Maktab davrlaridagi imtihonlarimiz onam olib beradigan sovg'alar bilan esda qolgan. Har gal imtihon topshiradigan kunimizdan oldin yoki topshirganimizdan keyin natijalar qanday bo'lishidan qat'i nazar onam barchamizni bozorga olib chiqar va ko'nglimizga yoqadigan hadyalar olib berar edilar. Kimdirga kiyim, kimdirga poyafzal, yana qaysi birimizgadir anchadan beri orzu qilib yurgan o'yinchog'i... hammamiz o'zimizda yo'q sevinardik.
Bozordan kelganimizdan keyin onam bizga “Bu sovg'alarni sizlarning qilgan mehnatlaringiz, ilm olish yo'lidan qilgan hatti-harakatlaringiz uchun olib berdim” derdilar. Shu gaplari ongimizda muhrlanib qolgan. Bundan tashqari uncha-muncha onalar aytmaydigan yana bir ajoyib gaplari bor edi: “Erkak kishi bir ishga kirishdimi, albatta uni oxiriga etkazmay qo'ymasligi kerak. Natija qanday bo'lishi muhim emas, muhimi kishining harakati va jiddu-jahd bilan mehnat qilishidir”.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
#xabar #Islom_sivilizatsiyasi_forumi #buxoro
Tashrif davomida mehmon o‘zlari tahsil olgan qutlug‘ ilm dargohida yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ta’lim jarayoni hamda keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ustozlar bilan samimiy muloqot qilib, talaba yillariga oid iliq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda 1968–1973 yillarda Mir Arab madrasasida tahsil olgan bo‘lib, keyinchalik Toshkent Islom institutini tamomlagan. 1979 yildan buyon Kavkaz musulmonlari idorasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, u xalqaro diniy tashkilotlar va maslahat kengashlarining faol a’zolaridan biri hisoblanadi.
Tashrif chog‘ida Shayxulislom O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash, ta’lim muassasalarini rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yuksak baholadi.
U kishi bu yurtda ustozlaridan nafaqat diniy ilm, balki hayot saboqlarini ham olganini alohida ta’kidlab, Mir Arab madrasasi va boshqa muqaddas maskanlarda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari davlatning din va milliy merosga bo‘lgan yuksak e’tiborining amaliy ifodasi ekanini qayd etdi.
Tashrif yakunida Mir Arab madrasasi jamoasi mehmonga samimiy tashakkur izhor qilib, mazkur uchrashuv ustozlar va talabalar uchun unutilmas ma’naviy-ma’rifiy muloqot bo‘lganini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati