Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

Bag'rikenglik - imon-e'tiqod asosi va taraqqiyot garovi

18.11.2022   2491   22 min.
Bag'rikenglik -  imon-e'tiqod asosi va taraqqiyot garovi

 

Butun dunyoda globallashuv jarayonlari tezlashgan sayin millatlararo totuvlik, diniy bag'rikenglik tamoyillariga bo'lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Dunyoda bo'layotgan notinchliklar, urushlar va turli nizolarni kelib chiqish omillari oddiy kelishmovchilikdan boshlanib qanchadan-qancha begunoh odamlarning qoni to'kilishi, bolalarning etim bo'lishi, navqiron yigitlarning umri xazon bo'lishigacha etib bormoqda. Ushbu vaziyatdan doimiy ravishda uchinchi qo'l o'zining geosiyosiy maqsadlari yo'lida foydalanishga urinib kelayotgani bugungi kunda sir bo'lmay qoldi. Hozirgi kunda O'zbekistonda, Markaziy Osiyoda, qolaversa, butun dunyoda tinchlikni asrab-avaylash, qadriga etish, tinchlik uchun kurashish eng dolzarb muammo darajasiga etdi. O'zbekiston uchun, ayniqsa, o'zbek xalqi uchun bu kabi muammolarning echimi tarixiy o'zlikka qaytish, imon-e'tiqodga suyanib ish tutish, ota-bobolarimizdan ibrat olgan holga o'zga din, o'zga millat vakillariga nisbatan bag'rikenglik bo'lish, bag'rikenglikning tarixiy ildizlarini chuqur o'rganish va amalda ko'rsata olish oldimizda turgan muhim vazifalardan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.

O'zbek xalqi azal-azaldan bag'rikeng, mehmondo'st, etimparvar, saxovatpesha bo'lib kelgan. Hatto, bu xalqimizning qon-qoniga singib ularning tillariga ko'chgan, milliy qadriyat sifatida ularning doimiy duolariga aylanib ulgurganiga guvoh bo'lamiz: «Keng fe'l, ketmas davlat ber», «Tani sihatlik, tinchlik, xotirjamlik bo'lsin», «Qo'shning tinch – sen tinch», «Ona yurting omon bo'lsa, rangi-ro'ying somon bo'lmas», «Yaxshidan bog' qoladi, yomondan – dog'» kabi duo va xalq maqollarini yana va yana davom ettirish mumkin.Butun insoniyat doimiy muhtoj bo'lgan tinchlik, xotirjamlik ota-bobolarimizning kundalik oddiy duolarida o'zining shu kabi go'zal ifodalarni topgan. Ularning zakovatiga, purma'no hikmatlari zamirida yashiringan ma'nolarga qoyil qolasan kishi.

Shonli tariximizga nazar tashlasak Sohibqiron Amir Temur hazratlari turli xalq, turli millat, turli din vakillari istiqomat qiladigan ulkan saltanatni adolat bilan boshqardi, kechirimlilik, bag'rikenglik tamoyillari asosida dushmanni do'stga, do'stni esa haqiqiysiga aylantira oldi. Bu borada “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: «Ochiq yuzlik, rahm va shafqat bila xaloyiqni o'zimga rom etdim. Adolat va muruvvat qilib, zulm-u javrdin yiroq bo'ldim. Johil va yomon fe'llardan bezorlik tiladim. Lashkar va aholini umid va qo'rquv martabasida tutdim va do'st va dushmanni muruvvat va madoro martabasida tutib, qilmishlari va gap-so'zlarini chidadim va o'zni bilmaslikka olib o'tkazdim. Do'st va dushmandan har kimsakim menga iltijo qildilar, do'stlarni bir martabada tutdimki, do'stligini oshirgaylar va dushmanlarga ul martabada muomala etdimki, dushmanliklarini do'stlikka almashtirgaylar. Har kimsaning menda hakki bo'lsa, uning haqqini zoye qilmadim va har kimsani tanidim uni nazardan qochirmadim. Va har kimsalarkim, davlat va saltanat taxtiga chiqishimdan oldin menga yaxshilik qilgandilar, yaxshi niyatlilar va yomon niyatlilardan xoh menga yaxshilik qilgan bo'lsin va xoh yomonlik, podshoh bo'lganimdan so'ng ularni ehsonim bilan uyaltirib, qilgan yomonliklarini qilmaganga soldim va gunohlari daftariga avf qo'lini chekdim»[1].

O'zbek xalqining ikkinchi jahon urushi yillarida ko'rsatgan sabr-bardoshi, bag'rikengligi, etimparvarligini esa yuqoridagi so'zlarning amaliy ifodasi sifatida ko'rish mumkin. O'sha paytda «O'zbekistonga fashistlar bosib olgan hududlardan 1 mln.dan ortiq kishi, jumladan, 200 ming nafar bola evakuatsiya qilindi»[2].O'zbek xalqi ularni etimxonalarga emas, o'z xonadonlariga qabul qildilar. «Urush davrining og'ir sharoitiga qaramay toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov umr yo'ldoshi Bahri aya bilan 14 nafar (Kattaqo'rg'onlik Samadovlar oilasi esa 13 nafar) etim qolgan va Toshkentga olib kelingan bolalarni farzandlikka olib, voyaga etkazdilar»[3]. Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin. Halqimizning bu kabi oliysifat fazilatlarga ega bo'lishi esa, albatta, ko'p jihatdan e'tiqod bilan bog'liq. Zero, millatimiz tabiati, qarashlari islom dini aqidalariga tayanadi, ularning ildizlari Qur'on oyatlari, hadislarga borib taqaladi. «Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Men bilan etimning kafili jannatda mana bundoq birgamiz»,- deb ko'rsatgich va o'rta barmoqlarini birlashtirib ko'rsatgan ekanlar»[4]. Shu sababli ham o'tmishda «etimxona, bolalar uyi, mehribonlik uyi» kabi atamalar, manzil-makonlar musulmon yurtlarida, shuningdek, yurtimizda ham bo'lmagan. Boshqa bir hadislarida «Payg'ambar alayhis salom: Kim Alloh azza va jalla uchun bir etimning boshini silasa, qo'li nechta sochini ustidan o'tsa, shuncha hasonot yoziladi. Kim o'z huzuridagi etim qizga yoki bolaga yaxshilik qilsa,  men o'sha odam bilan jannatda mana bunday bo'laman»deb ikki barmoqlarini yaqinlashtirdilar (Imom Abu Dardo rivoyati)». Payg'ambardek zot bilan yonma-yon turishdan ko'ra ortiqroq baxt bormi?! Ana shu haqiqat va ishonchga tayangan holda etimni boshini silash, etim asrab olish va ularga chiroyli tarbiya berish baxti hozirgi kunga qadar imonli insonlar orasida an'ana aylanib kelmoqda.

Ko'p millatli O'zbekiston xalqining 90 foizidan ziyodini[5] ]5:9.[ musulmonlar tashkil etsa-da, bu o'lkada yahudiy va nasroniylar va boshqa konfessiya vakillari ham emin-erkin o'z e'tiqodlariga ko'ra uzoq yillardan buyon istiqomat qilib kelmoqdalar. Muqaddas dinimiz ko'rsatmalarida diniy ilmdan boshqa barcha ilmlarni g'ayridin kishilardan bo'lsa-da o'rganishga targ'ib qiladi. Payg'ambar alayhis salom «Hikmatli kalima xuddi mo'minning yo'qotgan narsasidek. Mo'min uni qayerda topsa ham haqliroqdir»-dedilar. «Bu hadisi sharifda mo'min inson ilmga doimo talabgor bo'lishi, qayerdan topsa ham uni olishga harakat etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Shuning uchun ulamolarimiz aqida va din ilmlaridan boshqa ilmlarni g'ayridinlardan ham olish mumkinligini qattiq tayinlaydilar. Musulmon inson o'z aqidasini va dinini mahkam tutgan holida o'zi uchun, jamiyat va el-yurti uchun foydali ilmlarni g'ayridin kishilardan, g'ayridin yurtlarda ham olishi mumkin. Ilmni qayerdan olishning farqi yo'q. Albatta, musulmon yurtida, musulmon kishilardan ilm olish yaxshi. Ammo musulmonlar uchun, el-yurt uchun kerakli ilmni g'ayridindan olmayman, deb o'rganmay yurish mutlaqo noto'g'ri ekani ushbu hadisi sharifdan ko'rinib turibdi»[6].

 E'tiqod erkinligi borasida Alloh taolo Qur'oni karimda Baqara surasining 256-oyatida shunday marhamat qiladi:

لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ

Dinda zo'rlash yo'q.

«Oyatning nozil bo'lish sababi shuki, madinalik Abul Husayn deb ataluvchi bir musulmon kishi nasroniy dinidagi  ikki o'g'lini islom dinini qabul qilishga  majbur qilgan. Lekin ular ko'nmaganlar. Shunda ota va o'g'illar bu muammoni hal qilib berish uchun  Payg'ambar (a.s.)ga murojaat qilishgan. Ul hazrat o'g'illarini islomga  majburan  kiritishdan otani qaytarganlar»[7]. «Aqiyda, iymon masalasi inson qalbiga bog'liq juda ham nozik bir masaladir. Bu narsani majbur etib, kuch ishlatib singdirib bo'lmaydi. Balki, har bir inson bayon qilingan narsalarga tushunib iymon keltirgandagina maqsad hosil bo'ladi. Islomda ushbu qoidaga qattiq rioya qilinadi. Alloh taolo O'zi «Dinga majbur qilish yo'q. Batahqiq, haq botildan ajradi», deb qo'ygan. Ya'ni, Alloh taolo O'z Payg'ambari Muhammad alahissalomga Qur'oni Karimni tushirib, Islomni joriy qilgandan so'ng, to'g'ri yo'l noto'g'risidan, haq botildan ajradi. Hamma narsa o'z o'rnini topdi. Shunday bo'lgandan keyin «Dinga majbur qilish yo'q». Har kimga Alloh aql bergan, o'ziga kerak yo'lni tanlab olsin... Bu oyatni “dinga olib kirishga majbur qilish yo'q», deb tushinmoq kerak. Bu esa, insonning hurmati, uning huquqlari himoyasidir»[8].

O'zbekiston Respublikasi konstituttsiyasining 31-moddasida ham e'tiqod erkinligi mamlakatimiz xalqlari uchun kafolatlanadi: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi»[9].

Insoniy fazilatlar, insonparvarlik tamoyillari borasida ham musulmon xalqlar ibrat namunalarini ko'rsatganlar. Zero, Alloh taolo  bandalarini dini, irqi bo'yicha ajratmaydi. Qur'oni karimda 20 o'rinda ( 1) Baqara surasi 21-oyat, 2) Baqara-168, 3) Niso-1, 4) Niso-170, 5) Niso-174, 6) A'rof-158, 7) Yunus-23, 8)Yunus-57, 9)Yunus-104,10) Yunus-108, 11) Haj-1, 12)Haj-5, 13) Haj-49, 14) Haj-73, 15) Naml-16, 16)Luqmon-33, 17) Fotir-3, 18) Fotir-5, 19) Fotir-15, 20) Hujurot-13.) Alloh taolo bandalariga          “يَا أَيُّهَا النَّاسُ – “Ey insonlar...” deb murojaat qiladi. Insonlar sirasiga irqi, millati, dini, kelib chiqishidan qat'iy nazar barcha odamlar kiradi.  Ularni hech bir jihatiga ko'ra ajratilmaydi. Yagona Robb sifatida ular uchun bir xil hukmni bayon qiladi. Butun insoniyatga insoniylik tamoyillaridan Allohning O'zi saboq beradi. Ushbu oyati karimalardan bittasiga nazar tashlaylik:

Alloh taolo Hujurot surasining 13-oyatida shunday marhamat qiladi:  

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ

 إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ

«Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir»[10].

Ushbu oyati karimada:

«Ey odamlar!»  deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga, ularning asli bir ekanligi eslatilmoqda. «Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o'zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo'ydik». Demak, odamlarning asli bir: hammalari Odam Ato va Momo Havvodan taralganlar. Ayni chog'da, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo'yganini ta'kidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga bo'linishining sababi esa, o'zaro tanishish, ma'rifat hosil qilish ekanligi uqtirilmoqda, «...va sizlarni o'zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo'ydik». Insonlarning turli xalqlar, millatlar, elatlar, qabila va urug'lar hamda turli farqlarga bo'linishining asosiy sababi ushbu maqsad, ya'ni, o'zaro tanishish ekanligini hech qachon unutmaslik kerak. Alloh taolo oyatda, urishish uchun, janjal uchun, faxrlanish uchun, maqtanish uchun, demayapti yoki boshqa sababni aytmayapti. Demak, xalqlarning turli-tumanligini ilohiy maqsaddan – tanishuvdan boshqa maqsadga ishlatish Allohning irodasiga qarshi chiqish bilin barobar bo'lar ekan»[11].

 Shuningdek, millatdoshi, qabiladoshi, hamshaharligi, qishloqdoshi yoki yurtdoshi bo'lgani uchun haq bo'lmasa-da u tomonga yon bosish, tarafini olib turli kelishmovchilik va urushlarga sabab bo'lish islom dini tamoyillariga zid hisoblanadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Tarafkashlikka chaqirgan bizdan emasdir. Tarafkashlik asosida qitol qilgan bizdan emasdir. Tarafkashlik yo'lida o'lgan bizdan emasdir», dedilar»[12].

Demak, musulmon kishi ushbu hadisdan o'ziga kerakli xulosalar chiqarib, o'zi, oilasi, xalqi va jamiyati uchun manfaatli ishlarga say-harakat qilmog'i lozim bo'ladi. Har qanday ishlarda adolat tomonida turib, turli xildagi tarafkashliklarga yo'l qo'ymasligi kerak.

Musulmon yurtlarda istiqomat qilayotgan o'zga din vakillariga nisbatan qilinadigan muomala va munosabatni tarix kitoblarida mashhur bo'lgan bir voqea orqali yoritib berishni lozim deb bildik: «Bir kun Umar (roziyallohu anhu)  bozorda sadaqa so'rayotgan qariyani ko'rdi va: «Ey shayx, nima qilyapsan? » deb so'radi. Qariya: «Men yoshi ulug' odamman, jizya uchun tilanchilik qilyapman», – dedi. U Madinada yashovchi yahudiy edi. Buyuk insoniy xislat egasi bo'lgan Umar (roziyallohu anhu) unga: “Ey shayx, biz senga insof qilmadik. Yoshligingda sendan jizya (musulmonlar yurtida istiqomat qilib kelayotgan g'ayridin kishilardan ularning dini, moli va jonini himoya qilib berish evaziga olinadigan soliq)olib, qariganingda tashlab qo'ydik», – dedi-da, uning qo'lidan ushlab, uyiga olib bordi. Unga zarur miqdorda oziq-ovqat tayin etdi. Hazinachiga: «Bu kishi va unga o'xshaganlarning o'zi va oilasiga etarli mablag' ajrat», – deb buyurdi”[13].

Musulmon odamning boshqa din vakiliga nisbat ko'rsatgan bu qadar go'zal muomala va xulqi barcha davrlar va makonlar uchun ibratlidir.

Diniy bag'rikenglik, millatlararo bag'rikenglik, umuman bizni o'rab turgan olamga nisbatan kenglik va himmatda bo'lish jamiyat taraqqiyoti va undagi odamlarning totuvligi uchun muhim omil bo'lib qolaveradi.

“Payg'ambar alayhis salom “«Hajjatul vado»da turganlarida mashhur “«Vidolashuv xutba»sini o'qidilar. Unda musulmonlarga qarata: “Ey insonlar! Sizlarning Robbingiz birdir. Albatta, Otalaringiz birdir, hammangiz Odam atodandirsiz, Odam ato tuproqdandir. Sizlarni Alloh nazdida hurmatlirog'ingiz Allohdan ko'proq qo'rquvchirog'ingizdir. Arabni ajam (arab bo'lmagan xalqlar) dan ortiqligi yo'q, ortiqliq faqat Allohdan qo'rqish bilandir. Yetkazdimmi? Ey Alloh, guvoh bo'l! Sizlardan guvoh bo'lib turganlar boshqalarga etkazsin», – dedilar»[14].

Mana buni insoniylik mezoni desak bo'ladi, arabni ajamdan, oqni qoradan afzalligi yo'q, afzallik bo'lsa, kimki Allohdan ko'proq qo'rqsa, xalq farovonligi va jamiyat rivoji uchun savob ishlarni ko'paytirsa, gunoh ishlardan chetlansa, ana shu odam Allohga suyukliroq bo'ladi, degan ma'no kelib chiqadi.

«Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi asos – insoniylikdir, shuning uchun ham, odamlar insoniyat turkumiga kirganliklari tufayli o'zaro tinchlikda yashamoqlari lozim»[15].

Tinchlikda yashash yaxshi ekanligini, bebaho bu ne'matning qadriga etish kerakligini har bir odam qalban his qilishi va uni saqlashda o'z hissasini qo'shishi lozim. Bu vazifani bajarishning eng yaxshi yo'li esa ma'rifat, iymon, insoniylik yo'lidir. Halqimiz qadriyatlariga hurmat bilan qarash,  dinlararo, millatlararo bag'rikenglik tamoyillariga amal qilish, yosh avlodni kuchli bilim egalari va yuksak tarbiya sohiblari sifatida tarbiyalash yangi O'zbekistonning yangi marralari uchun asos yaratish bilan barobar vazifalardir.

Ibodulloh Ahrorov

Toshkent islom instituti dekani

 

 

 [1]Amir Temur Ko'ragon. Temur tuzuklari.H.N.Bobobekov A.Quronbekov. I. Sulaymonov. – T.:“Fan va texnologiya”, 2014. –90-91-b.

[2]Rajabov Q., Qandov B., Rajabova S. O'zbekiston tarixining muhim sanalari. – T.: O‘zbekiston, 2015. – 219-b.

[3] Ergashev Q., Hamidov H. O'zbekiston tarixi. – T.: Gafur G‘ulom nomidagi NMIU, 2015. – 367-b. 

[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. – T.:“ShARQ” NMAK, 2008. – 478-b.

[5] O'zbekistonning etnokonfessional atlasi. – T.: Kartografiya,  2011. – 9-b. 

[6] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot.Niyat, ixlos, ilm. 3-juz. – T.:“ShARQ” NMAK, 2003. – 125-b.

[7] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. – T.: Sano-standart, 2021. – 42-b. 

[8] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. – T.:“ShARQ” NMAK, 2008. – 478-b.

[9] Tansikbayeva G.M., Kostetskiy V.A. Konstituttsiyaviy huquq asoslari. . – T.: “ShARQ” NMAK, 2014. – 60-b. 

[10] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. – T.: Sano-standart, 2021. –516-b.

[11] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. – T.:“ShARQ” NMAK, 2008. – 588-b.

[12] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. Yaxshilik va axloq. 34-juz. – T.:“ShARQ” NMAK, 2008. – 265-b.

[13] Usmonxon Alimov.Rasulullohning (alayhissalom) muborak vasiyatlari. – T.: Movarounnahr, 2014. – 308-b. 

[14] Shayx Muhammad al-Hudariy. Nuril yaqin. – Damashq: Doru Ibni Kasir, 1989.  – 265-b.

[15] Rahbarxon Murtazayeva. O'zbekistonda millatlararo munosabatlar va bag'rikenglik. – T.: Universitet,  2007. – 19-b.

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Xo‘jamulki" mahallasida obodlik va mehr-saxovat

16.08.2026   1011   1 min.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari