Fitnalar sodir bo'lganida musulmon kishi shariatning bunga munosabatini bilmog'i kerak bo'ladi. Buning uchun esa ahli sunna ulamolaridan so'rashi va ularning ko'rsatmasiga ko'ra harakat qilmog'i lozim bo'ladi. Chunki Alloh taolo “Agar bilmasangiz zikr ahlidan so'ranglar”, degan. Boshqa bir oyatda esa “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ish boshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qosangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsangiz, uni Allohga va Payg'ambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir”, deyilgan.
Ibn Abbos bu oyatning tafsirida “o'zlaringizdan bo'lgan ishboshilardan” murod din va fiqh ahli deganlar. Qolaversa, esdan chiqarmasligimiz kerakki, ahli sunna val jamoa ulamolari Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning merosxo'rlaridir. Fitnalar paytida qanday yo'l tutishimizni ulardan so'rashlik bizlarga vojib bo'ladi.
Imom Termiziy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Olimlar payg'ambarlarning merosxo'rlaridir. Albatta, Payg'ambarlar dinorni ham dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar…”, deyilgan.
Ulamolar Allohning shariatining yordamchilari, insonlarga haqni botildan, hidoyatni zalolatdan ajratib bayon qilib beruvchilardir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Insonlardan shundaylari borki, ular yaxshiliklar uchun kalit, yomonliklar uchun qulfdir”, deganlar.
Fitnalar eshigini yopadigan ham, ulardan chiqish kaliti ham ulamolardir. Shuning uchun ahli sunna val jamoa ulamolari atrofida yig'ilish va ular bilan birlashish lozim bo'ladi. Musulmonlar jamoasi bilan birga bo'lgandagina fitnalar zarar qilmasligi mumkin. Chunki bo'ri ham podadan ayrilgan qo'yga hujum qilganidek, shayton ham musulmonlar jamoasidan ajralgan kishilarni fitnalar domiga tortib boradi.
Bashir ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Ibn Mas'ud chiqayotgan paytida biz tayyorlanib turdik. U Qodisiya yo'lida kelib tushdi. Bir bog'ga kirib, qazoyi hojat chiqardi. So'ngra tahorat oldi. So'ngra chiqdi. Uning soqollaridan suv tomib turardi. Biz unga: “Bizga nasihat qiling. Insonlar fitnaga tushganlar. Siz bilan yana uchrashamizmi, yo'qmi bilmaymiz”, dedik.
Shunda u: “Allohga taqvo qilinglar. Yaxshi odam xotirjam bo'lguncha yoki fojirdan qutilguncha sabr qilinglar. Jamoatni lozim tutinglar. Albatta, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatini zalolatda jamlamaydi”, dedilar. Jamoat bilan birga bo'lish rahmat bo'lsa, undan ajralish azobdir. Jamoat bilan bo'lgan kishi fitnalardan uzoq bo'ladi va najotga erishadi. Jamotdan ajralgan kishi esa fitnalarga tushadi va azobga duchor bo'ladi. Jamoat bu faqat ko'pchilik degani emas, balki ahli sunna val jamoa yo'lidan yurgan kishilar jamoatdir.
Shuning uchun Ibn Mas'ud roziyallohu anhu “Agar faqih tog'ni ustida bo'lsa edi, u jamoat bo'lardi”, degan edilar.
Huzayfa roziyallohu anhu aytadilar: “Insonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yaxshiliklar haqida so'rardilar. Men esa unga tushib qolishimdan qo'rqib yomonliklar haqida so'rardim. Men “Yo Rasululloh! Biz johiliyat va yomonliklarda edik. Alloh taolo bizga mana bu yaxshilikni keltirdi. Bu yaxshilikdan keyin yomonlik bo'ladimi?” deb so'radim. “Ha. Faqat unda daxon bo'ladi” dedilar. “Uning daxoni nima?” dedim. U zot: “Bir qavmlar bo'ladi, ular mening yo'limdan boshqa yo'lda bo'ladilar. Ularni taniysan va inkor qilasan” dedilar. Men “Mana shu yaxshiliklardan keyin yana yomonliklar bo'ladimi?” dedim. “Ha. Jahannam eshigiga chaqiruvchilar bo'ladi. Kim ularga ijobat qilsa, unga (jahannamga) tushadilar” dedilar u zot. Men: “Yo Rasululloh! Bizga ularni sifatlab bering” , dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ularning terilari xuddi bizning terilarimizdek, bizning tillarimiz bilan gaplashadilar”, dedilar. “O'sha narsalar menga etib qolsa, menga nimani buyurasiz”, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonlar jamoasi va ularning imomlarini lozim tut”, dedilar.
TII Modul' ta'lim shakli bitiruvchisi,
Horazm viloyati, Shovot tumani Yusuf Hamadoniy
jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev
Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.
Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.
Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.
Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.
Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.
Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati