Bag'rikenglik an'analari qanchalik qadimiy ildizlarga ega bo'lsa, toqatsizlik va murosasizlik bilan bog'liq qarashlar va harakatlarning ildizlari ham shunchalik qadimiydir. Mutaassiblik (fanatizm – frantsuzcha «ibodat») uning keng tarqalgan ko'rinishlaridan biridir.
Mashhur tilshunos Ibn Manzur: “Taassub” so'zi “asabiyat”dan olingan. “Asabiyat” boshqalarni o'zining ota tomonidan qarindoshlariga yordam berishga chaqirish ma'nosini anglatadi. Bir guruhga nisbatan taassub qilish degani o'sha guruh yordami uchun jamlanish ma'nosini anglatadi, deb yozadi.
Lug'at kitoblarida esa “mutaassiblik” qattiqqo'llik, bir fikrda qattiq turib olish ma'nolariga ham dalolat qilishi aytib o'tilgan. Istilohda esa, doim o'zini so'zsiz haq deb bilib, fikrida qattiq turib olish, boshqalarni esa nohaq deb qarash taassubdir. Bu tuyg'u mutaassib kishida o'zgani tahqirlaydigan, uning insoniy haq-huquqlarini e'tirof etmaydigan muayyan xatti-harakatlar ko'rinishida aks etadi. Borib-borib bu uning tabiatiga singadi.
Qisqacha aytganda, mutaassiblik, garchi dalil ko'rinib turgan bo'lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir. Mutaassiblik va fanatizm tushunchalari bir-biriga ma'nodosh bo'lib, ularning aksi bag'rikenglikdir.
Mutaassiblikning bir qancha turlari bor:
– diniy mutaassiblik;
– irqiy mutaassiblik;
– qabilaviy mutaassiblik;
– tabaqaviy yoki ijtimoiy mutaassiblik;
– fikriy mutaassiblik va hokazo[1].
Mutaassiblik keng ma'noda muayyan g'oyalarning to'g'ri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan berilganlikni, “o'zgalar” va “o'zgacha” qarash va g'oyalarga murosasiz munosabatni ifodalovchi qarashlar va xatti-harakatlarni anglatadi. Uning xususiy ko'rinishlaridan biri bo'lgan diniy mutaasiblik esa o'z aqidasining shak-shubhasiz to'g'riligiga ishonib, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda ularni tan olmaslikni bildiradi.
Ayni paytda, dindagi muayyan qoidalarni, o'rinli yoki o'rinsizligidan qat'i nazar, ko'r-ko'rona qo'llash va mutlaqlashtirishga intilish, o'z g'oyalarini targ'ib etish va unda ifodalangan maqsadlarga erishishda tushuntirish va ishontirishdan ko'ra murosasizlik, kuch ishlatish va zo'ravonlikka tayanish ham unga xos xususiyatlardan hisoblanadi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din, mazhab va yo'nalishlar orasida keskinlik, nizo va to'qnashuvlar kelib chiqishiga sababchi bo'lgan[2].
Bugungi kunda islom bayrog'i ostida faoliyat olib borayotgan, mutaassib guruhlarning aksariyati kuch ishlatish usullarini qo'llagan holda qonuniy hokimiyatga qarshi kurash olib bormokdalar. Diniy ta'limni tashkil etish, turli jamoat tashkilotlari, maktab, universitetlar faoliyatida ishtirok etish, turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, ommaviy axborot vositalari orqali targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borish va shu yo'l bilan hokimiyatga erishishga harakat kilishni da'vo kilayotgan guruhlar ham oxir-oqibatda jangarilarni tayyorlaydigan inkubatorga aylanib kolayotgani mutaassiblikning zo'ravonlikka asoslanganini anglashga yordam beradi.
Mutaassiblik insonning ilmsizligi va johilligining hosilasi, uning o'ziga xos shaklidir. Ongi zaharlangan va mutaassibga aylangan kishilar o'zlari qilayotgan ishlarni to'g'ri deb hisoblagan holda, har kanday nomakbul ishlardan ham bosh tortmaydilar. Vaholanki, ularni bu yo'lga boshlagan «rahnamolarning» asl maqsadi mohiyatan g'ayriinsoniy xarakterga ega.
Har qanday jamiyat uchun, qanday shaklda chiqishidan qat'i nazar, mutaassiblikning tahdidi aqidaparastlikka asoslangan g'oyalarni yoyish orqali davlatga, uning rahbarlariga bo'lgan ishonchni yo'qqa chiqarishga urinishda namoyon bo'lishini alohida qayd etish lozim. Bunda diniy asosda qarama-qarshilikni va uning oqibati sifatida ijtimoiy parokandalikni yuzaga keltirish g'araz maksadlarga erishishning asosiy sharti deb karaladi.
Diniy mutaassiblik ikki ko'rinishda namoyon bo'ladi. Birinchisi, boshqa dinlarga nisbatan mutaassiblik. Ikkinchisi, dinda mutaassibona harakat qilishdir.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: “Dinga zo'rlab kiritish yo'q. Zero, to'g'ri yo'l zalolatdan ajrab bo'ldi” (Baqara surasi: 256-oyat). Ulamolar bu oyatni diniy mutaassiblikdan qaytaruvchi dalil sifatida keltiradilar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni boshqa din vakillariga nisbatan bag'rikeng bo'lish, ularning e'tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishga buyurganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ahli zimmaga biror zahmat etkazsa, qiyomat kuni meni o'zining dushmani sifatida ko'radi», deganlar[3].
Diniy mutaassiblik davlatlararo munosabatlarda chigalliklar, o'zaro tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishga zamin yaratishi bilan ham xavflidir. Ko'p konfessiyalilik sharoitida aqidaparastlik g'oyalari rivoji va unga asoslangan harakatlarning kuchayishi tsivilizatsiyalararo qarama-qarshilikni kuchaytirishga yo'l ochishi mumkinligini ham alohida qayd etish lozim.
Bobobek Abdurahimov,
Samarkand shahar Qoraboy Oqsoqol jome masjidi imom-xatibi
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati