Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Noyabr, 2026   |   27 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:01
Peshin
12:12
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:30
Bismillah
07 Noyabr, 2026, 27 Jumadul avval, 1448

Sof e'tiqod dushmanlari

03.12.2022   5946   4 min.
Sof e'tiqod dushmanlari

"Tinchlik, millatlar va dinlararo bag'rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g'oyalarni targ'ib qiluvchi dinimiz nomiga dog' tushurgan va butun jahon xalqlari nigohida islom dinini “terrorizm dini”ga aylantirishga xizmat qilayotgan va musulmonlarni islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan tarixiy xizmatini yo'qqa chiqarayozgan soxta salafiylik XXI asrda musulmonlar boshiga kelgan eng katta musibat bo'ldi. Bu oqim ko'plab ulamolarning joniga qasd qilish, xudkushlik, tinch aholini qirib tashlash, voyaga etmagan bolalarni qo'liga qurol berish, olimlarni qadrsizlantirish kabi musulmonchilikka umuman to'g'ri kelmaydigan sifatlarga egaligi bilan musulmonlarni jahon hamjamiyati oldida qadrsizlanishiga xizmat qildi.


Soxta salafiylar “tasavvuf – bu kufr”, “mazhabga ergashish — shirk”, “vasila – shirk”, “Alloh taolo osmonda” kabi ko'plab fitnaga sabab bo'luvchi mavzular orqali o'sib kelayotgan yosh avlodning aqlini zaharlashga harakat qildilar va ozmi-ko'pmi jamiyatni parokanda qilish, olimlarni qadrsizlantirish va yoshlarni o'z yo'llariga og'dirish kabi jirkanch maqsadlarga erishishga intildilar. Salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan aqidaviy fitnasi musulmonlar orasida tafriqalanishni keltirib chiqarishga sabab bo'lgan mavzulardan biridir.


Risolat davriga nazar solinsa, Rasululloh alayhis-salom, u kishidan so'ng sahobai kiromlar musulmonlarga: “Alloh taolo yuqorida” deb e'tiqod qilinglar” deb buyurmaganliklari ko'zga tashlanadi. Chunki, u paytda musulmonlar orasida “Alloh taolo osmondami, erdami?” degan savol yoki qarashga o'rin yo'q edi. Chunki ular Alloh taoloni Qur'on va hadis asosida sodda va asosli tarzda tanir edilar hamda e'tiqoddan chalg'ituvchi aqidaviy masalalardan o'zlarini olib qochar edilar. Shuning uchun ham Hasan Basriy rahmatullohi alayh tavhid ilmida ilmiy suhbat qilmochi bo'lsalar, salohiyatsiz insonlarni suhbatdan chetlatar edilar.


Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Alloh taolo O'zini o'zi yoki Rasululloh vasf etgan narsa bilan sifatlanadi. Bunda Qur'on yoki hadisga qo'shimcha qilmaymiz. Alloh u ila vasf etilgan narsa shaksiz haq deb bilamiz. Shu bilan bir qatorda ” (Unga o'xshash biror narsa yo'q) deb e'tiqod qilamiz. Uning sifatlari va fe'llarini o'xshashi yo'q. Nuqson va yaratilganlikni anglatuvchi barcha narsadan Alloh azza va jalla pokdir.”.
Imom Shofe'iy Imom Molikdan naql qilgan rivoyatda, “Rasululloh ummatga istinjo o'rgatib, tavhidni ta'lim bermasliklari mumkin emas. U zot hadisda: “La ilaha illalloh” deyish bilan kishi musulmon bo'ladi deb aytganlar. Lekin biror hadisda Alloh taologa yuqori tomonni, ya'ni osmonni nisbatini berish tavhidga aloqador, deb aytilmagan” deydilar.


Imom Shofe'iy: “Aqlli kishiga Alloh taoloni biror narsaga o'xshatish harom va bu mavzuda chuqur ketish ham” deganlar. Sahoba va tobe'inlarning hayotiga nazar solinsa, aqida masalasida ular juda hassos bo'lganliklari ko'zga tashlanadi, ya'ni bu mavzuda ular o'zaro bahs qilmaganlar. Aqida bahsiga omi xalqni jalb qilmaganlar va minbarlarda nozik aqidaviy masalalarni mavzu sifatida gapirmaganlar. Soxta salafiylar esa, musulmonlar orasida mazhabsizlikni singdirish maqsadida o'z izdoshlariga birinchi kundanoq “Alloh taolo osmonda”, “vasila harom”, “Alloh taoloning qo'li, yuzi mavjud” kabi aqidaviy masalalarni tizimli bayon qilib keladilar. Holbuki, bu chin salaflarning yo'liga ziddir. Soxta salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan e'tiqodiy qarashlari haqida so'z yuritishdan oldin, ahli sunna val jamoaning e'tiqodini bayon qilish va musulmonlar e'tirofiga sazovar bo'lgan salafi solihlarning mavzu bo'yicha qarashlarini keltirib o'tish o'rinlidir. Zero, birinchi singdirilgan fikr, u qanday bo'lishidan qat'iy nazar o'quvchi ongiga albatta u yoki bu jihatdan ta'sir qiladi. Allox taolo yurtimizni eng kuchli va bilimli bulgan ertamiz kelajaklarini uzing asragin.

Mingbuloq tumani “Mulla Abduraxmon” jome
Masjidi imom xatibi: Sherzodbek Axmedov.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

E’tiqodiy masalalarda ohod xabarlarning tutgan o‘rni

03.10.2026   98919   19 min.
E’tiqodiy masalalarda ohod xabarlarning tutgan o‘rni

E’tiqod inson hayotining ajralmas qismi bo‘lib, barcha insonlar e’tiqodlariga ko‘ra maqsad qo‘yadilar va o‘shanga ko‘ra hayot kechirishga intiladilar. To‘g‘ri e’tiqod bilan qilingan amal durust va qiymatli bo‘ladi. Bu haqiqatni So‘fi Olloyor bobomiz quyidagicha bayon qilgan:


Aqida bilmagan shaytona eldir,

Agar ming yil amal deb qilsa yeldir.


Ya’ni e’tiqod xato bo‘lar ekan u bilan har qancha amal qilinmasin foydasini bermaydi. Qur’oni karimda quyidagi oyat shunga dalolat qiladi:


“Robblariga kufr keltirganlarning amallarining misoli, xuddi bo‘ronli kunda shamol uchirib ketgan kulga o‘xshaydir. Ular o‘z kasblaridan biror narsaga ega bo‘lmaslar. Ana o‘sha uzoq adashuvning o‘zidir”[1]. (Ibrohim surasi,  18-oyat)


To‘g‘ri e’tiqodga tegishli barcha ma’lumotlarni topishga faqatgina aqlning o‘zi kifoya qilmaydi. Shuning uchun ham  har bir zamonda insonlarni ogohlantiruvchi, ularga ta’lim beruvchi payg‘ambarlar yuborilgan.


To‘g‘ri e’tiqodni noto‘g‘risidan ajratuvchi va ularning tafsilotlarini bayon qiluvchi ilm aqida yoki kalom ilmi deyiladi.  Bu ilmda Yaratuvchining borligi, sifatlari, ismlari, nubuvvat, borliq va sam’iyot (g‘aybiyot) mavzulari haqida bahs yuritiladi. Bu ilm oqil insonlarni mazkur narsalar to‘g‘risida ikkilanish yoki taqlid qilishdan qat’iy ravishda aniq ishonchli bo‘lishlariga xizmat qiladi. Ahli sunna olimlari boshqa firqalardan farqli o‘laroq aqidaviy hukmlarda aql va naql o‘rtasidagi muvozanatni saqlaganlar. Boshqalar esa yo aqliy dalilni hujjat qilishda yoki naqliy dalilni hujjat qilishda g‘uluvga ketganlar va natijada xatoga yo‘l qo‘yganlar. Chunki ularning bahslari sof ilmiy manhaj ustiga qurilmagan.


Imom Abu Mansur Moturidiy ilmni quyidagicha ta’riflagan: 

 العلم صفة يتجلى بها المذكور لمن قامت هي به

«Ilm bir sifat bo‘lib, bu sifat kimda bo‘lsa, e’tibor qilish mumkin bo‘lgan narsalar unga aniq-ravshan bo‘ladi»[2].


Demak, ilm bo‘lishi uchun e’tibor qaratish, zikr qilish mumkin bo‘lgan narsalarning aniq ravshan bo‘lishiga sabab bo‘ladigan sifat bo‘lishi lozim ekan. Agar bunday darajada bo‘lmasa u ilm emas, balki taxmin yoki katta ehtimol darjasidagi tushuncha hisoblanar ekan.


«Hujjat» so‘zi dalil, isbot ma’nolarini anglatadi. «Hujjat qilish» iborasi arab tilida الاحتجاج  deyilib  «nimanidir dalil qilib olish» ma’nosida qo‘llanadi[3]. Shu ma’noda hujjat so‘zi har qanday turdagi dalil qilib keltirishga nisbatan umumiy ma’noda ishlatiladi.


Islom shariatida dalillar «qat’iy» (shak-shubhasiz aniq) va «zonniy» (katta ehtimol bilan aniq) darajalariga bo‘linadi. Qat’iy va zonniy dalillarni ulamolar quyidagi turlarga ajratganlar: 

 

  1. Subuti qat’iy dalillar. Bunday dalillar mujtahid olimlarga yetib kelishgacha bo‘lgan yo‘lda hech qanday bir nuqson yoki ziyodalikka uchramay aniq yetib kelgan dalillar bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday dalillarning mavjudligi qat’iy ravishda aniq hisoblanadi va ular mutavotir deyiladi. «Mutavotir» deganda, sof  aqlga emas balki, his qiluvchi sezgilarga suyangan holda rivoyat qilingan xabarni odatda aql yolg‘onga kelishib olishlarini tasavvur qilolmaydigan darajadagi adad rivoyat qilishi tushuniladi. Yoxud shuncha adad rivoyat tabaqasining avvalidan oxirigacha rivoyat qilgan xabar tushuniladi[4]. Bunday xabarga Qur’oni karim va ba’zi sunnatlarning yetib kelishi misol bo‘ladi. 
     
  2. Dalolati qat’iy dalillar. Bunday dalilni bir ma’nodan boshqa ma’noda bo‘lishining hech bir ehtimoli bo‘lmaydi. Bunday dalillarga mufassar va muhkam oyatlar, qat’iy tushunilgan mutavotir va ohod hadislar kiradi. 
     
  3. Subuti zonniy dalillar. Bunday dalillar mujtahid olimlarga qat’iy bo‘lmagan yo‘l bilan yetib kelgan dalillardir. Roviyning yolg‘on gapirishi, zobtining yaxshi emasligi kabi omillar buning sabablaridan hisoblanadi. Ohod hadislar subuti zonniy dalillar sirasiga kiradi. “Ohod” deb lug‘atda bir shaxs tomonidan rivoyat qilingan xabarga aytiladi. Istilohda esa, mutavotirning shartlarini o‘zida jamlamagan xabar turiga aytiladi[5].
     
  4. Dalolati zonniy bo‘lgan dalillar. Bunday dalillar ko‘zlangan ma’noga katta ehtimol taqozosi bilan dalolat qiladi. Ya’ni bundan boshqa  ma’noda bo‘lishining ehtimoli bor bo‘lgan dalillar bo‘ladi. Bunga ta’vil qilinadigan oyatlar, zonniy yo‘l bilan tushunilgan hadislar kiradi.[6]
     

Mazkur taqsimotdan kelib chiqib shuni tushunish mumkinki, dalillarning ichida dalolati va subuti qat’iy bo‘lganlari ham, dalolati va subuti zonniy bo‘lganlari ham bor. Yana dalolati va subutida qat’iylikni ifodalashda kamchilik bilan qabul qilinadigan dalil turi ham mavjud. Talab qilingan narsani sobit qilishda mustaqil qabul qilinmaydigan lekin, undan ikkilamchi dalil sifatida, quvvatlash uchun qabul qilinadigan dalil turi ham bor. «Hujjat qilish» iborasi yuqoridagi barcha darajalarga birdek qo‘llaniladi.


Shunga ko‘ra ba’zi dalillar tafsir va siyrat kabi ilmlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lsa ham, ammo shar’iy hukmlarni sobit qilishda qo‘llanishi mumkin bo‘lmaydi. Yana shunday o‘rinlar bo‘ladiki unda talab qilingan narsani isbot qilishda dalil mustaqil hujjat bo‘la oladi. Boshqa bir o‘rinda esa, quvvatlovchi bo‘lib keltirilgan dalilga ham “hujjat qilish” iborasi qo‘llanadi.


Biz mutavotir va ohod lafzlarini u bilan qaydlayotgan «xabar» so‘zi lug‘atda “so‘zlash yoki yozish tariqasida aytib beriladigan narsa”ga ishlatiladi[7]. Istilohda «xabar» so‘zi ilmning turiga qarab qo‘llaniladi. Mantiq va grammatika ilmida «xabar» deb rost va yolg‘on ehtimolini ko‘taradigan gapga aytiladi. Hadis ilmida hadisning sinonimi sifatida Nabiy (a.s.) ning so‘zi, sahobalarning gaplari va tobeinlarning fatvolariga nisbatan «xabar» so‘zi qo‘llaniladi. Aqoid ilmida esa, «rost xabar» deb qaydlanib, ilmni hosil qiluvchi sabablardan biriga aytiladi.


Aqoid ilmida qat’iylikka dalolat qilgani uchun asosan mutavotir xabarlar hujjat qilinadi va u ilmni ifodalaydi. Najmiddin Umar Nasafiy mutavotir xabar zaruriy ilmni hosil qiladi[8], degan. Ya’ni bunday xabar bilan hosil bo‘lgan ilm ishonmaslikning imkoni yo‘q darajadagi aniq ma’lumot bo‘ladi. Shunga ko‘ra, bunday xabar kelganda boshqa biror dalilga ehtiyoj qolmaydi.


Qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan hukmlar qat’iy tasdiqlanishi lozim. Aqidada zonniy dalillar bilan sobit bo‘lgan zonniy hukmlar ham mavjud bo‘lib, uni inkor qilgan kishi kufr va bid’atda ayblanmaydi. Dinga tegishli ekani inkor qilib bo‘lmaydigan darajada ma’lum narsalarni inkor qilgan kishi kufrda ayblaniladi[9], chunki ular mutavotir yo‘l bilan bilingan bo‘ladi.


Mutaaxir ulamolardan Kamol ibn Humom kalom ilmini ta’rifida aqida ilmidagi dalillar qat’iy va zonniy bo‘lishini ochiq bayon qilgan:

الكلام معرفة النفس ما عليها من العقائد المنسوبة إلى دين الإسلام عن الألة، علما، وظنا في البعض منها


“Kalom ilmi  kishini o‘zining zimmasiga lozim bo‘lgan Islom diniga mansub bo‘lgan aqidalarni dalillardan aniq bilishi va ba’zilarini zonniy[10] bilishidir”[11].


Ohod xabarlar zonniy dalillar turiga kiradi. Ushbu xabar qat’iy ya’ni kuchli ishonchga ega bo‘lgan yo‘l bilan yetib kelmagan. Ohod xabarning darajasi mutavotirnikidan past ekanining sababi ohod xabarda kelgan lafz va ma’no Rasul alayhissalom aytgan gaplari ekanligida oz bo‘lsa-da shubha bor. Shuning uchun bunday dalillar hujjat bo‘lgan hukmlarni zonniy darajasida tasdiqlash vojib bo‘ladi. 


Aqidadagi ilohiyot bobining ism va sifatlar mavzusida, nubuvvat bobining mo‘jiza va uning turlari bahsida hamda sam’iyyot boblarida ohod xabarlar hujjat qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek ba’zi masalalarda tafsilotlarni bayon qiluvchi dalil boshqalarida esa, ikkilamchi dalil bo‘lib kelgan.   


Rosulullohning ko‘plab mo‘jizalari ohod yo‘l bilan rivoyat qilingan. Bu rivoyatlarning dalolati qat’iy, biroq subuti zonniy bo‘lgan. Mo‘jizaga zamondosh bo‘lib yashagan kishilarga nisbatan mo‘jizaning dalolati ham, subuti ham qat’iy bo‘ladi. Sababi ular o‘zlari mo‘jizaga guvoh bo‘lishgan. Zero biror bir xabar Rosululloh bilan zamondosh bo‘lib yashagan kishiga mutavotir yo‘l bilan yetib borgan bo‘lsa  dalolati ham, subuti ham qat’iy bo‘ladi. Lekin sahobalardan keyingilarning davriga kelib dalilning sobit bo‘lishida kamchilik paydo bo‘lgani uchun[12] ularning subuti qat’iy bo‘lmay qolgan. Ammo turli rivoyat yo‘llari bilan rivoyat qilingan ohod xabarlar yig‘indisi mutavotir bo‘ladi. Buni Rosulullohning bir qancha mo‘jizalarida ko‘rish mumkin. Toshlarning Payg‘ambar (a.s.)ga salom bergani haqidagi xabar, Nabiy (a.s.)ning barmoqlari orasidan suv chiqqani haqidagi xabar, Nabiy (a.s.)ga qo‘llaridagi mayda toshlarning tasbeh aytganligi haqidagi xabar, tuyaning Rosululloh (a.s.)ga gapirganligi haqidagi xabar, Yahudiylar tarafidan zaharlanganligi haqida xabar bergan qo‘y go‘shtining xabari bularning barchasi ohod xabarlardir. Ushbu ohod xabarlarning jamlanmasi Nabiy (a.s.)da umumiy «hissiy mo‘jizalar» bo‘lgani haqidagi ma’noni mutavotir darajada sobit qiladi. Bu tarzda ohod xabarlar jamlanmasi bilan sobit bo‘lgan ma’naviy mutavotir xabar ustiga Muhammad alayhissalomda nubuvvat mavjud ekanligini bino qilsa bo‘ladi. Ya’ni nubuvvat mo‘jiza bilan quvvatlangan ekan bu turdagi mo‘jizani ko‘rsatgan kishida nubuvvatni sobit qilish mumkin hisoblanadi.


Lekin ohodlar jamlanmasi bilan sobit bo‘lgan xabarlarni chuqur o‘rganish, fikr yuritish lozim. Rivoyat yo‘llari, rivoyat turlari, sharhlarda kelgan rivoyat yo‘llari izlanilishi kerak. Muhammad alayhissalomning payg‘ambar ekanliklarini Qur’ondagi dalillardan tushunmayotgan kishiga ohod hadislar yig‘indisi bilan ma’naviy mutavotirlikka yetgan mo‘jizalarni bayon qilib berish bilan nubuvvatlarini isbot qilish mumkin bo‘ladi. Islomning hujjati laqabi bilan tanilgan Abu Homid  G‘azzoliy "الإقتصاد في الإعتقاد"  kitobini g‘ayb masalalari-sam’iyot bobini bayon qilish bilan boshlagan. Asarda imom shunday degan:

ثم كلما ورد السمع به ينظر، فإن كان العقل مجوزا له وجب التصديق به قطعا إن كانت الأدلة السمعية قاطعة في متنها ومستندها لا يتطرق إليها احتمال، وجب التصديق بها ظنا إن كانت ظنية


"Eshitish yo‘liga ko‘ra vorid bo‘lgan (ya’ni aql bilan topib bo‘lmaydigan) har bir xabar haqida tafakkur qilib ko‘riladi[13]. Agar aql u (xabar)ni joiz deb bilsa va sam’iy dalillarning matni va sanadi shubhaga o‘rin qoldirmaydigan darajada qat’iy[14] bo‘lsa, uni qat’iy tasdiqlash vojib bo‘ladi. Agar (sam’iy dalillar)zonniy[15] yo‘l bilan vorid bo‘lgan bo‘lsa, uni zonniy tasdiqlash vojib bo‘ladi”[16].


Imomning ushbu gapi yuqoridagi Kamol ibni Humomning aqidaga bergan ta’rifini quvvatlaydi.


   Aqoidda jazm va qat’iylik talab qilinadigan o‘rinlarda ohod xabarlar olinmaydi. Chunki, bu xabarning darajasi jazm va qat’iyatga salohiyatli emas. Bunday o‘rinlarda ohod xabarning dalil bo‘lolmasligi u xabarni Rosulullohga mansub emasligini keltirib chiqarmaydi balki, uning  Rosulullohga nisbat berilishi qat’iy yo‘l bilan sobit bo‘lmaganini bildiradi xolos. Shunga ko‘ra agar ohod xabar o‘rganilib Rosulullohga nisbati haqiqiy ekaniga ishonch hosil qilinsa, u hujjatlikka yaraydi. Olimlar «ohod xabar hujjat bo‘lishga yaramaydi» deyishgan bo‘lsa, qat’iy va zonniyning martabalariga rioya qilgan holda shunday deyishgan bo‘ladi. Masala qat’iy bo‘lib, dalilning darajasi undan pastroq ya’ni, zonniy bo‘lsa, qat’iyni zonniy bilan sobit qilib bo‘lmaydi. Bu ilm falsafasiga to‘g‘ri kelmaydi. Aqidaviy hukmlardan kelib chiqqan zonniy masalalarda ohod xabarlardan hujjat sifatida foydalanilgan. Sirot, mezon, jannat va do‘zaxning vasflari, jannatdagi daraxtning vasflari shular jumlasiga kiradi.


Ohod xabar inkor qilinmaydi ham, yolg‘onga ham chiqarilmaydi. Muhaddislar ohod hadisni sahih deb topishgan. Imom Buxoriy, Imom Muslim «Sahih»larida ohod xabarlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Hadisni rivoyat qiluvchining soni oz bo‘lsa ham, roviysi ishonchli bo‘lsa xabar yolg‘onga chiqarilmaydi.


«Ohod hadis sahih bo‘lishining ma’nosi nima?» deyilsa, xabarni ishonchli roviylar rivoyat qilishgan bo‘lishi uni sahih ekanligini bildiradi. Endi buni inkor qilish yoki, yolg‘onga chiqarish o‘sha ishonchli roviyni inkor qilish yoki yolg‘onga chiqarish bo‘ladi va buning uchun ham dalil talab qilinadi.


Hadislar Islom dinining asosiy masdarlaridan biri va u ilohiy kitob Qur’onni bayon qiluvchidir. Sahobalar Rosul (a.s.)dan eshitgan, ko‘rgan, bilgan har bir narsalariga omonat sifatida qarab keyingilarga yetkazishga qattiq intilishgan. Hadislarning sharhida zohiran bir-biriga zid kelib qolganlarini muvofiqlashitirish asnosida sahobiyning Nabiy alayhissalomning qaysidir gaplarini uzoqda turganligi yoki kech kelganligi va boshqa sabablarga ko‘ra to‘liq holda xabardor bo‘lmay qogan bo‘lish ehtimolini bayon qilishadi. Yoki mavjud holatga birgina sahobiy guvoh bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu kabi qat’iyatga nuqson yetqizadigan omillar bo‘lishiga qaramay o‘zlaridan keyingilarga yetkazishga haris bo‘lishgan. Tobeinlar va ularga ergashganlar ham shunday bo‘lganlar. Ya’ni ohod hadis hadis o‘laroq Rosul alayhis solatu vassalamga nisbat beriladi va nisbati o‘laroq unga amal qilinadi. Shar’iy hukmlar borasida ohod hadisga amal qilishda kengchilik bor. Aqidaviy hukmlarda hujjat qilinishida ixtiloflar ko‘plab uchagan. Biroq bu fikrlar yaxshilab o‘rganilishga muhtojdir. Ohod xabarning hujjat bo‘lishini butunlay inkor qilishganmi yoki asliy hukmlarda hujjat bo‘lishini inkor qilishganmi yoki qat’iy va zonniy masalalarning darajasi o‘laroq ohod xabarning hujjat bo‘lishini inkor qilishganmi? 


«Ohod xabar ilmni ifodalaydi» deganlar zonniyning yuqori darajasini nazarda tutishgan. Ehtimol ular bu gaplari bilan mutlaq ohod xabarni qasd qilishmagan balki, boshqa ishora va dalilar bilan quvvatlangan ohod xabarni nazarda tutgan bo‘lishlari ham mumkin. Zero, agar ohod xabar “qarinalar” (boshqa ishora va dalilar) bilan quvvatlansa, qat’iy ishonch darajasiga ko‘tariladi va ilmni ifodalaydi. Yuqoridagi gapni aytganlar katta ehtimol bilan shu ma’noni nazarda tutgan bo‘lishlari mumkin.  Olimlarning bu boradagi ixtiloflari sabablarini o‘rganmay turib yuzaki baho berishga aslo shoshilmaslik kerak. Aqidada ohod xabarlar bilan hujjatlangan zonniy masalalarni inkor qilgan kishini kufrda ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu borada aqidadagi qat’iy masalalar va zonniy masalalar o‘rtasidagi farqlarni ajrata bilish albatta, zarurdir.  Bularni farqlash juda ko‘plab tushunmovchiliklarga barham beradi. 


Muxlisa NARZULLAYEVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim mutaxassisi

 

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi. –T.: Sharq, 2011.- B. 257.

[2] Abdulqodir Abdur Rahim. E’tiqod durdonalari. –T.: Hilol nashr, 2014. - B. 10.

[3] Ibn Manzur. Lison ul arab. – Qohira: Dar al ma’arif, 2016. - B. 779.

[4] Zafar Ahmad al Usmoniy al Tahonaviy. Qova’id fi ulumil hadis./ Muhaqqiq: Abdulfattoh Abu G‘udda. – Qohira: Dar al salom, 1972.  - B. 31.

[5] Doktor Kiloniy Muhammad Xalifa. Manhaj al hanafiyya fi naqdil hadis. – Qohira: Dar al salom, 2010. – B. 96.

[6] Doktor Saloh Abul Hoj. Tahzibu masaril vusul ila ilmil usul. – Ummon: Markaz anvar al ulama lil dirosat, 2020. - B. 66.

[7] Mo‘jam al vasit. Mo‘jam al lug‘otul arabiyya. -Maktabat al shuruq al davliyya, 2008. -  B. 215.

[8] Muhammad Yosir ibn Azizurrohman al-Hanafiy. Tahzibul arvoh an-nafsiyya fi taysiri sharhul aqoidin Nasafiyya. –Britaniya: (nashriyot ko‘rsatilmagan),  2010.  - B. 31.

[9] Izoh: bu yerda Islomning ruknlari va shiorlari ko‘zda tutilgan.

[10] Katta ehtimol bilan bilishi

[11] Kamoliddin Muhammad Abu Sharif Maqdisiy. Al musamarotu bi sharh al musayaro. -  Damashq: Dar al Bayrutiy, 2024. - B.54.

[12] Roviydagi shubha, ta’na-kamchilik va xotiraning yomonligi va rivoyat qiluvchisining kamligi sabab xabarda paydo bo‘lgan kamchilik

 

[14] Kuchli ishonchga ega

[15] Kuchli ehtimolga ega

[16] Muhammad Abu Homid al G‘azzoliy. Kitab al iqtisod fil e’tiqod. – Bayrut: Dar al kutub al ilmiyya, 2021. - B. 115.