Alhamdulillah, qadimdan xalqimiz musulmon, davlat rahbatlari ham musulmon. Davlat rahbari o'laroq, har bir diniy ishlarda ulamolar bilan maslahat qilayotgani esa, tahsinga sazovordir. Zero, maslahat bilan ish qilish dinimizda maqtalgan va ta'kidlangandir. Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomni sahobiylar bilan maslahat qilishga buyurgani ham ayni manfaatdir.
Ammo chet eldan turib davlat rahbari va din ulamolariga ta'na toshini otayotgan, ularni “saroy mullasi” yoki “ulamolarning yomonlari” deb haqorat qilayotgan kimsalarni o'zi qanday ahvolda?!
Ularning o'zini qanday ulamo deb atasa bo'larkin?! Ular qulay fursat kelib, ish umum musulmonlarning zarariga, ularning foydasiga yurishi uchun kim bilan bo'lsa ham, hatto boshqa din vakillari bilan ham hamkorlikka kirishayotganini nima deyish mumkin?! Demak ularni o'zi “sharrul ulamo” emasmi?!
Chetdan turib xalqni rahbarlarga qarshi gij-gijlaydigan nobop kimsalar, odamlarni bog'iylikka, ya'ni davlat rahbariga qarshi chiqishga chaqirmoqda. Bunday hatti-harakatlarning oqibati haqida mo''tabar fiqxiy kitoblarimizda shunday deyiladi:
ﻭﻣﻦ ﻗﺘﻞ ﻣﻦ اﻟﺒﻐﺎﺓ ﺃﻭ ﻗﻄﺎﻉ اﻟﻄﺮﻳﻖ ﻟﻢ ﻳﺼﻞ ﻋﻠﻴﻪ،ﻷﻥ ﻋﻠﻴﺎ - ﺭﺿﻲ اﻟﻠﻪ ﻋﻨﻪ - ﻟﻢ ﻳﺼﻞ ﻋﻠﻰ اﻟﺒﻐﺎﺓ.
“Kim sultonga qarshi chiqib bog'iyligi uchun, yoki qaroqchiligi uchun o'ldirilsa, unga janoza o'qilmaydi. Chunki Ali roziyallohu anhu xavorij bog'iylarga janoza o'qimadilar”.
Hatto “Raddul muxtorda” bog'iylar yuvilmasligi haqida aytilgan. Hozirgi kunda turli Islom yurtlarida borayotgan urushlar, jangu jadallarga asosiy sabab bog'iylik – o'z davlat rahbarlariga qarshi chiqishdir. Bu urushlar qancha odamlarning boshiga kulfat keltirdi.
Shuningdek, bu “da'vatchilar”ning bog'iylikka da'vati oyat va hadislarga ham ziddir!
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَطِيعُواْ اللّهَ وَأَطِيعُواْ الرَّسُولَ وَأُوْلِي الأَمْرِ مِنكُمْ
Alloh taolo: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling”, degan (Niso surasi 59-oyat).
Oyati karimadagi «ishboshilar»ga ko'plab tafsirchilar sulton va podshohlar ko'zda tutilgan, deb izoh berganlar.
Ibn Jarir ibn Zayddan u kishi esa otasidan «ishboshilar»ning tafsirida «ular sultonlardir» deb tushuntirganini rivoyat qilgan (Imom Suyutiy. ad-Durrul-mansur fit-tafsir bil-mansur. 4 – J. 504 – B. Qohira 2004).
Sa'id ibn Mansur, ibn Abu Shayba, Abd ibn Hamid, ibn Jarir, ibn Munzir va ibn Abu Hotamlar Abu Hurayra roziyallohu anhuning: “Ular sizlardan bo'lgan amirlar”, deb izoh berganini rivoyat qilishgan. Yana bir lafzida esa “ular qo'mondonlar”, deb aytilgan (Imom Suyutiy. ad-Durrul-mansur fit-tafsir bil-mansur 4 – J. 504 – B. Qohira 2004).
Shuningdek, bu mavzuda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ko'plab hadislari ham bor. Imom Buxoriy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: إسمعوا و اطيعوا و إن أستعمل عليكم حبشي كأن رأسه زبيبة
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarga garchi boshi mayizdek habashiy hokim etib tayinlangan bo'lsa ham quloq solinglar va bo'ysuninglar!”, dedilar (Buxoriy, 694, 7142).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
عن إبن عباس عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: من كره من اميره شيئا فليصبر، فإنه من خرج من السلطان شبرا مات ميتة جاهلية
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki amir tarafdan biror qarorni noma'qul ko'rsa, bas, sabr qilsin. Chunki, kim podshoh qarorlaridan bir qarich bo'lsa-da tashqari chiqsa, shubhasiz johiliyatda o'ladi”, dedilar (Buxoriy “Kitob al-Fitan 7054, Muslim “Kitob al-Imarot” 1849, Dorimiy “Kitob as-siyar” 2519, Imom Ahmad “Musnad” 2491).
Aslida bu hadislar aynan shu nobop “ulamolar”ga tegishli emasmi?!
Bugungi kunda xalqni mavjud tuzumga qarshi qo'zg'ashga urinayotgan turli salafiylik oqimi a'zolarining deyarli hammasi o'zlariga rahnamo sifatida biladigan Ibn Taymiyani “shayxul-islom” deb ulug'lab keladi. Huddi o'sha ibn Taymiya ham sulton garchi zolim bo'lsa-da unga itoat qilish zarurligini yozgan. Salafiylar “ustoz” deb bilgan shaxsning so'ziga e'tibor qaratadigan bo'lsak:
المشهور من مذهب أهل السنة أنهم لا يرون الخروج على الأئمة وقتالهم بالسيف وإن كان فيهم ظلم
“Ahli sunna mazhabida mashhur qavl shuki, bu mazhab ulamolari boshliqlarga qarshi chiqishni va ularga qarshi qurol ko'tarishni, hatto o'zlariga zulm bo'lsa ham to'g'ri deb hisoblashmaydi”, demoqda! (Minhoj as-sunnatin-nabaviya 3/390).
Demak, chetdan turib xalqni isyonga gij-gijlaydigan odamlarda yaxshilik yo'q! Ular xalqimiz ichida mo''tabar bo'lgan ulamolarimizni qanchalik obro'sizlantirishga harakat qilishmasin, maqsadlariga eta olmaydilar. Alloh taolo ulamo va ustozlarimizni azizliklarini ziyoda qilsin.
Yunusxon Mamarasulov
“Said Jalolxon To'ra” jome masjidi imom-xatibi
Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.
Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.
Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.
Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.
Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.
“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.
Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati