Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

Havas qiling, etarsiz murodga!

15.12.2022   1804   5 min.
Havas qiling, etarsiz murodga!

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi qishloqda kuch-g'ayratga to'la 120 yoshga kirgan otaxonni ko'rib qoladi. Hayron bo'lib undan so'raydi: “Bu yoshda shuncha shijoat qayerdan?” Mo'ysafid shunday javob beradi:

                                Tashladim yomon illat hasadni,

Hudo berdi bu g'ayratli jasadni.

Anglaganingizdek, bu galgi mulohazamiz havas va hasad to'g'risida. Suhbatdoshimiz O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Ravshan domla O'rinboyev

Avvalo, suhbatimizni havas va hasad nima degan savolga javob olishdan boshlasak. Dinimizda bu borada qanday tushuntirishlar beriladi?

– Agar kimki, birovga berilgan ne'matga yomon niyat bilan qarab, o'sha ne'matni undan ketib, o'ziga berilishini xohladimi, bu hasad. Aksinchi bundan xursand bo'lib, o'sha ne'matni egasida qolishi va o'ziga ham shunga o'xshagan ne'mat berilishini orzu qilish esa havasdir. Dinimizda ham hasadgo'ylik qoralanadi. Bu illat gunohligi aytiladi. Albatta, hasad qilayotgan kishi g'iybat qilish asnosida gunohga botadi. Bu bilan to'plagan savoblarini o'sha odamga “hadya” qilib yuboradi.

Ho'sh, hasad qanday paydo bo'ladi? Bu savolga Abu Bakr ar-Roziy rahmatullohi alayh o'zining “At-Tibb ar-ruhoniy” kitobida bunday javob bergan: “Hasad baxillik va ochko'zlikning birlashishidan paydo bo'ladi. Lekin u baxillikdan ko'ra yomonroqdir. Chunki baxil o'zining mulkida bo'lgan narsani hech kimga berishni istamaydi. Hasadgo'y esa o'z mulkida bo'lmagan narsani hech kimga berishni xohlamaydi”.

Shu o'rinda hasad ham bir kasallik, ya'ni qalb kasalligi desak adashmaymiz, to'g'rimi?

– Huddi shunday. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Sizlarga ham oldin o'tgan ummatlarning kasali: hasad va bug'zu-adovat o'tdi. U (ikkisi) qiruvchidir. Sochni qiradi demayman, balki dinni qiradi! Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, mo'min bo'lmaguningizcha, jannatga kirmaysiz. Bir-biringizni yaxshi ko'rmaguncha, mo'min bo'lmaysiz. O'shanda sobit qadam qiladigan narsa haqida sizlarga xabar beraymi? Orangizda salomni keng yoying” (Imom Termiziy rivoyati).

Bu kasallik nafaqat qalbni, iymonni zaiflashtiradi. Balki jismoniy sog'liqdan ham ayira boshlaydi. Ya'ni doimiy mahzunlik, tez achchiqlanish, uyqusizlik, odamovi bo'lib qolish, ishtahaning buzilishi natijasida mizojni aynishi, yuzga ajin tushishi, tez va erta qarish holatlarini olib keladi. O'z navbatida jamiyatda kibr, adovat kabi parokandaliklar ko'payadi.

Ko'p va xo'p eshitgansiz, er yuzida birinchi qotillik hasad sababli sodir bo'lgandi. Qobil o'z ukasi Hobilga hasad qiladi va natijada uning qotiliga aylanadi. Qur'oni karimda bu holat quyidagicha bayon qilinadi: “Uning (havoyi) nafsi birodarini o'ldirishni xush ko'rsatdi va darhol, uni o'ldirdi. Shu bilan u ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qoldi” (Moida surasi, 30-oyat).

– Bugun ham oramizda  o'zganing yutug'ini, ayniqsa, mol-dunyosi, hatto oilaviy baxtini ko'rolmay turli “o'yinlar”ni uyushtirayotganlar, afsuski, yo'q emas. Bunga da'voni qayerdan izlashimiz kerak?

– Avvalo, oiladan, tarbiyadan boshlashimiz kerak. Qaysidir ma'noda ota-onaning o'zi ham sababchi bo'lib qolishi mumkin. Aytaylik, aksariyat hollarda  oilada kenja farzandga ko'proq e'tibor beriladi. Yoki ba'zilar qaysidir o'g'il yoki qizini boshqasidan ustunroq ko'radi. Shunday hollarda bolalarning “nimaga menga kam, unga boshqachasi” degan xarxashalarini eshitamiz. Bu asta-sekinlik bilan bola onggida hasadni vujudga keltira boshlaydi. Yoki bog'cha, maktablarda o'quvchilar orasida taqqoslashlar bo'ladi. Bilinmas holda bolalikdanoq tamal toshi qo'yilgan hasad inson bilan birga o'sib-ulg'ayib, uni halokat sari etaklaydi. Shuning uchun ota-ona va murabbiylar bola tarbiyasidek nozik masalaga e'tibor bilan yondoshishlari hamda bolalarni farqlamay, ularga bir xil muomalada bo'lishlari shart.

Hadisu sharifda bunday deyiladi. “Hasaddan saqlaninglar. Chunki u xuddi olov o'tinni egani kabi yaxshiliklarni eydi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Hadisni shahrlagan ulamolarimiz aytadilarki, insonlarnning hasaddan saqlanishi yurtga xayr-baraka va hamjihatlikni olib keladi. Har bir inson boshqa ma'naviy jinoyatlardan qutilish barobarida, hasad kabi katta ma'naviy jinoyatdan ham xalos bo'lishi shart. O'shandagina elu yurtda hamjihatlik, xalqda totuvlik va yaxshiliklardan umid qilsak bo'ladi.

Huvaydo Ho'jamqulova
suhbatlashdi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   33120   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari