Rivoyat qilishlaricha, bir kishi qishloqda kuch-g'ayratga to'la 120 yoshga kirgan otaxonni ko'rib qoladi. Hayron bo'lib undan so'raydi: “Bu yoshda shuncha shijoat qayerdan?” Mo'ysafid shunday javob beradi:
Tashladim yomon illat hasadni,
Hudo berdi bu g'ayratli jasadni.
Anglaganingizdek, bu galgi mulohazamiz havas va hasad to'g'risida. Suhbatdoshimiz O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Ravshan domla O'rinboyev
–Avvalo, suhbatimizni havas va hasad nima degan savolga javob olishdan boshlasak. Dinimizda bu borada qanday tushuntirishlar beriladi?
– Agar kimki, birovga berilgan ne'matga yomon niyat bilan qarab, o'sha ne'matni undan ketib, o'ziga berilishini xohladimi, bu hasad. Aksinchi bundan xursand bo'lib, o'sha ne'matni egasida qolishi va o'ziga ham shunga o'xshagan ne'mat berilishini orzu qilish esa havasdir. Dinimizda ham hasadgo'ylik qoralanadi. Bu illat gunohligi aytiladi. Albatta, hasad qilayotgan kishi g'iybat qilish asnosida gunohga botadi. Bu bilan to'plagan savoblarini o'sha odamga “hadya” qilib yuboradi.
Ho'sh, hasad qanday paydo bo'ladi? Bu savolga Abu Bakr ar-Roziy rahmatullohi alayh o'zining “At-Tibb ar-ruhoniy” kitobida bunday javob bergan: “Hasad baxillik va ochko'zlikning birlashishidan paydo bo'ladi. Lekin u baxillikdan ko'ra yomonroqdir. Chunki baxil o'zining mulkida bo'lgan narsani hech kimga berishni istamaydi. Hasadgo'y esa o'z mulkida bo'lmagan narsani hech kimga berishni xohlamaydi”.
– Shu o'rinda hasad ham bir kasallik, ya'ni qalb kasalligi desak adashmaymiz, to'g'rimi?
– Huddi shunday. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Sizlarga ham oldin o'tgan ummatlarning kasali: hasad va bug'zu-adovat o'tdi. U (ikkisi) qiruvchidir. Sochni qiradi demayman, balki dinni qiradi! Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, mo'min bo'lmaguningizcha, jannatga kirmaysiz. Bir-biringizni yaxshi ko'rmaguncha, mo'min bo'lmaysiz. O'shanda sobit qadam qiladigan narsa haqida sizlarga xabar beraymi? Orangizda salomni keng yoying” (Imom Termiziy rivoyati).
Bu kasallik nafaqat qalbni, iymonni zaiflashtiradi. Balki jismoniy sog'liqdan ham ayira boshlaydi. Ya'ni doimiy mahzunlik, tez achchiqlanish, uyqusizlik, odamovi bo'lib qolish, ishtahaning buzilishi natijasida mizojni aynishi, yuzga ajin tushishi, tez va erta qarish holatlarini olib keladi. O'z navbatida jamiyatda kibr, adovat kabi parokandaliklar ko'payadi.
Ko'p va xo'p eshitgansiz, er yuzida birinchi qotillik hasad sababli sodir bo'lgandi. Qobil o'z ukasi Hobilga hasad qiladi va natijada uning qotiliga aylanadi. Qur'oni karimda bu holat quyidagicha bayon qilinadi: “Uning (havoyi) nafsi birodarini o'ldirishni xush ko'rsatdi va darhol, uni o'ldirdi. Shu bilan u ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qoldi” (Moida surasi, 30-oyat).
– Bugun ham oramizda o'zganing yutug'ini, ayniqsa, mol-dunyosi, hatto oilaviy baxtini ko'rolmay turli “o'yinlar”ni uyushtirayotganlar, afsuski, yo'q emas. Bunga da'voni qayerdan izlashimiz kerak?
– Avvalo, oiladan, tarbiyadan boshlashimiz kerak. Qaysidir ma'noda ota-onaning o'zi ham sababchi bo'lib qolishi mumkin. Aytaylik, aksariyat hollarda oilada kenja farzandga ko'proq e'tibor beriladi. Yoki ba'zilar qaysidir o'g'il yoki qizini boshqasidan ustunroq ko'radi. Shunday hollarda bolalarning “nimaga menga kam, unga boshqachasi” degan xarxashalarini eshitamiz. Bu asta-sekinlik bilan bola onggida hasadni vujudga keltira boshlaydi. Yoki bog'cha, maktablarda o'quvchilar orasida taqqoslashlar bo'ladi. Bilinmas holda bolalikdanoq tamal toshi qo'yilgan hasad inson bilan birga o'sib-ulg'ayib, uni halokat sari etaklaydi. Shuning uchun ota-ona va murabbiylar bola tarbiyasidek nozik masalaga e'tibor bilan yondoshishlari hamda bolalarni farqlamay, ularga bir xil muomalada bo'lishlari shart.
Hadisu sharifda bunday deyiladi. “Hasaddan saqlaninglar. Chunki u xuddi olov o'tinni egani kabi yaxshiliklarni eydi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hadisni shahrlagan ulamolarimiz aytadilarki, insonlarnning hasaddan saqlanishi yurtga xayr-baraka va hamjihatlikni olib keladi. Har bir inson boshqa ma'naviy jinoyatlardan qutilish barobarida, hasad kabi katta ma'naviy jinoyatdan ham xalos bo'lishi shart. O'shandagina elu yurtda hamjihatlik, xalqda totuvlik va yaxshiliklardan umid qilsak bo'ladi.
Huvaydo Ho'jamqulova
suhbatlashdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati