Maktab davrlaridagi imtihonlarimiz onam olib beradigan sovg'alar bilan esda qolgan. Har gal imtihon topshiradigan kunimizdan oldin yoki topshirganimizdan keyin natijalar qanday bo'lishidan qat'i nazar onam barchamizni bozorga olib chiqar va ko'nglimizga yoqadigan hadyalar olib berar edilar. Kimdirga kiyim, kimdirga poyafzal, yana qaysi birimizgadir anchadan beri orzu qilib yurgan o'yinchog'i... hammamiz o'zimizda yo'q sevinardik.
Bozordan kelganimizdan keyin onam bizga “Bu sovg'alarni sizlarning qilgan mehnatlaringiz, ilm olish yo'lidan qilgan hatti-harakatlaringiz uchun olib berdim” derdilar. Shu gaplari ongimizda muhrlanib qolgan. Bundan tashqari uncha-muncha onalar aytmaydigan yana bir ajoyib gaplari bor edi: “Erkak kishi bir ishga kirishdimi, albatta uni oxiriga etkazmay qo'ymasligi kerak. Natija qanday bo'lishi muhim emas, muhimi kishining harakati va jiddu-jahd bilan mehnat qilishidir”.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Tadbirni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov ochib berib, mazkur bellashuv diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasidagi jamoaviy hamjihatlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan jamlangan jamoalar qizg‘in va murosasiz bahslar olib bordi. Ishtirokchilar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, shuningdek, mamlakatimiz qonunchiligi va milliy qadriyatlarga oid savollar orqali o‘zlarining intellektual salohiyati hamda tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Hakamlar hay’atining xulosalariga ko‘ra, eng bilimdon jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi:
1-o‘rin — Jalaquduq tumani;
2-o‘rin — Qo‘rg‘ontepa tumani;
3-o‘rin — Xo‘jaobod tumani.
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ilm-ma’rifat yo‘lida bellashgan barcha ishtirokchilarni muborakbod etib, ularning kelgusi xayrli faoliyatlarida Alloh taolodan baraka va zafarlar tilaymiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Andijon viloyati vakilligi
Matbuot xizmati