"Tinchlik, millatlar va dinlararo bag'rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g'oyalarni targ'ib qiluvchi dinimiz nomiga dog' tushurgan va butun jahon xalqlari nigohida islom dinini “terrorizm dini”ga aylantirishga xizmat qilayotgan va musulmonlarni islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan tarixiy xizmatini yo'qqa chiqarayozgan soxta salafiylik XXI asrda musulmonlar boshiga kelgan eng katta musibat bo'ldi. Bu oqim ko'plab ulamolarning joniga qasd qilish, xudkushlik, tinch aholini qirib tashlash, voyaga etmagan bolalarni qo'liga qurol berish, olimlarni qadrsizlantirish kabi musulmonchilikka umuman to'g'ri kelmaydigan sifatlarga egaligi bilan musulmonlarni jahon hamjamiyati oldida qadrsizlanishiga xizmat qildi.
Soxta salafiylar “tasavvuf – bu kufr”, “mazhabga ergashish — shirk”, “vasila – shirk”, “Alloh taolo osmonda” kabi ko'plab fitnaga sabab bo'luvchi mavzular orqali o'sib kelayotgan yosh avlodning aqlini zaharlashga harakat qildilar va ozmi-ko'pmi jamiyatni parokanda qilish, olimlarni qadrsizlantirish va yoshlarni o'z yo'llariga og'dirish kabi jirkanch maqsadlarga erishishga intildilar. Salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan aqidaviy fitnasi musulmonlar orasida tafriqalanishni keltirib chiqarishga sabab bo'lgan mavzulardan biridir.
Risolat davriga nazar solinsa, Rasululloh alayhis-salom, u kishidan so'ng sahobai kiromlar musulmonlarga: “Alloh taolo yuqorida” deb e'tiqod qilinglar” deb buyurmaganliklari ko'zga tashlanadi. Chunki, u paytda musulmonlar orasida “Alloh taolo osmondami, erdami?” degan savol yoki qarashga o'rin yo'q edi. Chunki ular Alloh taoloni Qur'on va hadis asosida sodda va asosli tarzda tanir edilar hamda e'tiqoddan chalg'ituvchi aqidaviy masalalardan o'zlarini olib qochar edilar. Shuning uchun ham Hasan Basriy rahmatullohi alayh tavhid ilmida ilmiy suhbat qilmochi bo'lsalar, salohiyatsiz insonlarni suhbatdan chetlatar edilar.
Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Alloh taolo O'zini o'zi yoki Rasululloh vasf etgan narsa bilan sifatlanadi. Bunda Qur'on yoki hadisga qo'shimcha qilmaymiz. Alloh u ila vasf etilgan narsa shaksiz haq deb bilamiz. Shu bilan bir qatorda ” (Unga o'xshash biror narsa yo'q) deb e'tiqod qilamiz. Uning sifatlari va fe'llarini o'xshashi yo'q. Nuqson va yaratilganlikni anglatuvchi barcha narsadan Alloh azza va jalla pokdir.”.
Imom Shofe'iy Imom Molikdan naql qilgan rivoyatda, “Rasululloh ummatga istinjo o'rgatib, tavhidni ta'lim bermasliklari mumkin emas. U zot hadisda: “La ilaha illalloh” deyish bilan kishi musulmon bo'ladi deb aytganlar. Lekin biror hadisda Alloh taologa yuqori tomonni, ya'ni osmonni nisbatini berish tavhidga aloqador, deb aytilmagan” deydilar.
Imom Shofe'iy: “Aqlli kishiga Alloh taoloni biror narsaga o'xshatish harom va bu mavzuda chuqur ketish ham” deganlar. Sahoba va tobe'inlarning hayotiga nazar solinsa, aqida masalasida ular juda hassos bo'lganliklari ko'zga tashlanadi, ya'ni bu mavzuda ular o'zaro bahs qilmaganlar. Aqida bahsiga omi xalqni jalb qilmaganlar va minbarlarda nozik aqidaviy masalalarni mavzu sifatida gapirmaganlar. Soxta salafiylar esa, musulmonlar orasida mazhabsizlikni singdirish maqsadida o'z izdoshlariga birinchi kundanoq “Alloh taolo osmonda”, “vasila harom”, “Alloh taoloning qo'li, yuzi mavjud” kabi aqidaviy masalalarni tizimli bayon qilib keladilar. Holbuki, bu chin salaflarning yo'liga ziddir. Soxta salafiylarning “Alloh taolo osmonda” degan e'tiqodiy qarashlari haqida so'z yuritishdan oldin, ahli sunna val jamoaning e'tiqodini bayon qilish va musulmonlar e'tirofiga sazovar bo'lgan salafi solihlarning mavzu bo'yicha qarashlarini keltirib o'tish o'rinlidir. Zero, birinchi singdirilgan fikr, u qanday bo'lishidan qat'iy nazar o'quvchi ongiga albatta u yoki bu jihatdan ta'sir qiladi. Allox taolo yurtimizni eng kuchli va bilimli bulgan ertamiz kelajaklarini uzing asragin.
Mingbuloq tumani “Mulla Abduraxmon” jome
Masjidi imom xatibi: Sherzodbek Axmedov.
Poyxtaxtimizdagi muhtasham «Hilton Tashkent City» mehmonxonasi ikki kunga O‘zbekiston va Rossiya axborot makonining bosh muloqot markaziga aylandi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) va Rossiyaning «TASS» axborot agentligi hamkorligida tashkil etilgan III O‘zbekiston–Rossiya media forumi davlat idoralari mas’ullari, yetakchi mediaxoldinglar, IT-sektor hamda kreativ industriyadan 200 dan ziyod ishtirokchini bir maydonga jamladi.
Forumning tantanali ochilish marosimi va yalpi majlisida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘z ma’ruzasida bugungi axborot dunyosining global chaqiriqlari, O‘zbekiston media maydonidagi tub yangilanishlar va ikki davlat professional hamjamiyati oldida turgan to‘rtta strategik yo‘nalishning mohiyatini ochib berdi.
O‘zaro ishonch va yuksak muloqot mahsuli
Sherzod Asadov o‘z nutqining avvalida mazkur forum shunchaki muhokamalar maydoni emas, balki ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi mustahkam strategik sheriklikning yorqin ko‘rinishi ekaniga urg‘u berdi:
«Bugungi forumimiz mamlakatlarimiz o‘rtasida yuksak darajagi munosabatlarning ifodasidir. Bu aloqalar negizida yetakchilarimiz — Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Vladimir Putinning do‘stligi hamda o‘zaro ishonchi mujassam. Aynan davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi, ularning doimiy va ishonchli muloqoti barcha yo‘nalishlardagi — iqtisodiyot va energetikadan tortib, madaniyat, ta’lim va, albatta, media sohasigacha — hamkorligimizga faol sur’at bag‘ishlamoqda».
Ortga qaytmas islohotlar
Prezident matbuot kotibi axborot bugun shunchaki yangilik yetkazish vositasi emas, balki davlat taraqqiyoti, xalqaro maydondagi ishonch va global kun tartibini belgilovchi strategik omilga aylanganini ta’kidladi. Ma’ruzada so‘nggi yillarda O‘zbekiston milliy media makonida amalga oshirilgan islohotlar salmoqli raqamlar bilan asoslab berildi:
Xususiy sektorning o‘sishi: Mamlakatda faoliyat yuritayotgan qariyb 3 mingta (2 700 ta) ommaviy axborot vositalarining 67 foizi xususiy kapital hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu milliy axborot makonida erkinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi.
Kitobxonlik madaniyatining tiklanishi: Birgina joriy yilning o‘zida nashriyot tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmi ikki barobar oshdi: 15 ming nomdagi kitoblar 60 million nusxadan ortiq umumiy adadda bosib chiqarildi. «Dunyoda bosma matnga bo‘lgan ishonch susayib borayotgan bir paytda, O‘zbekiston odamlarni kitobga, mutolaa zavqiga oshno etish yo‘lini tanladi», — deya qayd etdi Sh.Asadov.
Raqamli qamrov va blogosfera: Mamlakatda internet qamrovi 94 foizga yetdi. 2017 yilda faol kontent iste’molchilari soni 14,7 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 32,7 milliondan oshdi. Bu esa professional blogerlar jamoatchiligi shakllanishiga va ularning yetakchi tahririyatlar bilan teng sharoitda kun tartibini belgilashiga imkon yaratdi.
Milliy mediabank va sifatli mahsulot: Yil davomida Kontent markazi tomonidan tayyorlangan 26 mingdan ortiq mediamahsulot qariyb 2 milliard marta tomosha qilindi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda ilk bor yuqori sifatli vizual kontentni jamlagan Milliy mediabank ishga tushirilib, mamlakat haqidagi o‘n minglab foto va videomateriallar ochiq foydalanish uchun taqdim etildi.
Dezinformatsiya — umumiy suverenitetga tahdid
Sherzod Asadov sun’iy intellekt rivojlanib, feyk va dipfeyklar hajmi yil sayin ikki barobarga ortib borayotgan bir vaqtda axborot manipulyatsiyasiga qarshi turish nafaqat tahririyatlar, balki milliy xavfsizlik darajasidagi masalaga aylanganini alohida ko‘rsatib o‘tdi:
«Hech bir milliy media tizimi bunday chaqiriqqa qarshi yolg‘iz o‘zi kurasha olmaydi. Shu nuqtayi nazardan, tarqatilayotgan axborotning haqqoniyligi va uni jamoatchilik fikrini boshqarish yo‘lida suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun medianing mas’uliyati beqiyosdir. Turli dezinformatsiya va axborot hujumlari davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida tushunmovchilik hamda ixtilof paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmasligi kerak.
So‘z ixtilof emas, balki o‘zaro anglashuv manbai bo‘lishi lozim. Zamonaviy medianing birlashtiruvchi missiyasi aynan shunda — jamiyatlarimiz bir-birini yaxshiroq tushunishiga va do‘stona rishtalarni mustahkamlashga xizmat qilishdir».
Hamkorlikning to‘rt ustuvor yo‘nalishi
Fyodor Dostoyevskiyning mashhur so‘ziga ishora qilib, «Harakatdan to‘xtagan OAVda kelajak bo‘lmaydi, demak, bosh vazifa — yaratuvchanlik va hamkorlikdadir», degan g‘oyani ilgari surgan Sherzod Asadov O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi sheriklikning 4 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha aniq takliflarni ilgari surdi:
Tajriba va kadrlar tayyorlash: Rossiyaning boy an’analarga ega jurnalistika maktabi hamda O‘zbekistonning rivojlanayotgan jamiyat sharoitida tezkor raqamli transformatsiya borasidagi noyob tajribasini birlashtirish. Bu borada tizimli stajirovkalar, qo‘shma jurnalistika maktablari va umumiy ta’lim platformalarini yaratish taklif qilindi.
Dezinformatsiyaga qarshi birgalikda kurashish: O‘zbekistonda bu borada maxsus ta’lim platformasi yo‘lga qo‘yilib, 11 ming yosh mutaxassis o‘qitilgan. «Yolg‘on haqiqatdan tezroq tarqalayotgan dunyoda faktlarni birgalikda himoya qilish — axborot makonidagi umumiy suverenitetimiz masalasidir», deya ekspertlar salohiyatini birlashtirish va axborotni tekshirishning umumiy standartlarini yaratish tashabbusi bildirildi.
Texnologik sheriklik: Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va Big Data bilan ishlashda qo‘shma ishlanmalar yaratish. Bu ikki davlatga global trendlar ortidan quvish emas, balki trendlarni birgalikda belgilash imkonini beradi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar: Kelishuvlar faqat real, amaliy munosabatlar mavjud bo‘lgandagina samara beradi. Tahririyatlar, jurnalistlar va blogerlar o‘rtasidagi muntazam aloqalar barqaror sheriklikning muhim mozaikasi bo‘lib qolishi zarur.
Do‘st topgan — xazina topar
Prezident matbuot kotibi o‘z nutqini ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning «Kimki do‘st topsa, xazina topibdi» degan hikmatli so‘zlari bilan yakunladi.
Ta’kidlanganidek, Toshkentdagi ushbu forum ishtirokchilarga ishonchli va istiqbolli hamkorlar topish, mushtarak loyihalarni boshlash va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik aloqalarini yangi amaliy mazmun bilan boyitish uchun muhim start maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Forum ishi to‘rtta yirik panel sessiyasi, kibermakonda axborot xavfsizligi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha maxsus seminar hamda B2B muzokaralari bilan davom etmoqda.