Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men sizlar uchun faqirlikdan qo'rqmayman, lekin takosur (ya'ni mol-dunyoni to'plashda musobaqalashingiz)dan qo'rqaman. Men (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman, ammo gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman”, dedilar (Imom Ahmad, Bazzor, Hokim rivoyati).
Boylik ham, faqirlik ham Alloh taoloning taqdiri bo'lib, barcha insonlar bu ikkisidan biri bilan sinovdan o'tadi. Alloh taolo bemorning sabrini, boyning shukrini sinaydi.
“Men sizlar uchun faqirlikdan qo'rqmayman” – chunki biror bandaga faqirlik etsa bu – Allohning irodasi, sinovidir. Faqir odamning etgan sinovga sabr qilishdan boshqa iloji yo'q. Ko'ngilxushlik, maishatparastlik kabilarga esa “qo'li kaltalik” qiladi. Imkon qadar ko'proq ibodatlar bilan mashg'ul bo'lishga intiladi.
“lekin takosur (ya'ni mol-dunyoni to'plashda musobaqalashingiz)dan qo'rqaman” – ammo boylik va mol-dunyoning ko'payishi og'ir sinovdir. Boyligi ko'paygan banda kambag'allik vaqtida qilmagan gunoh-ma'siyatlarga qo'l uradi, Robbiga itoatsizlik qilib, ibodatlarni tark eta boshlaydi.
Bugungi kunda qancha insonlar mol-dunyosini ko'paytirish ortidan quvib, jinoyatning har qanday ko'rinishini sodir etmoqda. Hatto, boylik uchun o'z ota-onasi va yaqinlaridan voz kechmoqda. Qavm-qarindosh bir-biriga dushmanga aylanmoqda. Bejizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarining boylik to'plashga ruju qo'yishidan xavfsiramagan ekanlar. Bu ham payg'ambarlik mo''jizalaridan biridir.
“Men (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman” – Mo'min banda imkon qadar Allohning buyruqlarini bajarishga harakat qiladi. Bu borada qancha to'siqlarni engib o'tadi, qiyinchiliklarga bardosh beradi. Ammo banda farishta emas, ba'zi vaqtlarda bilmasdan xato qiladi yoki ayrim narsalarni unutib qo'yadi. Lekin tezda tavba qiladi, Robbiga duo qiladi: “Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin”.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qiluvchidir, xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
“ammo gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman” – bilib turib qilingan gunohning azobi juda qattiq bo'ladi. Banda bilmay qilgan gunohini Alloh kechirishi mumkin, faqat O'ziga havola. Ammo gunohga jur'atli bo'lish, qasddan qilish gunohning o'zidan ko'ra ulkan va og'irroq gunohdir. Eng muhimi – banda gunohni bilib yoki bilmay qilsa ham, kimga osiylik qilayotganini unutmasligi lozim!
Davron NURMUHAMMAD
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati