Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2026   |   10 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
25 Iyun, 2026, 10 Muharram, 1448

Savdo-sotiqning oltin qoidalari

05.01.2024   4874   7 min.
Savdo-sotiqning oltin qoidalari
 

Birinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, Razzoq Zot bo'lgan Alloh taolo huzuridan senga bitilgan taqdirga rozi bo'l. Bu yo'lda tavakkal qilib iymoningga yarashadigan bir maqomga ega bo'l. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam“Agar siz haqiqatan ham to'liq iymon bilan Allohga tavakkul qilganingizda edi, tongda och chiqib, oqshomda to'q holda uyasiga qaytadigan qushlarni rizqlantirgani misoli Alloh sizni ham mutlaqo rizqdan nasibador qilgan bo'lar edi”dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Ikkinchi qoida. Ey musulmon tijorat­chi, Alloh taolo joriy etgan halol va harom chegaralarga rioya qilib, shubhali narsalardan yuz o'girgin. Toki nomus va hamiyatingga dog' tushmasin.

Uchinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, rizq talabida erta tongdan harakat qilib, uyingdan chiqishing, quyoshni uy­g'otishing lozim. Shunda asl barakaga ega bo'lasan. Hazrat Ali roziyallohu anhu ay­tadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: Yo Alloh, ummatim uchun erta tongni barakali qil” (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja, Imom Termiziy, Imom Daromiy, Imom Ahmad rivoyatlari), deb duo qilganlarini eshitdim».

To'rtinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, olishda va sotishda, qarz berishda va olishda doimo osonlik va qulaylikni asos qilib ol. Shunda tijoratingni xo­tirjam bir tarzda amalga oshirgan holda Allohning rahmatiga erishasan.

Beshinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, sotayotgan molingning sifatini tushiradigan va qiymatini kamaytiradi­gan bir qusur mavjud bo'lsa, buni xaridorga ochiqchasiga ayt. Aks holda, foydangga harom aralashib, o'zing birovlarning la'natiga qolib ketishingga sabab bo'l­masin. Rasu­lulloh sollallohu alayhi va sallam bunday ogohlantirganlar“Kim­ki qusuri bor molini sotayotgani ha­qida xaridorini voqif etmasa, doimo Allohning g'azabi va farishtalarning la'nati ostida bo'ladi” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Oltinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, foiz borasida juda hushyor bo'lishing, foiz olmasliging va bermasliging, foiz aralashgan joyda turmasliging va bu xususida g'oyatda ehtiyot bi­lan yo'l tutishing lozim. Shun­da Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uyilgan qovoq­lari va og'ir tanbehlariga ro'ba­ro' bo'lmaysan. Jobir ibn Ab­dulloh roziyallohu anhudan ri­voyat qi­linadi: “Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam foiz berganni, uni olganni, buni qayd etgan kitobni, ya'ni uni qog'ozga tu­shiruvchi kishini va bunga gu­vohlik qilgan shohidlarni la'­natladilar va ularning barchasi u gunohga teng sherikdir, dedilar”.

Yettinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, qiladigan ishingni sobitlik ila bajarmog'ing, sabrli bo'lishing va hisob-kitobda yaqin zamonni emas, balki uzoqni ko'zlab harakat qilmog'ing lozim. Shunda muvaffaqiyatga erishasan. Oysha roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam ayt­dilar: “Alloh taolo sizlardan bir kishi uchun bir tomonni – narsani rizqqa sabab qilib qo'y­sa, bu o'zgarguncha yoki qiyinlash­guncha uni tark etmasin, ya'ni undan voz kechib ketmasin” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Sakkizinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, dunyo moli ko'zni qa­mashtiruvchi va yoqimli ekani­ni, ammo Alloh taolo huzurida foniy va qiymatsiz ekanini hech qachon unutmagin. Shunda hirs va tamagirlik domiga tushib, dunyo talabida haddan oshmaysan.

To'qqizinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, molingni loyiq bo'lgan bahodan oshirib sotish uchun noto'g'ri yo'llarga kirib qol­masliging va xaridorlarni aslo aldamasliging lozim. O'shanda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning haqiqiy ummati bo'­lish baxtini qo'ldan chiqarmagan bo'lasan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam“Aldagan kishi bizdan emasdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

O'ninchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, jannatda eng yaxshi do'stlar bilan qo'shni bo'lish saodatiga erishay desang, o'z ishing va tijoratingni to'g'rilik asosi ustida bino etishing va hech qachon haqiqatdan ayrilmasli­ging lozim. To'g'riso'z va ishonchli tijoratchilar nabiylar, sid­diqlar va shahidlar bilan birga bo'ladilar.

Manbalar asosida Qamashi

tumani bosh imom-xatibi

Oqilxon AHMYeDOV tayyorladi.

Oqilxon Ahmedov 1977 yili Qamashi tu­manida tug'ilgan. 1999 yili “Mir Arab” mad­rasasini, 2021 yili Toshkent islom ins­ti­tutini bitirgan.

2002 yildan buyon “Alisher Navoiy” jome masjidi va Qamashi tumani bosh imom-xatibi bo'lib ishlab kelmoqda. 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar va ularning oqibatlari

25.06.2026   336   3 min.
Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar va ularning oqibatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugungi axborotlashgan jamiyatda internet va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi natijasida ma’lumot almashish jarayoni sezilarli darajada tezlashdi. Shu bilan birga, turli mazmundagi yolg‘on xabarlarning tarqalishi ham kuchaydi. Ayniqsa, diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar jamiyatning ma’naviy muhitiga, diniy bag‘rikenglikka va ijtimoiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar deganda diniy manbalarga asossiz ravishda nisbat berilgan, buzib talqin qilingan yoki haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar tushuniladi. Bunday xabarlar ko‘pincha Qur’on oyatlari, hadislar, mashhur ulamolar fikrlari yoki diniy voqealar bilan bog‘liq holda tarqatiladi. Ularning asosiy maqsadi insonlarning diniy hissiyotlariga ta’sir qilish, ma’lum g‘oyalarni targ‘ib etish yoki jamiyatda turli qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirishdan iborat bo‘lishi mumkin.

Yolg‘on diniy axborotlarning keng tarqalishiga bir qator omillar sabab bo‘ladi. Avvalo, ayrim fuqarolarning diniy bilimlari va mediasavodxonligi yetarli darajada shakllanmagani tufayli ular har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qiladilar va boshqalarga tarqatadilar. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda axborotning tezkor tarqalishi ham bunday xabarlarning ommalashishiga xizmat qiladi. Ko‘plab foydalanuvchilar ma’lumotning manbasi va ishonchliligini tekshirmasdan uni ulashishga moyil bo‘ladilar.

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlarning eng salbiy oqibatlaridan biri jamiyatda ishonchsizlik muhitining shakllanishidir. Asossiz ma’lumotlar turli ijtimoiy guruhlar o‘rtasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi, diniy masalalarda bahs va ziddiyatlarning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada jamiyatdagi hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillari zaiflashadi.

Bunday xabarlar ma’naviy hayotga ham jiddiy zarar yetkazadi. Diniy masalalar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotlarni muntazam qabul qilgan insonlarda dinning asl mohiyati haqida xato tasavvurlar shakllanadi. Bunday holat diniy qadriyatlarning noto‘g‘ri tushunilishiga, ayrim hollarda esa mutaassiblik yoki befarqlik kayfiyatlarining yuzaga kelishiga olib keladi.

Yolg‘on diniy axborotlar mafkuraviy xavfsizlik uchun ham muhim tahdid hisoblanadi. Ayrim radikal guruhlar va ekstremistik oqimlar internet orqali soxta diniy ma’lumotlarni tarqatish orqali o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga harakat qiladilar. Ular diniy manbalarni kontekstdan uzib talqin qilish yoki soxta ma’lumotlarni haqiqat sifatida taqdim etish orqali yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatishga urinadilar. Bunday holatlar jamiyat barqarorligiga va fuqarolar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mazkur muammoning oldini olish uchun, avvalo, aholining mediasavodxonligini oshirish zarur. Fuqarolar axborotni tanqidiy tahlil qilish, uning manbasini tekshirish va ishonchli ma’lumotlarni yolg‘on xabarlardan ajrata olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari lozim. Shu bilan birga, diniy bilimlarni faqat ishonchli manbalar va malakali mutaxassislardan olish muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va diniy-ma’rifiy tashkilotlarning hamkorligi bu boradagi samaradorlikni yanada oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar zamonaviy axborot makonining jiddiy muammolaridan biri hisoblanadi. Ular jamiyatning ma’naviy muhitiga, ijtimoiy barqarorligiga va mafkuraviy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli har bir fuqaro axborotlarni qabul qilish va tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishi, diniy masalalarda esa faqat ishonchli manbalarga tayanishi zarur.


Abdulaziz Abduvahidov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

MAQOLA