Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Soxta salafiylik Islom ummati uchun eng xatarli illatdir

13.12.2022   1864   8 min.
Soxta salafiylik Islom ummati uchun eng xatarli illatdir

“Salaf” so'zi lug'atda – “avval yashab o'tganlar”, “ajdodlar”, “o'tmishdoshlar” degan ma'nolarni anglatadi. Shar'iy istilohda “salaf” so'zi muayyan bir davr bilan bog'liq ma'noni anglatadi. Ya'ni, Nabiy alayhissalom zamonlarida va undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar “salafi solih”, ya'ni, “solih ajdodlar” deyiladi. Bu borada Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadislarida shunday deganlar:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بن مسعود رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: خَيْرُ النَّاسِ قَرْنِي، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ يَجِيءُ أَقْوَامٌ تَسْبِقُ شَهَادَةُ أَحَدِهِمْ يَمِينَهُ، وَيَمِينُهُ شَهَادَتَهُ

 (رواه الامام البخاري والامام مسلم)

Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiNabiy sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Eng yaxshi davr mening davrim, so'ng ularga yaqin bo'lgan, so'ng ularga yaqin bo'lgan davrlardir. So'ngra shunday insonlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o'zib ketadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Mazkur hadisga ko'ra, Islom ulamolari Muhammad sallallohu alayhi vasallam zamonlarida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlarni “salafi solih”, ya'ni, “solih ajdodlar” deb tavsiflaydilar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan bu nomlar qo'llanilmaydi.

Ahli sunna val-jamoa an'anasiga ko'ra, salafi solihlar davridan keyin yashagan musulmonlar “xalaflar”, ya'ni “keyingilar” deb ataladi. Halaf ya'ni, keyingi asr olimlari daraxt o'z ildizidan oziqlangani kabi salafi solihlarning qarashlari asosida shakllandilar.

So'nggi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, mutaassib ko'rinishdagi soxta salafiylar barcha aqidaviy va hukmiy masalalarni hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ'ib qilsalarda aslida, ularning qarashlari asosan 18-asrning o'rtalarida yashab o'tgan najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning mutaassibona g'oyalari ustiga qurilgandir. Muhammad ibn Abdulvahhobning qarashlari esa Islom dinida birinchi bo'linishga sabab bo'lgan Havorijlar aqidasi bilan yo'g'irilgan.

Bu oqim a'zolari diniy masalaning echimini topishda faqat oyat yoki hadisni uzuq-yuluq holda keltirib, unga yuzaki yondashib, go'yo muammoga javob topgan bo'ladi. Ularning bu uslubi avom xalqqa oson tushunilgandek, go'yo to'g'ridek tuyuladi. Shu yo'l bilan ham ular o'z tarafdorlari sonini ko'paytirishga urinadi.

Salafiylik g'oyasi tarafdorlarining asosiy maqsadlari Qur'on va sunnatni o'zlaricha mahkam tutish va qariyb 13 asrdirki Islom ummatining birdamligini ta'minlab kelayotgan fiqhiy mazhablarni yo'q qilib, ularni ildizi bilan qo'porib tashlashdan iborat. Ularning da'vosiga ko'ra, go'yo musulmonlarning ixtilofdan najot topishi faqat Qur'on va hadisni qattiq ushlash bilan bo'ladi, mazhablar mavjud bo'lar ekan, Qur'on va hadisni mahkam ushlash amri mahol emish.

Go'yoki bu bilan ular Qur'on va sunnatni mahkam tutishmoqda-yu, butun ummat e'tirof etgan va avlgi 3 asrda yashab o'tgan mazhab boshilar uni mahkam tutishmagani iddao qilishlarini anglash qiyin emas.

Voqe'likda esa, ular mazhablar orasidagi juz'iy ixtiloflarni qoralagan holda, hammani mazhabni tashlashga hamda Qur'on va hadislarni o'rganib, tushunganicha ularga amal qilishga, boshqacha qilib aytganda, hammani o'zi ijtihod qilishga chaqiradilar. Bu esa, shubhasiz, yanada ixtiloflar va qarama-qarshi fikrlarning ko'payishiga olib keladi. Agar mazhablar orasidagi ixtiloflar ma'lum chegara bilan cheklangan bo'lsa, mazhabsizlikning bu da'vati esa cheksiz ixtiloflarga sabab bo'ladi va musulmonlar hayotida dahshatli falokatlarni keltirib chiqaradi.

Shu o'rinda aytib o'tish lozimki, fiqhiy mazhablar orasidagi juz'iy ixtiloflar sahobalar va tobeinlar orasida mavjud bo'lgan ixtiloflar ta'sirida yuzaga kelgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

اختلاف أصحابي لكم رحمة

ya'ni “Sahobalarimning ixtilofi sizlar uchun rahmatdir”, – deb marhamat qilganlar (Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy va Imom Daylamiy rivoyat qilishgan).

Qolaversa, asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan an'anaviy mazhablarni va unga ergashgan mo'min-musulmonlarni adashganlik va zalolatda ayblashning o'zi ulkan bo'xtondir. Bu Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlariga ham to'g'ri kelmaydi. Zero u Zot:

(لا تجتمع أمتي على ضلالة (رواه الامام ابن ماجه والامام الطبراني

ya'ni “Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas”, – deya marhamat qilganlar (Imom ibn Moja va Imom Tabaroniy rivoyatlari). Mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu shunday deydilar:

ما رآه المسلمون حسنا فهو عند الله حسن

(رواه الامام أحمد)

ya'ni: “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzuruda ham yaxshidir” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Soxta salafiylar dunyoning kayeriga bormasin, musulmonlar orasida tushunmovchiliklar, ixtiloflar va tashvishlar avj oladi. Bugungi kunda ularning axli sunna val-jamoadan og'ishganligi, ular na saxobalar va na tobe'inlar yulidan yurmayotganlari o'z isbotini topib ulgurgan. Ko'plab ulamolar tomonidan ularning buzg'unchi g'oyalariga nisbatan ilmiy raddiyalar e'lon qilingan. Jumladan HIH asrda yashab, ijod etgan mashhur hindistonlik olim Muhammad Siddiq Hasan al-Qanujiy (1832-1890) soxta salafiylar haqida fikr bildirib, shunday deydi: “Hozirgi kunda bir riyokor va shuhratparast guruh paydo bo'lgan bo'lib, ular Qur'on va hadisni bilish va unga amal qilishni da'vo qilmoqda… Ajablanarlisi shundaki, ular o'zlarini eng ixlosli va eng taqvodor, deb boshqalarni mushriklar deb nomlamoqda. Ular eng mutaassib va dinda g'uluvga ketgan kishilardir. Bu dindan emas, balki Yer yuzida tarqalgan fitna va katta fasoddir” (“Taqlidu-l-aimma” 16-17 betlar].

O'tgan asrimizning ko'zga ko'ringan etuk allomalardan biri marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh o'zlarining “salafiylar” deb atayotganlarga raddiya sifatida “Salafiylik islomiy mazhab emas, balki u muborak davr bosqichidir” nomli asarlarida jumladan shunday deydilar: “Islom dinining o'tagan o'n to'rt asrlik tarixi davomida biror mo''tabar imom yoki ulamodan eshitmaganmizki, musulmonlarning hidoyatda bo'lishlarining hujjati “salafiylar” deb nomlagan guruhga mansub bo'lish hisoblansa. Balki, “salafiylik” degan guruhga mansub bo'lishning o'zi ayni bid'atdir” (231-232-betlar).

Hulosa qilib aytganda ota-bobolarimiz, ming yillik mu'min-musulmonlar barchasi ahli sunna val-jamoa ta'limotida bo'lib kelishgan. Birok, yigirmanchi melodiy asrning o'rtalariga kelib, ahli sunna val-jamoadan og'ishgan vahhobiylik oqimi tizimidan sizib, yangi va soxta salafiylik yuzaga keldi. Asrlar davomida Islom ulamolari tomonidan yozilgan asarlar va orttirilgan malaka, erishilgan yutuqlarni rad etib, faqatgina “salafi solihlar” davrini e'tiborga olish da'vosida bo'lish soxta salafiylikning tor mohiyatini namoyon etadi.

Bugungi kunimizda yurtdoshlarimiz ichida hali ham bilib-bilmay soxta salafiylarning asossiz da'volarining ta'sirida yurgan kishilarning mavjud ekanligi ushbu toifaning ildizlarini o'rganib, uning asl mohiyatini ochib berish, uni odamlarga, xalqimizga to'g'ri tushuntirib berish dolzarb ekanligini bildirmoqda. Ayniqsa, bizning eng asosiy vazifamiz yoshlarni bunday soxta salafiylar domiga tushib qolishdan asrashimiz va buning uchun esa doim ogohlik bilan ularga qarshi ilmiy raddiyalar berib borishimiz kerak bo'ladi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi mutaxassisi,

Abdulatif Tursunov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   34378   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari