Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan boshlangan «Yashil makon» umummilliy loyihasi bugun chin ma’noda xalqimiz harakatiga aylandi. Ushbu ulug‘vor g‘oya asosida millionlab ko‘chatlar ekilib, shahar va qishloqlarimiz yashillikka burkanmoqda. Yurtimizni har jihatdan obod va fayzli qilish, daraxt ekib, bog‘ barpo etish – shu aziz Vatanda yashayotgan har bir inson orzusi. Bu jarayonda ko‘chatlar ekib, hududlarni yashil makonga aylantirish esa savobi ulug‘ amal.
BugunToshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abduvosit Homidjonov hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imomlar, faollar ishtirokida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahridagi «Iskandarxo‘ja» jome masjidi hududida amalga oshirilgan mazkur tadbirda dastlab Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilinib, savobi shu Vatan uchun, shu xalq uchun xizmat qilib o‘tib ketgan barcha marhum va marhumalar ruhlariga bag‘ishlandi. Alloh uchun qo‘y so‘yilib, qurbonlik qilindi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad masjid hududini yanada obodonlashtirish, uning atrofini ko‘kalamzorlashtirish va namozxonlar uchun yanada fayzli, xushmanzara muhit yaratishga qaratilgan. Toshkent shahrida bugungi kunga qadar imom-xatiblar tomonidan ekilgan 1000 tupdan ortiq har bir nihol nafaqat bugungi kun go‘zalligi, balki kelajak avlodga qoldiriladigan tabiiy boylik, sog‘lom muhit va ezgulik timsolidir.
Islom dini insonni atrofidagi olamga munosabati, tabiatga g‘amxo‘rligi va jamiyatga keltiradigan manfaati bilan ham komillik sari chorlaydi. Yer yuzini obod etish, ne’matlarni qadrlash, suv va havoni musaffo saqlash, daraxtlarni asrash kabi amallar ham diniy qadriyatlarimiz bilan chambarchas bog‘liq. Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
«Yer yuzida isloh qilinganidan keyin buzg‘unchilik qilmanglar...» (A’rof surasi, 56-oyat).
Ushbu oyati karima insonlarni Yer yuzida tinchlik, osoyishtalik va obodlikni saqlashga, buzg‘unchilik va zarar yetkazishdan uzoq bo‘lishga chaqiradi. Tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, uning boyliklarini asrab-avaylash ham ana shu mas’uliyatning muhim ko‘rinishlaridan biridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham daraxt ekish va ekin-tikin bilan shug‘ullanishning fazilatini alohida ta’kidlaganlar. Jumladan, muborak hadislarida: «Qaysi bir musulmon daraxt eksa yoki ekin eksa, undan qush, inson yoki hayvon yesa, albatta, bu uning uchun sadaqa bo‘ladi», deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Masjidlar hududida ko‘chat ekish ishlarini tashkil etish ham katta ma’naviy va tarbiyaviy ahamiyatga ega. Zero, masjidlar faqatgina ibodat ado etiladigan maskan bo‘lib qolmay, balki jamiyatda ezgulik, poklik, obodonchilik va o‘zaro mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib etadigan ma’naviyat o‘choqlaridir.
Toshkent shahar vakilligi Matbuot xizmati