Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Ekstremistik oqimlar dinimiz kushandasi

14.12.2022   2003   4 min.
Ekstremistik oqimlar dinimiz kushandasi

Hozirgi davrdagi jaholat urug'ini sochayotgan soxta ekstremistik g'oyalarga ma'rifiy jihatdan kurashda islom dinimiz tarixiy taraqqiyotida ham shaklan boshqacharoq ko'rinishda bo'lsa-da, lekin mazmunan aynan shunday ekstremistik g'oyalar oldin ham bo'lganiga guvoh bo'lamiz. Dinimiz tarixiga nazar solar ekanmiz, yana shunga amin bo'lamizki, sog'lom idrok, sog'lom haqiqat va g'oyalar soxta g'oyalar ustidan hamisha g'alaba qozonib kelgan. Islom dinimiz rivojiga buyuk hissa qo'shgan bobokalonimiz Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosida soxta g'oyalarga qarshi ish olib borgan kurashini ko'rish mumkin. U kishining «Kitob at-tavhid» asarida soxta ta'limotlarga ergashishni oldini olishda ishonchli dalillardan keltirib, bu yo'ldagi barcha xatoliklar sababini aniq ko'rsatib berganiga guvoh bo'lamiz: «Taassub, bu ko'r-ko'rona taqlid bo'lib, u juda keng tarqalgan illatdir, ya'ni bunda juda ko'pchilik biron-bir ma'naviy yoki diniy yo'lboshchiga, uning fikrlari mazmu n-mohiyatini tushunmagan holda qo'shilishga engib bo'lmas moyillik bildiradi. Mana shu sabab natijasi o'larok, har bir firqa va har bir yo'nalish shu paytga qadar o'z tarafdorlariga ega bo'lib kelmoqda. Bu muxlislar qachondir qabul qilingan soxta ta'limotga sadoqatda qat'iylik namoyish etmoqdalar va yana o'zlarini haqiqatning yagona egalari hisoblamoqdalar», — degan fikrlari bugungi diniy-ekstremistik guruhlarga aytilgandek seziladi. Moturidiy bobomiz o'sha davrdagi islom ichidagi soxta oqim va firqalarning haqiqiy mohiyatini ochib bergan. Bunday oqimlar o'sha davrda ham ko'p bo'lgan. Shunga qaramasdan ezgulik bilan yovuzlik jamiyatda hamisha yonma-yon kurashib, bu kurashda ezgulik g'alaba qilib kelgan. 

Shu ma'noda bugungi jaholat yo'liga kirgan, dinni niqob qilib olgan halqaro terrorizmga qarshi kurashdagi ma'rifiy yo'llaridan biri o'zbek xalqining milliy va islom diniy qadriyatlari, ularga tayanib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, ajdodlarga sadoqat, zo'ravonlikka nafrat ruhida tarbiyalovchi, ularni ezgulik va bunyodkorlikka da'vat etuvchi bitmas-tuganmas kuch-qudrat manbai sifatida qaralishi lozim. Ular nafaqat mafkuraviy bo'shliqning yuzaga kelishiga, balki ming yillardan beri halol mehnati va olamshumul kashfiyotlari bilan jahon taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shib kelayotgan o'zbek xalqining harakterli xususiyati (mentaliteti) ga tamomila zid bo'lgan terrorchilik g'oyalarining kirib kelishi va yoshlar ongini zaharlashga qarshi qaratilgan mustahkam qalqon bo'lib hizmat qilishi mumkin. Milliy – diniy qadriyatlarimizni har qanday soxta yovuz g'oyalardan saqlash va himoya qilishda Islom dini o'z ta'limotlaridan Qur'oni karim va hadislardan ma'rifiy jihatdan foydalanib, har qanday sharoitda ham terroristik harakatlarni qoralab, nohaq to'kilgan qon kimning qoni bo'lishdan qat'iy nazar eng og'ir gunoh hisoblaydi. Qur'onni Karimning «Moida» surasida 33-oyatda bu fikrning isboti o'z aksini topgan: «Biror jonni o'ldirmagan, buzg'unchilik, qaroqchilik kabi fasod ishlarni qilmagan insonni o'ldirgan odam huddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot bahsh etgan odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir».

Payg'ambarimiz (s.a.v): «Yov bilan harbiy to'qnashuvni orzu qilmangiz, balki Allohdan xotirjamlik va osudalik tilangiz», deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati). 

Bugungi kunda islom dinining qanchalik insonparvar, mehr-shafqatga chaqiradigan, taraqqiyparvar va ma'rifatparvar dinligini yoshlarimiz anglab etgandagina turli islom niqobidagi ekstremistik jaholat yo'liga kirgan g'oyaviy kuchlarga nafrat bilan qaraydi, shuningdek, biz imom-xatiblar ham vatandoshlarimizga va yoshlarimizga asl islomning mohiyati va mazmunini asl holatda anglata olgandagina to'la maqsadimizga erishamiz.

 

H.Temirov O'MI - Samarqand viloyat vakilligi xodimi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   5288   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari