"Tinchlik, millatlar va dinlararo bag'rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g'oyalarni targ'ib qiluvchi dinimiz nomiga dog' tushurgan va butun jahon xalqlari nigohida islom dinini “terrorizm dini”ga aylantirishga xizmat qilayotgan va musulmonlarni islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan tarixiy xizmatini yo'qqa chiqarayozgan soxta salafiylik XXI asrda musulmonlar boshiga kelgan eng katta musibat bo'ldi. Bu oqim ko'plab ulamolarning joniga qasd qilish, xudkushlik, tinch aholini qirib tashlash, voyaga etmagan bolalarni qo'liga qurol berish, olimlarni qadrsizlantirish kabi musulmonchilikka umuman to'g'ri kelmaydigan sifatlarga egaligi bilan musulmonlarni jahon hamjamiyati oldida qadrsizlanishiga xizmat qildi.
Soxta salafiylar “tasavvuf – bu kufr”, “mazhabga ergashish — shirk”, “vasila – shirk”, “Alloh taolo osmonda” kabi ko'plab fitnaga sabab bo'luvchi mavzular orqali o'sib kelayotgan yosh avlodning aqlini zaharlashga harakat qildilar va ozmi-ko'pmi jamiyatni parokanda qilish, olimlarni qadrsizlantirish va yoshlarni o'z yo'llariga og'dirish kabi jirkanch maqsadlarga erishishga intildilar. Salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan aqidaviy fitnasi musulmonlar orasida tafriqalanishni keltirib chiqarishga sabab bo'lgan mavzulardan biridir.
Risolat davriga nazar solinsa, Rasululloh alayhis-salom, u kishidan so'ng sahobai kiromlar musulmonlarga: “Alloh taolo yuqorida” deb e'tiqod qilinglar” deb buyurmaganliklari ko'zga tashlanadi. Chunki, u paytda musulmonlar orasida “Alloh taolo osmondami, erdami?” degan savol yoki qarashga o'rin yo'q edi. Chunki ular Alloh taoloni Qur'on va hadis asosida sodda va asosli tarzda tanir edilar hamda e'tiqoddan chalg'ituvchi aqidaviy masalalardan o'zlarini olib qochar edilar. Shuning uchun ham Hasan Basriy rahmatullohi alayh tavhid ilmida ilmiy suhbat qilmochi bo'lsalar, salohiyatsiz insonlarni suhbatdan chetlatar edilar.
Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Alloh taolo O'zini o'zi yoki Rasululloh vasf etgan narsa bilan sifatlanadi. Bunda Qur'on yoki hadisga qo'shimcha qilmaymiz. Alloh u ila vasf etilgan narsa shaksiz haq deb bilamiz. Shu bilan bir qatorda ” (Unga o'xshash biror narsa yo'q) deb e'tiqod qilamiz. Uning sifatlari va fe'llarini o'xshashi yo'q. Nuqson va yaratilganlikni anglatuvchi barcha narsadan Alloh azza va jalla pokdir.”.
Imom Shofe'iy Imom Molikdan naql qilgan rivoyatda, “Rasululloh ummatga istinjo o'rgatib, tavhidni ta'lim bermasliklari mumkin emas. U zot hadisda: “La ilaha illalloh” deyish bilan kishi musulmon bo'ladi deb aytganlar. Lekin biror hadisda Alloh taologa yuqori tomonni, ya'ni osmonni nisbatini berish tavhidga aloqador, deb aytilmagan” deydilar.
Imom Shofe'iy: “Aqlli kishiga Alloh taoloni biror narsaga o'xshatish harom va bu mavzuda chuqur ketish ham” deganlar. Sahoba va tobe'inlarning hayotiga nazar solinsa, aqida masalasida ular juda hassos bo'lganliklari ko'zga tashlanadi, ya'ni bu mavzuda ular o'zaro bahs qilmaganlar. Aqida bahsiga omi xalqni jalb qilmaganlar va minbarlarda nozik aqidaviy masalalarni mavzu sifatida gapirmaganlar. Soxta salafiylar esa, musulmonlar orasida mazhabsizlikni singdirish maqsadida o'z izdoshlariga birinchi kundanoq “Alloh taolo osmonda”, “vasila harom”, “Alloh taoloning qo'li, yuzi mavjud” kabi aqidaviy masalalarni tizimli bayon qilib keladilar. Holbuki, bu chin salaflarning yo'liga ziddir. Soxta salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan e'tiqodiy qarashlari haqida so'z yuritishdan oldin, ahli sunna val jamoaning e'tiqodini bayon qilish va musulmonlar e'tirofiga sazovar bo'lgan salafi solihlarning mavzu bo'yicha qarashlarini keltirib o'tish o'rinlidir. Zero, birinchi singdirilgan fikr, u qanday bo'lishidan qat'iy nazar o'quvchi ongiga albatta u yoki bu jihatdan ta'sir qiladi. Allox taolo yurtimizni eng kuchli va bilimli bulgan ertamiz kelajaklarini uzing asragin.
Mingbuloq tumani “Mulla Abduraxmon” jome
Masjidi imom xatibi: Sherzodbek Axmedov.
Toshkentda «Umra plyus» xalqaro sayyohlik uyushmasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi vakillari, xorijiy davlatlarning elchixonalari va diplomatik korpusi vakillari, turizm sohasi mutaxassislari hamda xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.
Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yangi xalqaro tuzilmaning asosiy maqsadi Umra ziyoratini O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy va diniy merosi bilan uyg‘unlashtirish, xorijiy ziyoratchilar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatning ziyorat turizmi salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishdan iborat.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish, uni mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylantirish va xalqaro turistik bozorlarda milliy turistik salohiyatni keng namoyon etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, ziyorat turizmini rivojlantirish va yangi maqsadli bozorlarni jalb etish «Umra plyus» konsepsiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Assotsiatsiya faoliyati doirasida, avvalo, Indoneziya, Malayziya va boshqa mamlakatlardan ziyoratchilarni «Umra plyus» dasturi asosida O‘zbekistonga jalb qilish nazarda tutilgan. Bunda Saudiya Arabistonidagi Umra ziyoratini O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy va diniy qadamjolarga tashriflar bilan birlashtirgan yangi turistik marshrutlarni shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda 2026–2027 yillarda Malayziya va Indoneziyadan 100 ming nafar ziyoratchini jalb qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Shuningdek, dastur doirasida turistik xizmatlar sifatini oshirish, aviaqatnovlarni kengaytirish, xorijiy turoperatorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda xalqaro bozor talablariga mos yangi turistik mahsulotlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratiladi.
Jumladan, Kuala-Lumpurdan Samarqand yoki Buxoro orqali Saudiya Arabistoniga yo‘l olish imkonini beruvchi tranzit turistik marshrutlarni yo‘lga qo‘yish takliflari ham ilgari surilmoqda. Bu kabi yo‘nalishlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi transport-logistika imkoniyatlari va ziyorat turizmi salohiyatini o‘zaro uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi «Turistik mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi» davlat muassasasi va «Umra plyus» xalqaro turizm assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish va ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
«Umra plyus» dasturini amalga oshirish mexanizmlari 2026 yil 9 yanvardagi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilab berilgan. Unga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar Malayziya va Indoneziyadan dastur asosida turistlarni jalb qiluvchi turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.
Yangi tashkil etilgan «Umra plyus» xalqaro turizm assotsiatsiyasi mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni xalqaro darajada muvofiqlashtirish, xorijiy turistik bozorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi imkoniyatlarini keng targ‘ib qilishda muhim platforma vazifasini bajarishi ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati