Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Jamoat bilan birga bo'lish rahmat bo'lsa, undan ajralish azobdir  

04.12.2022   1344   5 min.
Jamoat bilan birga bo'lish rahmat bo'lsa, undan ajralish azobdir   

 

Fitnalar sodir bo'lganida musulmon kishi shariatning bunga munosabatini bilmog'i kerak bo'ladi. Buning uchun esa ahli sunna ulamolaridan so'rashi va ularning ko'rsatmasiga ko'ra harakat qilmog'i lozim bo'ladi. Chunki Alloh taolo “Agar bilmasangiz zikr ahlidan so'ranglar”, degan. Boshqa bir oyatda esa Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ish boshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qosangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsangiz, uni Allohga va Payg'ambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir”, deyilgan.

Ibn Abbos bu oyatning tafsirida “o'zlaringizdan bo'lgan ishboshilardan” murod din va fiqh ahli deganlar.  Qolaversa, esdan chiqarmasligimiz kerakki, ahli sunna val jamoa ulamolari Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning merosxo'rlaridir. Fitnalar paytida qanday yo'l tutishimizni ulardan so'rashlik bizlarga vojib bo'ladi.

Imom Termiziy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Olimlar payg'ambarlarning merosxo'rlaridir. Albatta, Payg'ambarlar dinorni ham dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar…”, deyilgan.

Ulamolar Allohning shariatining yordamchilari, insonlarga haqni botildan, hidoyatni zalolatdan ajratib bayon qilib beruvchilardir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Insonlardan shundaylari borki, ular yaxshiliklar uchun kalit, yomonliklar uchun qulfdir”, deganlar.

Fitnalar eshigini yopadigan ham, ulardan chiqish kaliti ham ulamolardir. Shuning uchun ahli sunna val jamoa ulamolari atrofida yig'ilish va ular bilan birlashish lozim bo'ladi. Musulmonlar jamoasi bilan birga bo'lgandagina fitnalar zarar qilmasligi mumkin. Chunki bo'ri ham podadan ayrilgan qo'yga hujum qilganidek, shayton ham musulmonlar jamoasidan ajralgan kishilarni fitnalar domiga tortib boradi.

Bashir ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Ibn Mas'ud chiqayotgan paytida biz tayyorlanib turdik. U Qodisiya yo'lida kelib tushdi. Bir bog'ga kirib, qazoyi hojat chiqardi. So'ngra tahorat oldi. So'ngra chiqdi. Uning soqollaridan suv tomib turardi. Biz unga: “Bizga nasihat qiling. Insonlar fitnaga tushganlar. Siz bilan yana uchrashamizmi, yo'qmi bilmaymiz”, dedik.

Shunda u: Allohga taqvo qilinglar. Yaxshi odam xotirjam bo'lguncha yoki fojirdan qutilguncha sabr qilinglar. Jamoatni lozim tutinglar. Albatta, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatini zalolatda jamlamaydi, dedilar. Jamoat bilan birga bo'lish rahmat bo'lsa, undan ajralish azobdir. Jamoat bilan bo'lgan kishi fitnalardan uzoq bo'ladi va najotga erishadi. Jamotdan ajralgan kishi esa fitnalarga tushadi va azobga duchor bo'ladi. Jamoat bu faqat  ko'pchilik degani emas, balki ahli sunna val jamoa yo'lidan yurgan kishilar jamoatdir.

Shuning uchun Ibn Mas'ud roziyallohu anhu “Agar faqih tog'ni ustida bo'lsa edi, u jamoat bo'lardi”, degan edilar.

Huzayfa roziyallohu anhu aytadilar: “Insonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yaxshiliklar haqida so'rardilar. Men esa unga tushib qolishimdan qo'rqib yomonliklar haqida so'rardim. Men “Yo Rasululloh! Biz johiliyat va yomonliklarda edik. Alloh taolo bizga mana bu yaxshilikni keltirdi. Bu yaxshilikdan keyin yomonlik bo'ladimi?” deb so'radim. “Ha. Faqat unda daxon bo'ladi” dedilar. “Uning daxoni nima?” dedim. U zot: “Bir qavmlar bo'ladi, ular mening yo'limdan boshqa yo'lda bo'ladilar. Ularni taniysan va inkor qilasan” dedilar. Men “Mana shu yaxshiliklardan keyin yana yomonliklar bo'ladimi?” dedim. “Ha. Jahannam eshigiga chaqiruvchilar bo'ladi. Kim ularga ijobat qilsa, unga (jahannamga) tushadilar” dedilar u zot. Men: “Yo Rasululloh! Bizga ularni sifatlab bering” , dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ularning terilari xuddi bizning terilarimizdek, bizning tillarimiz bilan gaplashadilar”, dedilar. “O'sha narsalar menga etib qolsa, menga nimani buyurasiz”, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Musulmonlar jamoasi va ularning imomlarini lozim tut”, dedilar.

 

TII Modul' ta'lim shakli bitiruvchisi,

Horazm viloyati, Shovot tumani Yusuf Hamadoniy

jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

ISLOHOTLAR BAHOSI odamlar hayotidan yo‘qotilgan mashaqqatlar bilan o‘lchanadi

14.08.2026   6098   1 min.
ISLOHOTLAR BAHOSI odamlar hayotidan yo‘qotilgan mashaqqatlar bilan o‘lchanadi

Prezidentimiz 2021 yilda "Bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan yangi O‘zbekiston emas" degan edi. Bu iqror islohotni tayyor g‘alaba sifatida ko‘rsatishdan ko‘ra mas’uliyatliroq. Chunki mavjud kamchilikni tan olmagan davlat uni tuzatish uchun ham chora izlamaydi.
Bu gal biz nazarda tutayotgan "yo‘l" so‘zi shunchaki metafora emas. Gap mamlakatning qishloq yo‘llaridan tortib, xalqaro avtomagistraligacha, temir yo‘llaridan metrogacha, havo qo‘nalg‘asidan tranzit yo‘lagigacha bo‘lgan harakat tizimi haqida boradi. Aniqrog‘i, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston transport tafakkuriga olib kirgan eng muhim yangilik – yo‘lni alohida qurilish obyekti emas, inson, iqtisodiyot va davlatni harakatga keltiradigan yaxlit tizim sifatida ko‘ra boshlagani haqida.


Gazetani yuklab olish

Abdulhamid Muxtorov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
"Ziyo" media markazi direktori
 

Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2026 yil 14 avgust, 164-son

MAQOLA