“Ixtilof qilmanglar, yana qalblaringiz ixtilofli bo'lib qolmasin”, deb sevikli Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar.
Ulamoi salaflar esa o'z dini, e'tiqodiga sodiq qolib, musulmonlarni turli ixtiloflardan qaytarib, birdamlikka chaqirganlar.
Afsuski, hozirgi zamonda, dindorlarga qarab dinlarga baho beriladigan bo'lib qolgan. Shu sababli, boshqalar, bular musulmonlik da'vosini qilishar edi, musulmonlik shu ekan-da, deyishlari mumkin.
Turli omillarga ko'ra dinimizdan uzoqlashgan xalqimiz, o'tmishda turli balo-ofatlarga giriftor bo'ldi, dinimizdan uzoqlashgani sari qoloqlikka uchradi, zaiflikka yuz tutdi va nihoyat, mustamlaka asoratida qoldi. Huddi shu boisdan xudosizlar balosiga yo'liqdi. Va oxir-oqibat xalqimizning bir qismi xudosizlikka yuz tutdi. Dahriy tuzum xuddi shular yordamida yurtimizda dinimizdan asar ham qoldirmaslikka jon-jahdlari bilan kurashdilar. O'sha xudosizlar tomonidan masjidlar vayron qilindi. O'sha xudosizlar tomonidan Qur'onlar yoqildi. O'sha xudosizlar tomonidan ulamolar o'ldirildi. O'sha xudosizlar tomonidan insoniyat tarixida misli ko'rilmagan vahshiyliklar qilindi. Ularning birdan-bir maqsadi Islomni yo'q qilish edi.
Halqimiz esa ibodatlarni faqat Hanafiy mazhabi asosida o'rganishar edilar. Ular musulmonlikni taniganidan beri, unga iymon keltirib, amal qila boshlaganidan beri ibodatlar-u, shar'iy ahkomlarni ana o'sha Hanafiy mazhabi asosida o'rganib, amal qilib kelganlar. Asrlar osha turli sharoitlarga qaramay, mujtahid ulamolarimiz tomonidan Qur'oni Karim va Sunnati Nabaviyyadan olib, xalq ommasi uchun qulaylashtirib qo'yilgan fiqhiy masalalar xuddi Islomning negiziga o'xshab qolgan edi. Ayniqsa, qiyinchilik paytlarda, xudosizlar hamlasiga uchrab dinimizni o'rganish qiyinlashib qolgan kezlarda, muxtasar fiqhiy kitoblar va ular asosida uyushtiriladigan ixcham darslar katta foyda berar edi. Ushbu va shunga o'xshash boshqa omillar sababli xalqimiz boshqa mazhablardagi hukmlar qandoq ekanidan xabarsiz qoldi. Ular ko'pchilik musulmon xalqlari qatori islom shariatini Hanafiy mazhabi orqali o'rganib, Hanafiy mazhabi bo'yicha hayotiga tatbiq qilib keldilar.
Uchqo'rg'on tumani
"Muzaffarxon eshon" jome masjidi imom-xatibi
Hushnazarov Ibroximjon.
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati