"Tinchlik, millatlar va dinlararo bag'rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g'oyalarni targ'ib qiluvchi dinimiz nomiga dog' tushurgan va butun jahon xalqlari nigohida islom dinini “terrorizm dini”ga aylantirishga xizmat qilayotgan va musulmonlarni islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan tarixiy xizmatini yo'qqa chiqarayozgan soxta salafiylik XXI asrda musulmonlar boshiga kelgan eng katta musibat bo'ldi. Bu oqim ko'plab ulamolarning joniga qasd qilish, xudkushlik, tinch aholini qirib tashlash, voyaga etmagan bolalarni qo'liga qurol berish, olimlarni qadrsizlantirish kabi musulmonchilikka umuman to'g'ri kelmaydigan sifatlarga egaligi bilan musulmonlarni jahon hamjamiyati oldida qadrsizlanishiga xizmat qildi.
Soxta salafiylar “tasavvuf – bu kufr”, “mazhabga ergashish — shirk”, “vasila – shirk”, “Alloh taolo osmonda” kabi ko'plab fitnaga sabab bo'luvchi mavzular orqali o'sib kelayotgan yosh avlodning aqlini zaharlashga harakat qildilar va ozmi-ko'pmi jamiyatni parokanda qilish, olimlarni qadrsizlantirish va yoshlarni o'z yo'llariga og'dirish kabi jirkanch maqsadlarga erishishga intildilar. Salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan aqidaviy fitnasi musulmonlar orasida tafriqalanishni keltirib chiqarishga sabab bo'lgan mavzulardan biridir.
Risolat davriga nazar solinsa, Rasululloh alayhis-salom, u kishidan so'ng sahobai kiromlar musulmonlarga: “Alloh taolo yuqorida” deb e'tiqod qilinglar” deb buyurmaganliklari ko'zga tashlanadi. Chunki, u paytda musulmonlar orasida “Alloh taolo osmondami, erdami?” degan savol yoki qarashga o'rin yo'q edi. Chunki ular Alloh taoloni Qur'on va hadis asosida sodda va asosli tarzda tanir edilar hamda e'tiqoddan chalg'ituvchi aqidaviy masalalardan o'zlarini olib qochar edilar. Shuning uchun ham Hasan Basriy rahmatullohi alayh tavhid ilmida ilmiy suhbat qilmochi bo'lsalar, salohiyatsiz insonlarni suhbatdan chetlatar edilar.
Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Alloh taolo O'zini o'zi yoki Rasululloh vasf etgan narsa bilan sifatlanadi. Bunda Qur'on yoki hadisga qo'shimcha qilmaymiz. Alloh u ila vasf etilgan narsa shaksiz haq deb bilamiz. Shu bilan bir qatorda ” (Unga o'xshash biror narsa yo'q) deb e'tiqod qilamiz. Uning sifatlari va fe'llarini o'xshashi yo'q. Nuqson va yaratilganlikni anglatuvchi barcha narsadan Alloh azza va jalla pokdir.”.
Imom Shofe'iy Imom Molikdan naql qilgan rivoyatda, “Rasululloh ummatga istinjo o'rgatib, tavhidni ta'lim bermasliklari mumkin emas. U zot hadisda: “La ilaha illalloh” deyish bilan kishi musulmon bo'ladi deb aytganlar. Lekin biror hadisda Alloh taologa yuqori tomonni, ya'ni osmonni nisbatini berish tavhidga aloqador, deb aytilmagan” deydilar.
Imom Shofe'iy: “Aqlli kishiga Alloh taoloni biror narsaga o'xshatish harom va bu mavzuda chuqur ketish ham” deganlar. Sahoba va tobe'inlarning hayotiga nazar solinsa, aqida masalasida ular juda hassos bo'lganliklari ko'zga tashlanadi, ya'ni bu mavzuda ular o'zaro bahs qilmaganlar. Aqida bahsiga omi xalqni jalb qilmaganlar va minbarlarda nozik aqidaviy masalalarni mavzu sifatida gapirmaganlar. Soxta salafiylar esa, musulmonlar orasida mazhabsizlikni singdirish maqsadida o'z izdoshlariga birinchi kundanoq “Alloh taolo osmonda”, “vasila harom”, “Alloh taoloning qo'li, yuzi mavjud” kabi aqidaviy masalalarni tizimli bayon qilib keladilar. Holbuki, bu chin salaflarning yo'liga ziddir. Soxta salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan e'tiqodiy qarashlari haqida so'z yuritishdan oldin, ahli sunna val jamoaning e'tiqodini bayon qilish va musulmonlar e'tirofiga sazovar bo'lgan salafi solihlarning mavzu bo'yicha qarashlarini keltirib o'tish o'rinlidir. Zero, birinchi singdirilgan fikr, u qanday bo'lishidan qat'iy nazar o'quvchi ongiga albatta u yoki bu jihatdan ta'sir qiladi. Allox taolo yurtimizni eng kuchli va bilimli bulgan ertamiz kelajaklarini uzing asragin.
Mingbuloq tumani “Mulla Abduraxmon” jome
Masjidi imom xatibi: Sherzodbek Axmedov.
YUNЕSKOning Parijdagi Bosh qarorgohida «Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Markaziy Osiyo olimlarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi, xabar bermoqda iccu.uz.
Xalqaro konferensiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasining YUNЕSKOdagi Doimiy vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasining YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF), O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan tashkil etildi.
Konferensiyada YUNЕSKO rahbariyati, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, yetakchi universitetlar, ilmiy institutlar, muzey va kutubxonalar vakillaridan iborat 300 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Xalqaro auditoriya uchun rus, ingliz va fransuz tillarida sinxron tarjima ta’minlandi.
«Mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ilgari surgan tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidlab, ushbu bebaho merosni jahon hamjamiyatiga yetakchi xalqaro maydonlarda — Parijdagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida hamda BMTning Jeneva va Nyu-Yorkdagi maydonlarida taqdim etish tashabbusini ilgari surgan edi. Bugun Parijda o‘tkazilayotgan konferensiya ushbu keng ko‘lamli tashabbusni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir», — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori doktor Firdavs Abduxoliqov.
Konferensiya ishtirokchilariga YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Prezidenti Hongker M. Talxa janoblari hamda YUNЕSKO Ijroiya kengashi raisi doktor Nosir bin Hamad al-Hinzob tabrik so‘zlari bilan murojaat qildi.
«Bugun bizni asrlar davomida xalqlar o‘rtasidagi muloqotga asos bo‘lib xizmat qilgan umumiy ma’naviy va madaniy meros birlashtirib turibdi. Aynan o‘zaro anglashuv va hamkorlik ruhi YUNЕSKO faoliyatining asosini tashkil etadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbusning davomi bo‘lgan bunday muhim tadbirni tashkil etgani uchun O‘zbekiston Hukumati va YUNЕSKOga samimiy minnatdorlik bildiraman», — ta’kidladi Hongker M. Talxa.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekistonning YUNЕSKOdagi Doimiy vakili, Favqulodda va Muxtor Elchi Kamol Muxtorov hamda YUNЕSKO Bosh direktorining tabiiy fanlar bo‘yicha o‘rinbosari, professor Deniz Pires de Karvalyu murojaat qildi.
Konferensiyaning markaziy voqeasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bo‘ldi. Unda xalqaro hamjamiyatga Markazning o‘ziga xos konsepsiyasi, keng ko‘lamli ilmiy va muzey ishlari natijalari, shuningdek, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.
Markaz ekspozitsiyasi bugungi O‘zbekiston hududidagi sivilizatsiyalar tarixining uch ming yildan ziyod davrini — qadimgi madaniyatlardan tortib, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari orqali Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni qamrab oladi. Noyob qo‘lyozmalarni asrash, tarixiy artefaktlarni o‘rganish, zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanishga qaratilgan loyihalar ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Konferensiyaga Parijga maxsus tashrif buyurib, tadbirda ishtirok etgan va ma’ruzalar qilgan nufuzli xalqaro ilmiy hamda madaniy tashkilotlar rahbarlarining ishtiroki alohida ahamiyat bag‘ishladi. Ular orasida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Farhan Nizomiy, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori professor Maxmud Erol Qilich, «Al-Furqon» Islom merosi jamg‘armasi ijrochi direktori Sali Shahsivari, Milan universiteti dizayni professori Mario Taddei, Islom hamkorlik tashkilotining YUNЕSKOdagi vakili doktor Salima Dalibey, Jeneva Diplomatik doirasi prezidenti Robert Blum, shuningdek, Fransiyada Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan bor.
Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy Markaziy Osiyoning madaniy boyligini alohida ta’kidladi:
«O‘zbekistonning tarixiy ko‘chalari bo‘ylab yurar ekanmiz, biz shunchaki go‘zal binolar va qadimiy yodgorliklarni emas, balki yuksak va jo‘shqin madaniyat, ijod, yaqin aloqalar hamda madaniy almashinuvning guvohlarini ham ko‘ramiz».
ISESCO bosh direktori doktor Salim Al-Malik maxsus ma’ruza bilan ishtirok etdi:
Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydonda, xususan YUNЕSKOda taqdim etilishi juda muhim. O‘zbekistonga borib, markazni ko‘rish imkoniga ega bo‘lmagan insonlar, hech bo‘lmaganda uni YUNЕSKOda ko‘rishlari mumkin. Bu orqali Islom sivilizatsiyasining tinchlik, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi namoyon etilmoqda. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasini doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgan O‘zbekiston Prezidenti, janob oliylari Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Fransiyada Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ahamiyatini yuqori baholadi:
«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugun Markaziy Osiyodagi, ehtimol, butun dunyodagi eng yirik madaniy va muzey majmualaridan biri hisoblanadi. U uzoq vaqt davomida yetarlicha ma’lum bo‘lmagan islomiy ilmiy va madaniy merosning beqiyos boyligini ochib berish, uni keng targ‘ib etishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan».
Konferensiyaning ilmiy dasturi Markaziy Osiyoning ma’naviy va intellektual merosi, Islom sivilizatsiyasi markazining ilm-fan va madaniyat sohasidagi xalqaro platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, Movarounnahr buyuk allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan uchta tematik sessiyani qamrab oldi.
Ilmiy dasturda O‘zbekistonning yetakchi ilmiy va davlat muassasalari vakillarining chiqishlari alohida o‘rin egalladi. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari, professor Davronbek Mahsudov, Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi, professor Zohidullo Munavvarov, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vakili Nodira Mustafayeva ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Ma’ruzalar Markaziy Osiyoning tarixiy-madaniy merosini o‘rganish va asrash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, tarixiy manbalarni raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar yetakchi xorijiy ilmiy va madaniy muassasalar bilan yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.
Xalqaro konferensiyaning yorqin yakuni YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilgan tantanali qabul bo‘ldi. Unda yuqori martabali mehmonlar, diplomatlar, olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari jam bo‘ldi. Kechaga YUNЕSKO Bosh direktori Xolid al-Ananiyning ishtiroki alohida ahamiyat bag‘ishladi. U mehmonlarni shaxsan qutlab, o‘tkazilgan tadbirning yuksak xalqaro maqomiga urg‘u berdi.
Kechki dastur doirasida Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy, madaniy va ma’rifiy loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tantanali qabul ishtirokchilarga kasbiy muloqotni davom ettirish, fikr va g‘oyalar almashish, shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.
Parij konferensiyasi g‘oyasi ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati