Soxta salafiylarning yana bir da'vosi: «Bitta mazhabga ergashib ibodat qilishdan ko'ra, har bir mazhabdagi to'g'ri fikrlarni olib, ibodat qilamiz».
Ularning bu da'vosi kishini fosiqlikka olib boradi. Tasavvur qilib ko'ring, ayol kishiga qo'li tekkan kishining tahorati buzilish yoki buzulmasligi borasida, imom Shofeiy rahmatullohi alayhning «Tahorati buziladi», degan so'zini olmasdan, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning: «Tahorati buzilmaydi», degan so'zini olsa, shuningdek, badandan qon chiqish masalasida imom A'zamning: «Tahorati buziladi», degan so'zini olmasdan, Shofeiyning: «Tahorati buzilmaydi», degan so'zini olsa, bunda inson o'ziga qulay yo'llarni qidirib, dinda fosiq bo'lib qolmaydimi?!
Har bir mazhabdan terib, terib amal qilish talfiq ya'ni beqarorlik deyiladi. Bunday yo'lni tutgan inson haromni halolga, haromni halolga, makruhni, mubohga, mubohni makruhga chiqaradigan dini sust insonga aylanadi.
Salafiylarga xos bo'lgan g'oyalarning biri payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning va boshqa buyuk zotlarning qabrlarini ziyorat qilishlikni shirk deb e'tiqod qiladilar. Vaholonki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Kim meni vafotimda ziyorat qilsa hayotimda ziyorat qilgan bilan teng” deganlar. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa:
“Qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki u o'limni eslatadi” deganlar. (Muslim rivoyati)
Allohim hammalarimizni hidoyatda barqaror qilsin. Ixtilof va zalolatdan hamisha saqlasin. Vassalomu alaykum.
Honaqoh jome masjidi imom xatibi. N. Imamov.
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati