Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Fitnaning 11ta xatar va zararlari

16.11.2022   2347   3 min.
Fitnaning 11ta xatar va zararlari
  1. Fitna eng ko'p qon to'kilishining eng katta sabablaridan bo'lib, fitna natijasida jamiyatda talon-taroj va bosqinchilik ishlari keng tarqaladi.
  2. Fitna dunyo va oxiratda xasrat chekishning sababi bo'ladi.
  3. Fitna uni chiqargan kishilarning ko'zlarini haq va to'g'ri yo'lni ko'rmaydigan qilib qo'yadi. Haq va to'g'ri yo'lni ko'ra olmaydigan insonning qo'lidan esa har qanday qabihliklarni kutsa bo'laveradi. Begunoh yosh bolalarni, ayollarni o'ldirayotganlar, musulmonni kofirga chiqarib qonini halol sanayotgan hozirgi kundagi fitnachilar buning yorqin misolidir.
  4. Fitnachi va shayton bir-biriga yaqin do'stlar. Shaytonni eng yaxshi ko'rgan ishlaridan biri ikki musulmon o'rtasini urushtirib qo'yishdir. Qo'pol qilib aytadigan bo'lsak, fitnachining “kasb”i ham shu hisoblanadi. Demak, bular juda yaqin do'stlar ekan.
  5. Fitnalar mo'min kishining diniga shubhalarni soladi.
  6. Kishining o'z ahlida fitnalanishi uni dinidan burib yuboradi.
  7. Fitna mo'min kishining qalbini yaxshiliklardan burib yuboradigan eng ashaddiy narsalardandir.
  8. Hukumatga qarshi urush qilish fitnasi jamiyatni parchalaydigan omillarning eng kattasidir. Buni hozirgi kunda arab davlatlarida bo'layotgan fitnalardan bilib olishimiz mumkin. Bu davlatlar fitnalar bo'lishidan oldin qanday holatda edi-yu, hozirgi kunga kelib qanday holatga tushdi? Statistik ma'lumotlar bu davlatlarning rivojlanishdan necha o'n yillarga ortda qolganini ko'rsatmoqda.
  9. Fitna sababidan o'zaro urush qilish din dushmanlarining maqsadlarini ro'yobga chiqaradi va musulmonlarni iqtisodiy, ijtimoiy va tibbiy hayotini parchalaydi. Haqiqatda ham hozirgi kunga kelib, din dushmanlari o'z maqsadlariga erishmoqda. Chunki fitnalar sodir bo'layotgan diyorlarga e'tibor beradigan bo'lsak, bularning deyarli barchasi musulmonobod yurtlarda ekanligini ko'rishimiz mumkin. Natijada, u yurtlarning iqtisodi, tinchligi, ijtimoiy hayoti barbod bo'lmoqda va musulmonlar boshqa yurtlarga cchiqib ketishga majbur bo'lmoqdalar.
  10. Fitnalar jamiyatning obro'-e'tiborini yo'q qilib yuboradi.
  11. Fitnalar islomiy jamiyatlarning ortda qolishining eng asosiy sabablaridan bo'lib, musulmonlarni dushmanlar qo'lida qo'zg'olonchi qilib qo'yadi. Ming afsuslar bo'lsinki, bir paytlar butun olam uchun ilm markazi bo'lgan Bag'dod, Kufa, Damashq kabi shaharlar bugungi kelib, fitnachilarning jang maydoniga aylanmoqda. Bu fitnalar natijasida qancha ilm dargohlarida ilm to'xtab qolmoqda va musulmonlarning boshqa jamiyatlardan otda qolishiga sabab bo'lmoqda. Eng achinarlisi esa, fitnachilar bu ishlarida aynan musulmonlarning o'zlaridan foydalanishmoqda. Musulmonlar bu fitnalarga qarshi birlashmoqliklari va o'zlarining ulamolarini yo'lidan yurmoqliklari lozim bo'ladi.

 

TII Modul' ta'lim shakli talabasi,

Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor jome masjidi

imom-xatibi Boboxon Boboxonov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   16855   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari