Fitnalar paytida ilm va etuk malakaga ega bo'lmagan inson uning domiga tushib qolishi hech gap emas. Ayniqsa, hozirgi kunga kelib arzimas xato tufayli fitnachilarga yordam berishi yoki ularning safiga tushib qolishi ham mumkin. Fitnalarning bo'lishi taqdirda bor ekan, mana shunday fitnalar sodir bo'lgan paytda musulmon kishi qanday yo'l tutmog'i lozim? Qanday qilsa, undan saqlanishi mumkin? Ulamolarning Qur'on, hadis va tarixdagi fitnalar paytida salafi solihlarning fitnalar paytida tutgan yo'llaridan kelib chiqib bidirgan fikrlarini quyida qisqacha bayon qilishga harakat qilamiz.
Qur'on va sunnatni mahkam tutish. Musulmonlarning Qur'on va sunnatni mahkam tutib, qalblarini ulfat qilib, o'zaro yakdil bo'lishliklari fitnalardan sog'-salomat chiqishning eng to'g'ri va sinalgan yo'lidir. Chunki Alloh taolo O'zining kalomida: “Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo'linib ketmang. Va Allohning sizga bergan ne'matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne'mati ila birodar bo'ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi. Shunday qilib, Alloh sizga O'z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz”, deb marhamat qilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizning ichingizda ikki narsani qoldirdim. Ikkovlarini mahkam ushlasangiz, zinhor zalolatga ketmassiz. Bular – Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Sunnati”, dedilar» (Imom Molik rivoyat qilgan).
Imom Termiziy Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallaohu alayhi vasallam bir kun bomdod namozidan so'ng bizga etuk mav'iza qildilar. Undan ko'zlar yoshlandi. Qalblar titradi. Bir kishi: “Albatta, bu vidolashuv mav'izasidek bo'ldi. Yo Rasululloh bizga nimani buyurasiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “ Sizlarni Allohga taqvo qilishga, agar qora qul (amir) bo'lsa ham, (uni) eshitib, itoat qilishga buyuraman. Sizlardan kim (mendan keyin) yashasa, ko'p ixtiloflarni ko'radi. Ishlarning yangi paydo bo'lganidan saqlaninglar. Chunki bu zalolatdir. Sizlardan kim shularga etsa, mening sunnatim va to'g'ri yo'ldagi roshid xalifalarimning sunnatini lozim tutsin. Uni oziq tishlaringiz bilan mahkam ushlanglar”, dedilar.
Shar'iy ilmlardan xabardor bo'lish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat yaqinlashadi, ilm olinadi, fitnalar zohir bo'ladi, baxillik tarqaladi, haraj ko'payadi, dedilar. Haraj nima. deb so'raldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “o'lim”, dedilar. Boshqa bir hadisda “Ilmning ko'tarilishi, ilmsizlikning ko'payishi qiyomatning alomatlaridandir”, deyilgan.
Chin dildan tavba va istig'for aytish. Nima uchun aynan tavba va istig'for? Chunki inonning boshiga qanday balo kelmasin, ko'pincha u gunohi sababidan keladi. Bu balo va musibatlar faqatgina tavba bilan ko'yarilishi mumkin. Fitna esa musulmonlar boshiga tushgan eng katta balolardan hisoblanadi. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Abbos ibn Abdulmuttolib roziyallohu anhu bilan istisqo qilganda, Abbos roziyallohu anhu aytgandilar: “Ey Allohim! Gunoh bo'lmasa, balo tushmaydi. Tavba bo'lmasa, balo ketmaydi. Qavm meni nabiyingni hurmatidan Senga yo'naltirdi. Mana bu qo'llarimizni Senga gunohlar bilan (ochamiz), peshonalarimizni Senga tavba bilan qo'yamiz. Bizni yomg'ir bilan sug'orgin”, deb duo qilgandilar. Shundan keyi osmon tog'dek yorishdi, hatto er serhosil bo'ldi. Odamlar yaxshi yashashdi.
Fitnalar paytida so'z va amallar Islom mezonida bo'lishi. Har bir musulmon aytayotgan gaplarini o'ylab gapirmog'i, uni Islom mezoniga solib keyin gapirishligi vojibdir. Huddi shuningdek, qilayotgan ishlarini ham qilishdan oldin Islom mezoniga solib, ana undan keyin qilishi lozimdir. Ayniqsa, fitnalar paytida yanada bunga e'tibor bermog'i kerak bo'ladi. Chunki o'zi bilmagan holatda fitnaga aralashib qolishi hech gap emas. Chunki Alloh taolo: “O'zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko'z va dil – ana o'shalar, mas'uldirlar”, degan.
Insonlarni fitnaga chaqiruvchilarga ergashishning oqibatidan ogohlantirish. Ulamolar insonlarni fitnaga sherik bo'lib qolishning yomonligi va unga chqiruvchilarga ergashish yomon ekanligidan ogohlantirmoqliklari vojib amallardandir. Ayniqsa, yoshlarni bu narsalardan ko'proq ogohlantirish lozim bo'ladi. Shu bilan birga fitnaning natijasida kelib chiqadigan qon to'kilishlar, o'zaro dushmanlik, yurtdan xotirjamlikni ketishi, jamiyatda talon-tarojlarning tarqalishi kabi narsalardan ham ogohlantirishlari kerak bo'ladi.
Fitnadan chetda bo'lish. Musulmon kishiga o'z dinini saqlash uchun ham fitnalarga qo'shilmasdan undan qochishi lozim bo'ladi. Fitnlar paytida o'z uyida bo'ladimi, ish joyida bo'ladimi, qayerda bo'lsa ham undan uzoq bo'lishi lozim.
Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Yaqinda fitnalar bo'ladi. Unda o'tirgan kishi turgandan yaxshidir. Turgan yurib turgandan, yurib turgan harakat qiluvchidan yaxshidir. Kim undan saqlanadigan yoki boshpalanadigan joy topa olsa, o'sha erda saqlansin”, deb marhamat qilganlar.
Abu Dovud Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa quyidagilar aytilgan: “Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Albatta, baxtli kishi fitnadan saqlangan kishidir, albatta, baxtli kishi fitnadan saqlangan kishidir, albatta, baxtli kishi fitnadan saqlangan kishidir va fitna bilan balolanib sabr qilgan kishidir”, deganlarini eshitganman.
E'tibor beriladigan bo'lsa, Rasululloh sollallohu alayhiu vasallam uch bora fitnadan saqlanishlikka chaqirmoqdalar. Saqlanishni iloji topilmaganda ham fitnaga qo'shilishga emas, balki unga sabr qilishga chaqirmoqdalar. Ana shundagina najot toppish mumkin bo'lar ekan.
Sahobai kiromlar va o'tgan salafi solihlarimizning ko'plari fitnaga aralashmasdan undan saqlanishga harakat qilganlar va uylarini lozim tutganlar. Ular bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kelgan sobit nassga ergashganlar. Muhammad ibn Sirin aytadilar: “Fitnalar qo'zg'alganda Rasulullohning o'n mingta sahobalari bor edi. Ulardan yuztasi ham fitnaga qo'shilmadilar, balki o'ttiztaga ham bormas edi”. Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Jamal, Siffin hamda Ali va Muoviya roziyallohu anhumolar o'rtasidagi Tahkim voqealarida ishtirok etmaganlar. Ayyub Sijistoniy aytadilar: “Sa'd ibn Abu Vaqqos, Ibn Mas'ud, Ibn Umar va Ammor ibn Yosir roziyallohu anhumlar yig'ilishib, fitnani zikr qildilar. Sa'd ibn Abu Vaqqos: “Men uyimda o'tiraman, unga kirmayman”, dedilar.
TII Modul' ta'lim shakli talabasi,
Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor jome masjidi
imom-xatibi Boboxon Boboxonov
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati