddan qilish gunohning o'zidan ko'ra ulkan va og'irroq gunohdir. Eng muhimi – banda gunohni bilib yoki bilmay qilsa ham, kimga osiylik qilayotganini unutmasligi lozim!

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   1991   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar