"Tinchlik, millatlar va dinlararo bag'rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g'oyalarni targ'ib qiluvchi dinimiz nomiga dog' tushurgan va butun jahon xalqlari nigohida islom dinini “terrorizm dini”ga aylantirishga xizmat qilayotgan va musulmonlarni islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan tarixiy xizmatini yo'qqa chiqarayozgan soxta salafiylik XXI asrda musulmonlar boshiga kelgan eng katta musibat bo'ldi. Bu oqim ko'plab ulamolarning joniga qasd qilish, xudkushlik, tinch aholini qirib tashlash, voyaga etmagan bolalarni qo'liga qurol berish, olimlarni qadrsizlantirish kabi musulmonchilikka umuman to'g'ri kelmaydigan sifatlarga egaligi bilan musulmonlarni jahon hamjamiyati oldida qadrsizlanishiga xizmat qildi.
Soxta salafiylar “tasavvuf – bu kufr”, “mazhabga ergashish — shirk”, “vasila – shirk”, “Alloh taolo osmonda” kabi ko'plab fitnaga sabab bo'luvchi mavzular orqali o'sib kelayotgan yosh avlodning aqlini zaharlashga harakat qildilar va ozmi-ko'pmi jamiyatni parokanda qilish, olimlarni qadrsizlantirish va yoshlarni o'z yo'llariga og'dirish kabi jirkanch maqsadlarga erishishga intildilar. Salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan aqidaviy fitnasi musulmonlar orasida tafriqalanishni keltirib chiqarishga sabab bo'lgan mavzulardan biridir.
Risolat davriga nazar solinsa, Rasululloh alayhis-salom, u kishidan so'ng sahobai kiromlar musulmonlarga: “Alloh taolo yuqorida” deb e'tiqod qilinglar” deb buyurmaganliklari ko'zga tashlanadi. Chunki, u paytda musulmonlar orasida “Alloh taolo osmondami, erdami?” degan savol yoki qarashga o'rin yo'q edi. Chunki ular Alloh taoloni Qur'on va hadis asosida sodda va asosli tarzda tanir edilar hamda e'tiqoddan chalg'ituvchi aqidaviy masalalardan o'zlarini olib qochar edilar. Shuning uchun ham Hasan Basriy rahmatullohi alayh tavhid ilmida ilmiy suhbat qilmochi bo'lsalar, salohiyatsiz insonlarni suhbatdan chetlatar edilar.
Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Alloh taolo O'zini o'zi yoki Rasululloh vasf etgan narsa bilan sifatlanadi. Bunda Qur'on yoki hadisga qo'shimcha qilmaymiz. Alloh u ila vasf etilgan narsa shaksiz haq deb bilamiz. Shu bilan bir qatorda ” (Unga o'xshash biror narsa yo'q) deb e'tiqod qilamiz. Uning sifatlari va fe'llarini o'xshashi yo'q. Nuqson va yaratilganlikni anglatuvchi barcha narsadan Alloh azza va jalla pokdir.”.
Imom Shofe'iy Imom Molikdan naql qilgan rivoyatda, “Rasululloh ummatga istinjo o'rgatib, tavhidni ta'lim bermasliklari mumkin emas. U zot hadisda: “La ilaha illalloh” deyish bilan kishi musulmon bo'ladi deb aytganlar. Lekin biror hadisda Alloh taologa yuqori tomonni, ya'ni osmonni nisbatini berish tavhidga aloqador, deb aytilmagan” deydilar.
Imom Shofe'iy: “Aqlli kishiga Alloh taoloni biror narsaga o'xshatish harom va bu mavzuda chuqur ketish ham” deganlar. Sahoba va tobe'inlarning hayotiga nazar solinsa, aqida masalasida ular juda hassos bo'lganliklari ko'zga tashlanadi, ya'ni bu mavzuda ular o'zaro bahs qilmaganlar. Aqida bahsiga omi xalqni jalb qilmaganlar va minbarlarda nozik aqidaviy masalalarni mavzu sifatida gapirmaganlar. Soxta salafiylar esa, musulmonlar orasida mazhabsizlikni singdirish maqsadida o'z izdoshlariga birinchi kundanoq “Alloh taolo osmonda”, “vasila harom”, “Alloh taoloning qo'li, yuzi mavjud” kabi aqidaviy masalalarni tizimli bayon qilib keladilar. Holbuki, bu chin salaflarning yo'liga ziddir. Soxta salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan e'tiqodiy qarashlari haqida so'z yuritishdan oldin, ahli sunna val jamoaning e'tiqodini bayon qilish va musulmonlar e'tirofiga sazovar bo'lgan salafi solihlarning mavzu bo'yicha qarashlarini keltirib o'tish o'rinlidir. Zero, birinchi singdirilgan fikr, u qanday bo'lishidan qat'iy nazar o'quvchi ongiga albatta u yoki bu jihatdan ta'sir qiladi. Allox taolo yurtimizni eng kuchli va bilimli bulgan ertamiz kelajaklarini uzing asragin.
Mingbuloq tumani “Mulla Abduraxmon” jome
Masjidi imom xatibi: Sherzodbek Axmedov.
Bugun biz dunyoning turli hududlarida urushlar, nohaqdan qon to‘kilishga jim qarab turadigan va o‘zgalarning haqini o‘ylab o‘tirmay poymol qilinadigan tahlikali zamonda yashamoqdamiz. Shunday og‘ir vaziyatda o‘zimizni, yurtimizni qolaversa yurtimiz ahlini omonda saqlashga jon-jahdimiz bilan kirishishimiz barchamiz uchun birdek ham farz, ham qarzdir.
Bugungi yer yuzida bo‘layotgan buzg‘unchilik va begunoh odamlar qonini to‘kish kabi jinoyatlar negizida e’tiqodiy buzuqlik, aqida bilmaslik, to‘g‘ri yo‘ldan adashish va sof islom ta’limotlarini teran anglamaslikdan kelib chiqmoqda. Shu sabab sizlarga bu maqola orqali islomda e’tiqodning o‘rni haqida eslatma keltiramiz.
E’tiqod – bu birgina Islom diniga bog‘lanib qolgan tushuncha emas, balki barcha dinlarning eng asosiy poydevori sanaladi. Zero, din deb aytiladigan barcha yo‘nalish uch asos ustiga quriladi: E’tiqod, Hukm va axloq.
E’tiqod – Allohning borligi, birligi, farishtalarga, kitoblarga va shu kabi bir necha narsalarga iymon keltirish demakdir.
Hukm – bir narsaning halol, harom yoki shubhali kabi bo‘limlarga ajratib beruvchi qismdir.
Axloq – insonning o‘zga maxluqotlardan ajratib, uni qaysi turga mansub ekanini ko‘rsatib beruvchi omildir.
Shu uch qismning yig‘indisi yagona din deb ataladi. Inson nafsiga bas kelolmay axloqi buzuqroq bo‘lib qolishi mumkin ba’zida, yoki ayrim halol va harom masalalarida adashib ketishini ham tushinsa bo‘ladi. Lekin e’tiqodsiz bo‘lishi mumkin emas, chunki uning kim ekanini e’tiqod belgilaydi.
Xo‘sh, e’tiqod o‘zi nima?, biz qaysi e’tiqoddamiz?, e’tiqodga ergashishda qanday foyda, aksida esa qanday zararlar bor?
E’tiqod ilmi odatda «Aqida» nomi bilan ham keng tarqalgan. Ikki nomning ham asl o‘zagi bir «Aqd» so‘zidan olingan. Bu so‘z arabcha bo‘lib, «bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash» degan ma’noni anglatadi. Ya’ni islom aqidasi musulmon insonni ma’lum bir narsalar bilan mahkam bog‘lab turadigan e’tiqodlar majmuasidir.
Dunyoda bir qancha aqida, falsafiy fikrlar ham bor, ular ichida hozirgi kunga kelib yo‘qolib ketganlari ham talaygina. Biroq, ahli sunna jamoasi e’tirof etgan e’tiqodiy ta’limot yo‘li ikki dona bo‘lib, ular: moturidiylik va ash’ariylik ta’limotlaridir. Dunyoda islomda parokandalik va buzg‘unchilik paydo qiladigan turli fikr, falsafa va e’tiqodlar yuzaga kelgan bir davrda, Qur’oni karim, hadis sharif va sahobalarning uslubida aqida masalalarini yorita boshlagan sof e’tiqodli olimlar paydo bo‘la boshladi. Aynan shularga «Ahli sunna val jamoa» nomi berildi. Bu nom «sunnatga yurganlarning yo‘li va hadisga amal qiladiganlar» degan ma’noni ko‘zda tutadi. Keyinchalik aqida ilmi ham o‘z imomlariga ega bo‘ldi: Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy rohimahullohlar.
Ushbu imomlardan biri bizning mo‘tabar yurtimizdan yetishib chiqqan, buyuk siymo, alloma, Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturiydiy rohimahulloh. U kishi Samarqandda tug‘ilib, o‘sib, ta’lim olib, ijod qilib, shu yerning o‘zida hijriy 333-sanada vafot etgan. Yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, bu kishi mazhabda Hanafiy mazhabiga ergashganlar. Shu bilan birga ikki vosita ila Abu Hanifa rohimahullohning shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan rohimahullohga shogird ham bo‘ladi. Biz va ota-bobolarimiz e’tiqodda ana shunday buyuk bobokalonimizning ta’limoti bo‘lmish Moturidiya aqidasidamiz. Moturidiylik ta’limoti o‘zgalaridan farqi va haqiqiy sunnatga ergashgan yo‘l ekanini bir misol o‘laroq ko‘rib chiqamiz.
Moturidiylik ta’limotiga binoan biz «gunoh ish qilgan odamni dindan chiqdi demaymiz, modomiki o‘sha harom ishni halol sanamasa». Xulosa qilib aytganda, mo‘min odam gunohi kabira qilishi bilan kofir bo‘lib qolmaydi. Ammo o‘sha qilgan harom ishini halol, halol ishini harom desa, keyin kofir bo‘ladi.
Aynan mana shu biz keltirgan masala bo‘yicha o‘zga fikrlarni keltirib o‘tamiz:
Biz, ahli sunna val jamoa biror kishini gunohi kabira qilgani uchun kofir demaymiz, shu bilan iymoni bo‘lsa gunoh unga zarar bermaydi ham demaymiz.
Xavorijlar esa, gunohi kabira qilganni kofir deydi. Mo‘taziliy toifasi esa, gunohi kabira qilganni dindan chiqdi, lekin kufrga kirmadi deydilar. Ya’ni din va dinsizlik orasida deyishadi.
Xavorij va Mu’taziliylarning so‘zlariga ham o‘z dalillari bor:
«Musulmonni so‘kish fisqdir. U bilan urush qilish kufrdir» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Shu va shu kabi bir qancha hadislarni dalil qilib olishadi. Ana shu yerda haqli savol tug‘iladi, biz gunoh sabab kofir bo‘lmaydi deyapmiz. Ammo hadisda ochiq «U bilan urush qilish kufrdir» degan gap turibdi. Bunga nima deb javob beramiz?.
Agar gunohi kabira qilish kufr bo‘lganida, shariat hadlarni joriy qilmas edi. Masalan, o‘g‘rining qo‘li kesilishi, zinokorga had urilishi kabi. Balki, dindan chiqdi, kofir va murtad bo‘ldi. Endi faqat yagona yo‘l uni o‘ldirish kerak der edi. Mana shu holat va hukmning o‘ziyoq yuqoridagi toifalarning so‘zlari qanchalik botil ekanini bayon etadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, to‘g‘ri e’tiqod o‘zgalarga nisbatan ham chiroyli gumonni keltiradi. Sof e’tiqoddan yiroqlashish esa, inonning o‘ziga ham o‘zgalar tinchiga ham rahna soladigan illat bo‘lib xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
1. Ahmad ibn Hajar al-Asqaloniy, «Fathul boriy sharhi Sahihul Buxoriy», Dorul rayyani lit-turos, Qohira, 1986, 1-bosma.
2. Abdulmajid az-Zindoniy va boshqalar, «Al-Iymon», Al-Maktabatut-tijoriyya, Makka.
3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, «Aqoid ilmlari va unga bog‘liq masalalar», Hilol nashr, Toshkent. 2022.
Najmiddin domla HASANOV,
Toshkent shahar, Chilonzor tumani
Hasanxon qori masjidi imom-xatibi