Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Tafsiri Tabariy yuzaki tafsirmi...?

13.12.2022   1911   5 min.
Tafsiri Tabariy yuzaki tafsirmi...?

Yaqinda Abdulloh Zufarning “you tube” tarmog'iga joylashtirgan Qur'onni tafsir qilish borasida qilgan suhbatini eshitib qoldim. Unda Abdulloh Zufar Ibn Taymiya rahimahullohning bir oyatni tafsir qilish uchun yuzlab tafsir kitoblarini ko'rishini, lekin ulardan qoniqmasdan Allohga duo iltijolar qilishini natijada o'sha oyat borasida hech kim eshitmagan tafsirni qilishini aytib o'tgan. Shundan so'ng o'zining fikrlarini davom ettirib, Islom olamida eng mo''tabar hisoblangan ayrim tafsir kitoblarini jumladan, Imom Tabariyning tafsirini yuzaki yozilgan tafsirlar sirasiga kiradi, degan!

Ho'sh! Haqiqatda ham shundoqmi? Yoki asl holat tamoman boshqachami? Imom Tabariy o'z tafsirlarini qancha muddatda yozgan va unda qanday uslubni tanlagan? Mo''tabar ulamolar mazkur tafsir haqida nimalar degan? Quyida shu kabi savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Tafsiri Tabariy nomi bilan shuhrat qozongan “Jome'u-l-bayon fiy ta'vili-l-Qur'on” nomli ushbu bebaho asar ba'zi tadqiqotchilar nazdida ma'sur tafsir yo'nalishida yozilgan ilk mukammal asar sifatida bilinadi.

Mufassir avval oyati karimani keltiradi. So'ngra, unga umumiy ma'no beradi. So'ngra, birorta sahobiy yoki tobeindan oyati karimaning tafsiriga aloqador bo'lgan so'zlarini sanadlari bilan keltiradi. Muayyan oyatlarning o'qilish tartibi borasida vorid bo'lgan turli xil qiroat uslublarini zikr qiladi va ulardan birini tarjih etadi. Oyat mazmuni yoxud sababi nuzuliga taalluqli bo'lgan hadisi shariflarni ham sanadlari bilan zikr qiladi. Oyatlardan tarmoqlanib chiquvchi fiqhiy hukmlarga ham to'xtaladi. Goho, e'tiqodiy masalalarga ham teginib, bid'at ahliga ilmiy raddiyalar beradi.

Rivoyat qilinishicha, Muhammad ibn Jarir Tabariy ushbu asarni yozishdan oldin uch yil mobaynida istixora qilgan. So'ngra, qirq yil davomida har kuni qirq varaqdan yozgan. Uni imlo qilishdan avval shogirdlariga yuzlanib, “Qur'on tafsirini yozib olishga g'ayrat qila olasizmi?”, deydi. U zamonlarda ustozlar aytib turganlar. Shogirdlar yozib turganlar. Shunda shogirdlar: “u necha varaq bo'ladi?”, deyishdi. U kishi: “o'ttiz ming varaq bo'ladi”, deb javob berdilar. Shogirdlar “buni yozib tamomlaguncha umr ketib qolar ekan”, deya e'tiroz bildirishdi. Shundan so'ng, Tabariy o'z tafsirini qisqartirib, uch ming varaqqa tushirdi. Lekin, shunda ham ushbu asar hajm jihatidan eng katta tafsir bo'ldi.

Uning aksar, matbaalar tomonidan chop etilgan nusxasi o'ttiz mujalladdan iborat. Aytish joizki, Tabariy tafsiridan so'ng bugungi kungacha ta'lif etilgan aksar tafsir kitoblarining uslubi Tabariy qo'llagan uslubdan katta farq qilmaydi.

Ko'plab mashhur islom ulamolari tafsiri tabariyning o'z bobida misli yo'q bir kitob ekanligini e'tirof etib, madh etganlar. Jumladan, Abu Homid Isfiroyiniy shunday deydi: “Agar kimdir ushbu tafsirga ega bo'lish uchun Chin (Hitoy) yurtiga safar qilsa, bu yo'lda chekkan mashaqqati arzimas hisoblangan bo'lurdi”.

Imom Navaviy o'zining “Tahzibu-l-asmo va-l-lug'ot” nomli asarida Ibn Jarir Tabariyning tarjimai holiga to'xtalar ekan: “Uning mashhur ta'rix kitobi bor. Shuningdek, tafsir borasida hech kim o'xshashini tasnif qilolmagan bir kitobi mavjud”, deydi.

Jaloliddin Suyutiy aytadi: “Agar mendan qaysi tafsirga yo'llaysiz va o'quvchiga bu borada qaysi ishonchli kitobni maslahat berasiz, desang, men bunday kitob imom Abu Ja'far ibn Jarir Tabariyning tafsiridir, deb aytaman. Qaysiki, barcha mo''tabar ulamolar tafsir borasida uning o'xshashi yozilmaganligiga ittifoq qilganlar”.

Imom Abu Bakr Hatib o'zining “Tarixi Bag'dod” kitobida shunday yozadi: “Abu Ja'far Muhammad ibn Jarir Tabariy... shunday olim ediki, so'zlari hukm o'rnida qabul qilinardi, uning ra'yiga murojaat qilishardi. U o'z asrida hech kim muvaffaq bo'lmagan darajada ilm oldi va ularni yozdi. U Qur'oni karimni to'la yod olgan, qiroat turlarining barchasini chuqur o'zlashtirgan, ularning ma'nolarini teran o'rgangan olim edi...”.

Yuqorida aytib o'tilgan ma'lumotlardan ma'lum bo'lmoqdaki, Imom Tabariy rahmatullohi alayhining yozgan tafsirlari hech ham yuzaki tafsir emas ekan. Abdulloh Zufarning gapi borasida esa, mo''tabar ulamolarning obro'sini to'kish maqsadida ataylab aytilgan gap, degan xulosa qilishimiz mumkin. Imom Tabariyning hayoti va ilmiy ijodi bilan yaqindan tanishgan har qanday kishi bunga amin bo'ladi.

 

Omon  Qodirov,  “Hoja Buxoriy” o'rta maxsus islom bilim yurti o'qituvchisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   2397   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar