Hozirgi davrdagi jaholat urug'ini sochayotgan soxta ekstremistik g'oyalarga ma'rifiy jihatdan kurashda islom dinimiz tarixiy taraqqiyotida ham shaklan boshqacharoq ko'rinishda bo'lsa-da, lekin mazmunan aynan shunday ekstremistik g'oyalar oldin ham bo'lganiga guvoh bo'lamiz. Dinimiz tarixiga nazar solar ekanmiz, yana shunga amin bo'lamizki, sog'lom idrok, sog'lom haqiqat va g'oyalar soxta g'oyalar ustidan hamisha g'alaba qozonib kelgan. Islom dinimiz rivojiga buyuk hissa qo'shgan bobokalonimiz Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosida soxta g'oyalarga qarshi ish olib borgan kurashini ko'rish mumkin. U kishining «Kitob at-tavhid» asarida soxta ta'limotlarga ergashishni oldini olishda ishonchli dalillardan keltirib, bu yo'ldagi barcha xatoliklar sababini aniq ko'rsatib berganiga guvoh bo'lamiz: «Taassub, bu ko'r-ko'rona taqlid bo'lib, u juda keng tarqalgan illatdir, ya'ni bunda juda ko'pchilik biron-bir ma'naviy yoki diniy yo'lboshchiga, uning fikrlari mazmu n-mohiyatini tushunmagan holda qo'shilishga engib bo'lmas moyillik bildiradi. Mana shu sabab natijasi o'larok, har bir firqa va har bir yo'nalish shu paytga qadar o'z tarafdorlariga ega bo'lib kelmoqda. Bu muxlislar qachondir qabul qilingan soxta ta'limotga sadoqatda qat'iylik namoyish etmoqdalar va yana o'zlarini haqiqatning yagona egalari hisoblamoqdalar», — degan fikrlari bugungi diniy-ekstremistik guruhlarga aytilgandek seziladi. Moturidiy bobomiz o'sha davrdagi islom ichidagi soxta oqim va firqalarning haqiqiy mohiyatini ochib bergan. Bunday oqimlar o'sha davrda ham ko'p bo'lgan. Shunga qaramasdan ezgulik bilan yovuzlik jamiyatda hamisha yonma-yon kurashib, bu kurashda ezgulik g'alaba qilib kelgan.
Shu ma'noda bugungi jaholat yo'liga kirgan, dinni niqob qilib olgan halqaro terrorizmga qarshi kurashdagi ma'rifiy yo'llaridan biri o'zbek xalqining milliy va islom diniy qadriyatlari, ularga tayanib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, ajdodlarga sadoqat, zo'ravonlikka nafrat ruhida tarbiyalovchi, ularni ezgulik va bunyodkorlikka da'vat etuvchi bitmas-tuganmas kuch-qudrat manbai sifatida qaralishi lozim. Ular nafaqat mafkuraviy bo'shliqning yuzaga kelishiga, balki ming yillardan beri halol mehnati va olamshumul kashfiyotlari bilan jahon taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shib kelayotgan o'zbek xalqining harakterli xususiyati (mentaliteti) ga tamomila zid bo'lgan terrorchilik g'oyalarining kirib kelishi va yoshlar ongini zaharlashga qarshi qaratilgan mustahkam qalqon bo'lib hizmat qilishi mumkin. Milliy – diniy qadriyatlarimizni har qanday soxta yovuz g'oyalardan saqlash va himoya qilishda Islom dini o'z ta'limotlaridan Qur'oni karim va hadislardan ma'rifiy jihatdan foydalanib, har qanday sharoitda ham terroristik harakatlarni qoralab, nohaq to'kilgan qon kimning qoni bo'lishdan qat'iy nazar eng og'ir gunoh hisoblaydi. Qur'onni Karimning «Moida» surasida 33-oyatda bu fikrning isboti o'z aksini topgan: «Biror jonni o'ldirmagan, buzg'unchilik, qaroqchilik kabi fasod ishlarni qilmagan insonni o'ldirgan odam huddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot bahsh etgan odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir».
Payg'ambarimiz (s.a.v): «Yov bilan harbiy to'qnashuvni orzu qilmangiz, balki Allohdan xotirjamlik va osudalik tilangiz», deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Bugungi kunda islom dinining qanchalik insonparvar, mehr-shafqatga chaqiradigan, taraqqiyparvar va ma'rifatparvar dinligini yoshlarimiz anglab etgandagina turli islom niqobidagi ekstremistik jaholat yo'liga kirgan g'oyaviy kuchlarga nafrat bilan qaraydi, shuningdek, biz imom-xatiblar ham vatandoshlarimizga va yoshlarimizga asl islomning mohiyati va mazmunini asl holatda anglata olgandagina to'la maqsadimizga erishamiz.
H.Temirov O'MI - Samarqand viloyat vakilligi xodimi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi