Shayx Ibn Javziy (510-597)
Imom, alloma, hofiz, voiz, mufassir Abul Faraj Abdurahmon ibn Ali Javziy rahmatullohi alayhining nasabi Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga borib taqaladi.
Vosit shahri bo'yicha faqat bobosining hovlisida yong'oq daraxti bo'lgani uchun “Javziy” (yong'oqli) laqabi bilan tanilgan.
Taxminan hijriy 508-510 yilda Bag'dodda dunyoga kelgan. Ibn Javziy uch yoshligida otasi olamdan vafot etadi va onasi qarmog'ida qoladi.
Yoshligidan ilm olishni boshlab, hofiz Muhammad ibn Nosir huzurida Qur'oni karimni to'laligicha yod oladi. Keyinchalik Abul Qosim Hiraviydan voizlik san'atini o'rganadi. Shundan so'ng, faqih Ibn Zog'uniyga shogird tushib, undan turli fanlar, ayniqsa, tafsir, hadis, fiqh, nahv, sarf, balog'at, tarix, voizlik va boshqa sohalarda ta'lim oldi.
Shuningdek, Ibn Javziy usulul fiqh, ilmi xilof, ilmi jadal, hisob va tib ilmlarini Abu Bakr Daynuriy va qozi Abu Ya'lo kabi jami to'qsonga yaqin o'z davrining etuk olimlaridan o'rgandi. U bolalik davrlarini tengdoshlari kabi yosh bolalarga xos o'yinlar bilan emas, balki ilm talabiga sho'ng'igan holda o'tkazdi. Bu haqda: “Men biror marta yosh bolalar bilan o'ynaganimni, baland ovozda kulganimni eslay olmayman”, deb xotiralagan edi.
Ibn Javziyning boshqalardan ajralib turadigan ko'plab xususiyat, fazilatlari bo'lib, ilmga o'ta muhabbat va uni talab qilishga jo'shqin shijoat, o'tkir hifz, mislsiz zakovat, haddan tashqari oliy himmat hamda kamdan-kam insonlargina erisha oladigan zuhdu taqvo u kishini o'z asrining etuk olimi bo'lib etishiga omil bo'lgan.
Ibn Javziy olti yoshlarida hadis eshitishni, o'n uch yoshlarida kitob yozishni boshlagan. Yigirma besh yoshidan to vafotiga qadar insonlarga va'z-nasihatlar qilib, ko'pchilikning hidoyat yo'lini topishiga sababchi bo'lgan. Bu haqda o'zi: “O'z qo'llarim bilan ikki ming mujallad kitob yozdim, qo'l ostimda yuz ming kishi gunohlariga tavba qildi va yigirma ming kishi musulmon bo'ldi”, degan.
Ibn Javziy shar'iy va ijtimoiy fanlarning deyarli barchasida kitoblar tasnif qilgan. “Al-vafiy bil vafayot” kitobida yozilishicha, olimning yozib qoldirgan risolalari jamlanib, yashab o'tgan umriga taqsimlanganida har kuniga to'qqizta risoladan to'g'ri kelgan ekan. Ular quyidagilar: “Al-mug'niy” (Qur'oni karimning katta hajmdagi tafsiri bo'lib, uni Ibn Javziyning o'zi to'rt juzga qisqartirib “Zodul masir” deb nomlagan); “Soydul xotir” (3 juz); “Talbisu iblis”; “Jome'ul masonid” (7 juz); “Al-mug'niy fi ulumil Qur'on”; “Tazkiratul arib fi tafsiril g'arib”; “Sofvatus sofva” (4 juz); “Al-manfa'a fil mazohibil arba'a” (2 juz); “Al-mavzu'ot” (2 juz); “Al-vahiyat” (3 juz); “Al-muntazam fi tarixil muluki val umam”; “Ad-daloil fi mashhuril masoil” (2 juz); “An-nosix val mansux”; “Al-vujuh van nazoir”; “Fununul afnon”; “Manofi'ut tib”; “Minhojul qosidin” (2 juz); “Iyqozul vasnan bi ahvolin naboti val hayavon”; “Zammul havo” va hokazo.
Ayniqsa, Ibn Javziyning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bag'ishlab yozgan ikki juzli “Al-vafo bi ta'rifi fazoilil Mustafo” nomli asari siyrat kitoblari ichida o'ziga xos qadr-qiymatga ega. Unda muallif asosan Payg'ambar alayhissalomning siyratlari va shamoillari bilan birga, mavzuga aloqador barcha tarixiy ma'lumotlarni ham keltirgan.
Ibn Javziy rahmatullohi alayhi vafotlaridan bir necha kun avval og'ir kasal bo'lib, hijriy 597 yil 13 ramazon juma kechasi Bag'dodda vafot etadi va Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhining qabrlariga yaqin erga dafn qilinadi.
Aytilishicha, Ibn Javziy rahimahullohning qo'lida yigirma mingdan ortiq yahudiy va nasroniylar Islom diniga kirgan. U kishi sababli yuz ming kishi tavba qilgan. Ikki mingdan ortiq asar tasnif etganlar. Ana shunday ulug' olim shogirdlariga: «Agar Jannatga kirganingizda, orangizda meni topmasangiz, “Allohim, falon bandang bizga Seni eslatib turardi” deb men haqimda so'ranglar» deb, yig'lab yuborgan.
Muftiy Ibrohim Desai rahimahullohning "Hadis ilmiga kirish" kitobidan olindi.
Namangan viloyatida “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi bitiruvchilarini ishga taqsimlash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov, Namangan viloyati bosh imom xatibi Abdulloh Samadov hamda ta’lim muassasasi direktori Qobiljon Mirzaboyev bitiruvchilarni ishga taqsimlashga doir masalalarga to‘xtalishdi.
Ma’lumot uchun, "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining bu yilgi bitiruvchilari soni 35 nafar bo‘lib, yurtimizdagi masjidlarga imom-xatib va imom noibi vazifalariga tayinlanadi. Ta’limni davom ettirmoqchi bo‘lganlar esa Toshkent islom instituti va boshqa oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.
Shuningdek, ta’lim muassasasida “Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish kuni” munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov so‘zga chiqib, yosh avlod qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini sayqal toptirish hamma davrlar uchun muhim vazifa sanalib kelishini ta’kidladi.
Tadbirlar so‘ngida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, xayrli duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati