Yaqinda Abdulloh Zufarning “you tube” tarmog'iga joylashtirgan Qur'onni tafsir qilish borasida qilgan suhbatini eshitib qoldim. Unda Abdulloh Zufar Ibn Taymiya rahimahullohning bir oyatni tafsir qilish uchun yuzlab tafsir kitoblarini ko'rishini, lekin ulardan qoniqmasdan Allohga duo iltijolar qilishini natijada o'sha oyat borasida hech kim eshitmagan tafsirni qilishini aytib o'tgan. Shundan so'ng o'zining fikrlarini davom ettirib, Islom olamida eng mo''tabar hisoblangan ayrim tafsir kitoblarini jumladan, Imom Tabariyning tafsirini yuzaki yozilgan tafsirlar sirasiga kiradi, degan!
Ho'sh! Haqiqatda ham shundoqmi? Yoki asl holat tamoman boshqachami? Imom Tabariy o'z tafsirlarini qancha muddatda yozgan va unda qanday uslubni tanlagan? Mo''tabar ulamolar mazkur tafsir haqida nimalar degan? Quyida shu kabi savollarga javob berishga harakat qilamiz.
Tafsiri Tabariy nomi bilan shuhrat qozongan “Jome'u-l-bayon fiy ta'vili-l-Qur'on” nomli ushbu bebaho asar ba'zi tadqiqotchilar nazdida ma'sur tafsir yo'nalishida yozilgan ilk mukammal asar sifatida bilinadi.
Mufassir avval oyati karimani keltiradi. So'ngra, unga umumiy ma'no beradi. So'ngra, birorta sahobiy yoki tobeindan oyati karimaning tafsiriga aloqador bo'lgan so'zlarini sanadlari bilan keltiradi. Muayyan oyatlarning o'qilish tartibi borasida vorid bo'lgan turli xil qiroat uslublarini zikr qiladi va ulardan birini tarjih etadi. Oyat mazmuni yoxud sababi nuzuliga taalluqli bo'lgan hadisi shariflarni ham sanadlari bilan zikr qiladi. Oyatlardan tarmoqlanib chiquvchi fiqhiy hukmlarga ham to'xtaladi. Goho, e'tiqodiy masalalarga ham teginib, bid'at ahliga ilmiy raddiyalar beradi.
Rivoyat qilinishicha, Muhammad ibn Jarir Tabariy ushbu asarni yozishdan oldin uch yil mobaynida istixora qilgan. So'ngra, qirq yil davomida har kuni qirq varaqdan yozgan. Uni imlo qilishdan avval shogirdlariga yuzlanib, “Qur'on tafsirini yozib olishga g'ayrat qila olasizmi?”, deydi. U zamonlarda ustozlar aytib turganlar. Shogirdlar yozib turganlar. Shunda shogirdlar: “u necha varaq bo'ladi?”, deyishdi. U kishi: “o'ttiz ming varaq bo'ladi”, deb javob berdilar. Shogirdlar “buni yozib tamomlaguncha umr ketib qolar ekan”, deya e'tiroz bildirishdi. Shundan so'ng, Tabariy o'z tafsirini qisqartirib, uch ming varaqqa tushirdi. Lekin, shunda ham ushbu asar hajm jihatidan eng katta tafsir bo'ldi.
Uning aksar, matbaalar tomonidan chop etilgan nusxasi o'ttiz mujalladdan iborat. Aytish joizki, Tabariy tafsiridan so'ng bugungi kungacha ta'lif etilgan aksar tafsir kitoblarining uslubi Tabariy qo'llagan uslubdan katta farq qilmaydi.
Ko'plab mashhur islom ulamolari tafsiri tabariyning o'z bobida misli yo'q bir kitob ekanligini e'tirof etib, madh etganlar. Jumladan, Abu Homid Isfiroyiniy shunday deydi: “Agar kimdir ushbu tafsirga ega bo'lish uchun Chin (Hitoy) yurtiga safar qilsa, bu yo'lda chekkan mashaqqati arzimas hisoblangan bo'lurdi”.
Imom Navaviy o'zining “Tahzibu-l-asmo va-l-lug'ot” nomli asarida Ibn Jarir Tabariyning tarjimai holiga to'xtalar ekan: “Uning mashhur ta'rix kitobi bor. Shuningdek, tafsir borasida hech kim o'xshashini tasnif qilolmagan bir kitobi mavjud”, deydi.
Jaloliddin Suyutiy aytadi: “Agar mendan qaysi tafsirga yo'llaysiz va o'quvchiga bu borada qaysi ishonchli kitobni maslahat berasiz, desang, men bunday kitob imom Abu Ja'far ibn Jarir Tabariyning tafsiridir, deb aytaman. Qaysiki, barcha mo''tabar ulamolar tafsir borasida uning o'xshashi yozilmaganligiga ittifoq qilganlar”.
Imom Abu Bakr Hatib o'zining “Tarixi Bag'dod” kitobida shunday yozadi: “Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir Tabariy... shunday olim ediki, so'zlari hukm o'rnida qabul qilinardi, uning ra'yiga murojaat qilishardi. U o'z asrida hech kim muvaffaq bo'lmagan darajada ilm oldi va ularni yozdi. U Qur'oni karimni to'la yod olgan, qiroat turlarining barchasini chuqur o'zlashtirgan, ularning ma'nolarini teran o'rgangan olim edi...”.
Yuqorida aytib o'tilgan ma'lumotlardan ma'lum bo'lmoqdaki, Imom Tabariy rahmatullohi alayhining yozgan tafsirlari hech ham yuzaki tafsir emas ekan. Abdulloh Zufarning gapi borasida esa, mo''tabar ulamolarning obro'sini to'kish maqsadida ataylab aytilgan gap, degan xulosa qilishimiz mumkin. Imom Tabariyning hayoti va ilmiy ijodi bilan yaqindan tanishgan har qanday kishi bunga amin bo'ladi.
Omon Qodirov, “Hoja Buxoriy” o'rta maxsus islom bilim yurti o'qituvchisi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati