Inson zotida chegaralanmagan imkoniyat, katta iqtidor mavjud. Agar kuchli irodaga va oldinga qo'yilgan aniq maqsadlarga ega bo'lsak, hammamiz ham bu iqtidordan foydalanishga qodirmiz!
Haqiqiy, to'laligicha muvaffaqiyatga erishish kaliti – say'-harakatni ikki karra ko'paytirishingiz, mutaxassisligingiz va ishingizni aniqlashtirib olishingiz hamda zamon bilan hamnafas bo'lishingizdadir.
Sahobiy Rabiy'a ibn Ka'b Aslamiyning Habibimiz sollallohu alayhi vasallam bilan bo'lgan qissasida himmatni oliy qilish va shunga yarasha harakatni ko'paytirish kerakligiga dalil bor. U kishi aytadi:
“Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga tunab qoldim, uyg'ongach u zotga tahorat suvi va boshqa ehtiyojlarini olib keldim. Shunda u zot: “So'ra”, dedilar. Men: “Jannatda siz bilan birga bo'lishni so'rayman”, dedim. U zot: “Boshqa hech narsami?” dedilar. Men “Faqat shu”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unda bu borada ko'p sajda qilish bilan menga yordamlash”, dedilar”.
Mulohaza qilaylik, u faqat jannatni xohlayman, demadi, balki Habibulloh sollallohu alayhi vasallamga qo'shni bo'lishni so'radi. Oliy himmat mana shunday bo'ladi. Keyin Payg'ambarimiz alayhissalom qisqa javob qaytardilar: “Unda bu borada ko'p sajda qilish bilan menga yordamlash”.
Bunda “Harakatingni ko'paytir” degan zo'r strategiyani asoslash bor.
Hayotda muvaffaqiyatga erishishni istasangiz, harakatingizni ikki hissa oshiring, niyatingizni xolis Alloh uchun qiling, shunda Alloh sizga baraka beradi.
Jannatni isstasangiz, sunnatlarga amal qilishda, istig'for aytishda, ro'za tutish, toat-ibodatlarda, yaxshi amallarda va sadaqotlar berishda faolligingizni oshiring!
Odamlarning muhabbatini qozonishni xohlasangiz, ularga imkon qadar ko'proq e'tibor bering, ularni hurmat qiling, ishini yaxshi bajarganlarga maqtov so'zlarni ayting!
Hayotdagi hamrohingiz, ya'ni ayolingiz qalbini mahv etmoqchi bo'lsangiz, e'tiboringizni doimgidan ko'paytiring, uni mehr-muhabbat buloqlaridan oqib chiqqan suvlar bilan mehmon qiling, kamchiliklaridan ko'z yumib, mehringizni, oliyjanobligingizni namoyon eting!
Agar solih farzandlaringiz bo'lishini istasangiz, ular bilan tez-tez suhbat qurib turing, ularning gapini tinglang. Tarbiyaning eng yaxshi uslublarini ularda qo'llang va har namoz so'nggida ularning haqqiga duo qiling. Nafaqat har namoz oxirida, har doim duoda bo'ling!
Men bir yoshi katta ayolni tanir edim, uning oltita o'g'li, to'rtta qizi bor edi. Hamma farzandlari ota-onasiga itoatli solih farzandlar edi. Bir kuni o'sha ayoldan so'radim: “Farzandlaringizni qanday qilib bunday chiroyli tarbiyalashga erishdingiz?” Shunda u aytdiki: “Voy bolajonim, men oddiy ish qildim xolos: hayotim davomida bitta ham namozni qo'ymay Allohdan ularga hidoyat va baxt-saodat so'rab duo qildim”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidanG'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota jannatning o‘rta eshigidir. Xohla, bu eshikni saqla, xohla zoye qil”, degan ekanlar. Shuni izohlab bersangiz. O‘rta eshik deganda nima tushuniladi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Ha, haqiqatan ham shunday hadis bor, uni imom Termiziy rahimahulloh Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ota jannat eshiklarining o‘rtasidir. Xohlasang, o‘sha eshikni muhofaza qil yoki zoye qil”, deganlarini eshitganman”.
Muhaddis ulamolar mazkur hadisni sharhlab, mazmunini tushuntirib berganlar. “O‘rta” deb tarjima qilingan so‘z hadisda “avsat” deb kelgan. Avsat so‘zining bir emas, bir necha ma’nolari bor. O‘rta degan ma’nodan tashqari eng yaxshi, eng to‘g‘ri, mo‘tadil degan ma’nolarda ham keladi.
Boshqa ulamolar bunday deyishgan: “Albatta, jannatning bir necha eshiklari bor va ularning ichida kirish uchun eng go‘zali o‘rtadagisidir. O‘sha o‘rta eshikdan kirishga sabab bo‘ladigan amal esa ota-onaning haqlarini ado etishdir”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi