Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Fiqh ilmidagi foydalar silsilasi: Imom Abu Hanifa hadis bilmaganmi? – 1 qism

05.12.2022   1357   6 min.
Fiqh ilmidagi foydalar silsilasi: Imom Abu Hanifa hadis bilmaganmi? – 1 qism

 

Alloh taolo har bir insonga o'ziga xos nuqtai nazarni bergan. Birining qarashi boshqasinikidan farq qiladi. Bir soha mutaxassislarining qaysidir mavzu ustida olib borgan izlanishlari ham bir xil chiqmaydi. Qolganlar esa sohani tushunmagani bois mutaxassislardan birining gapiga kirishdan boshqa choralari qolmaydi. Masalan, tibbiyot sohasini olaylik. Bir shifokor oshqozondagi hazmsizlik kasalligiga o'z izlanishi bo'yicha davo topgan bo'lsa, boshqasi unikidan o'zgacha bir uslubni foydali deb bilgan. Lekin ikkalasi ham o'sha kasallikni tuzatadi. Bu paytda bemor nima qilishi kerak? Kasaliga o'zicha davo topa olishga aqli va bilimi etmagandan keyin o'zi murojaat qilgan shifokorning tavsiyalariga ko'nadi, ma'qullaydi, amal qiladi. Lekin bemor narigi shifokorning uslubini qoralab, xatoga chiqarishi mantiqsizlik. Endi tibbiyo bilimi yo'q u bemor ikki shifokorning yo'lini ham ma'qul ko'rmay, ularga shu mavzuda ta'na-dashnomlar berib, o'zini o'zi yangicha uslubda davolashga kirishishi, bilmadim, buni nima deyish mumkin?! O'sha bemor boshqalarni ham o'zining yo'lini tutishga chaqirishi, bu yo'ldan yurmaganlarni ayblashi yanada ajablanarli. Bundan ham hayratlanarlisi, odamlar uning kimligini ko'ra-bila turib ortidan ergashishilari.

Yuqorida misol tarzida keltirganimiz amalda dindagi mujtahidlarga nisbatan sodir bo'layotgan voqeliklarga ham qo'llash mumkin. Biroq, farqi shundaki, dunyo ishlarida keyingi tadqiqotlar oldigisidan ko'ra daqiq va ishonarli bo'lishi mumkin. Ammo, oyat va hadislardan ijtihod qilish masalasi buning aksidir. Chunki asri saodatga yaqin yashagan imomlar ijtihodi keyingilarnikidan ko'ra puxta va talabga javob beradi. Lekin ikki ishning tutash joyi bor. U ham bo'lsa, bilmagan inson bilganga ergashmasligi va o'zi bilmay aqli etmagan ishlarni xatoga chiqarib rad etishi noto'g'riligidir.

Imom Abu Hanifa va u kishining shogirdlariga ayrimlar tomonidan ta'na-dashnomlar qilingan. Ular Imom Abu Hanifa hadisni bilmaydi, uning mazhabi ray' va qiyos ustiga qurilgan, u hadisga xilof qiladi, qiyos va ray' sababidan hadisni tark etadi, deyishadi. Hanafiylar Imom Abu Hanifa va uning shogirdlari mazhabini qo'llab-quvvatlash uchun rivoyat qilib keltiradigan barcha hadislari zaifligini ham da'vo qilishlari ham bor ularda. Ularning barcha ta'na-yu, da'volari o'rganib chiqilsa, asosini mana quyidagilar tashkil qiladi:

1) Imom Abu Hanifa hadis bilmagani uchun uning mazhabi qiyosga asoslangan;

2) Imom Abu Hanifa qiyos tufayli hadisni tark etadi;

3) Hanafiy ulamolar mazhablarini quvvatlash uchun keltirgan barcha hadislari zaif.

Birinchi da'voni bekor ekaniga hanafiy mazhabini oyat va hadislar bilan quvvatlab yozilgan kitoblarda batafsil javoblar berilgan. Chunki u kitoblarda zikr qilingan har bir hadis qilingan ta'nalarga birma-bir javob bo'lad oladi. “E'lous Sunan” kitobi bu bo'yicha eng keng yozilgan kitob hisoblanadi. Sababi, undagi hadislar hanafiy mazhabini hadis ila isbotlash uchun yoki hadisga muxolif degan ta'nani mazhabdan olib tashlash uchun keltirilgan. Umuman olganda, fiqhning har bir bobida Imom Abu Hanifaning yo'lini qo'llab-quvvatlaydigan hadis bor. Imom Abu Hanifa hadisni bilmagan, uning mazhabi ray' va qiyosga asoslangan, deyish hanafiy fiqh kitoblaridan xabarsiz kishining gapi. Kunduzini his qilmagan ko'zi ojiz insonning yorug'likni inkor qilishidan ne foyda?!

Aytishlari mumkin, Imom Abu Hanifa tomonidan asosan fiqhiy masalallar aytilgan. Uning mazhabini quvvatlash uchun keltirilgan hadislar esa mazhabga ergashgan keyingi ulamolardan naql qilingan. U hadislarni Imom Abu Hanifa bilmagan.

Javob shuki, Imom Abu Hanifaning fiqhiy qarashlari hadislarga mos kelgani hech kimga sir emas. Agar u kishi ulamolar keltirgan o'sha hadislarni bilmagan bo'lsa, u holda qanday qilib mazhabi u hadislarga to'g'ri kelgan. Demak, hadisni bilib, uning asosida hukm qilganki, to'g'ri kelgan.

Mayli, faraz qilaylik, Imom Abu Hanifa hadisni bilmagan. Lekin shunday bo'lsada, ijtihod qilavergan va ijtihodi Payg'ambar alayhissalomning hadislariga mos chiqavergan. Mana shuning o'zi biror imomda topilmaydigan Imom Abu Hanifaning o'ziga xos bo'lgan buyuk bir fazilat va xislat aslida. Buning misoli hazrat Umarning hayotlarida bo'lgan. U zotning bir necha masalalarda qarashlari vahiyga mos kelgan. Bu hazrat Umar uchun buyuk bir xislat va fazilat bo'ldi. Endi minglab masalalarda fikri, ra'yi vahiyga to'g'ri keladigan inson haqida nima deb o'ylaysiz?!

Islom ummatining Imom Abu Hanifadan boshqa biror bir vakilida bunday fazilatni ko'rganmisiz? Ra'y qila turib to'g'ri topishda biror kishi unga teng kela olarmikan? Vahiy sohibi Payg'ambar alayhissalomning ra'yiga Imom Abu Hanifaning ra'yi to'g'ri kelgan ekan, hadisning sanad va matnlarini yod bilmaslik nima zarar bor?

Mana, ularning gaplariga taslim bo'lish farazi bilan ham javob berilib, hadislarni bilmagan, degan ta'na ketkazildi. Aslida esa ularning gaplari yolg'on va to'qimadan boshqa narsa emas. Balki Imom Abu Hanifa Kitob va Sunnatni yaxshi bilgan imom, o'z ilmida mujtahid, ra'yida to'g'ri topuvchi bo'lgan. Bunga o'z davridagi zamondosh ulamolar, buyuk a'yonlar shohid bo'lishgan, guvohlik berishgan.

Abdulhodiy G'iyos,

Toshkent Islom instituti katta o'qituvchisi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   16146   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari