Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Qachon marosimlarimizni ixchamlashtiramiz?

09.11.2022   2865   5 min.
Qachon marosimlarimizni ixchamlashtiramiz?

Dasturxon yozib odamlarga taom ulashish ehson hisoblanadi. Ehsonnning esa savobi ulkan.

Halq orasida turli sabablar bilan ehson dasturxoni yoziladi. To'ylar, iftorlik, aza marosimlari va boshqa munosabatlar bilan elga taom ulashish shular jumlasidan. Avvalo, biror ehson qilmoqchi bo'lgan kishi o'sha marosimi shariatga muvofiqmi yoki zid ekanligini yaxshi anglab olishi zarur. Mayyitlar uchun qilinadigan bizdagi marosimlarni hech biri shariat ko'rsatmalarida zikr qilinmaganini eslatib o'tish joiz. To'g'ri, mayyit haqqiga xayr-ehson qilinsa buning manfaati o'tgan kishiga etib borishi Hadisi shariflarda ta'kidlangan.

Ammo uch kunlik, yigirma, qirq, yil oshi kabi marosimlarni o'tkazish urf tarzida ommalashgan. Go'yoki ushbu ma'rakalar o'tkazilmasa, bo'lmaydi, degan tushuncha, odamlar gap so'z qilishadi degan hadik bilan qilinishi oydek ravshan bo'lib qolgan. Vaholanki, mayyit haqiga xayr-ehson, avvalo, taom bo'lishi shart emasligi, bu kabi marosimlarni odamlarning gapi uchun emas, xolis Alloh yo'lida ehson sifatida qilinishi, kun sanab emas, balki ixtiyoriy ravishda qanaqa bo'lmasin xayr qilish maqsadga muvofiqligini, afsuski, ko'pchilik tushunib etmayapti.

Boshqa viloyatga tanishlarinikiga ta'ziya bildirishga borgan bir hoji akamiz, ularda mayyit uchun alohida ma'raka qilinmasligiga, balki imkoniyat bo'lganda biror jonliq so'yib, go'shtini muhtojlarga va etimlarga tarqatib berishlarini guvohi bo'lgan ekan. Ha, marhumlar haqiga ehson qilishning namunasi mana shunday bo'lishi kerak. Yo'llarni ta'mirlash, ko'prik qurish, suv, elektr tarmoqlarini ta'minlashda muhtoj kishilarga ko'maklashish, talabalarning o'quv shartnoma pullarini to'lab berish kabi ishlar ayni savobi buyuk amallar ekanini ta'kidlab o'tmoqchimiz.

Nikoh va boshqa munosabatlar bilan bo'lib o'tayotgan to'ylarimiz ham achinarli holatda, desak mubolag'a bo'lmaydi. To'ylarga juda ko'p sarf-xarajat qilinadigan bo'lib qoldi. Bu esa ayni isrofdir. Aslida to'y yaqinlarni chaqirib, ikki yosh uchun duo olish maqsadida qilinishi kerak. Bu o'rinda ham isrof qilish noto'g'ri. Chunki Alloh taolo “A'rof” surasining 31-oyatida: “Alloh isrofgarlarni suymas”, deb ogohlantiradi.

Bizning to'ylar saodat asridagi to'ylardan juda katta farq qiladi. Hadislarda bayon qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng katta to'ylari Zaynab onamizga uylanganlarida bo'lgan. O'shanda bitta qo'y so'ygan ekanlar. Endi buni bizning to'ylar bilan solishtirib ko'ravering.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhuda sariq (rang) asarini ko'rib:

“Bu nima?» dedilar.

“Ey Allohning Rasuli, bir ayolga danak vaznidagi tillo (mahr berib) uylandim», dedi u.

“Alloh senga baraka bersin! Bir qo'y bilan bo'lsa ham valiyma qilgin”, dedilar”.

Beshovlari rivoyat qilganlar.

E'tibor beraylik, bu voqeada ham Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu uylanganlarida Nabiy alayhissalom bir qo'y so'yib to'y qilishini taklif qilganlar. Afsuski, bugungi to'ylarimizning turi ham ko'payib bormoqda. Taklif etilganlar soni, dasturxonga tortilayotgan noz-ne'matlarning xilma-xilligi, uy jihozlari, kelin-kuyovga hozirlanayotgan sarpolarning o'ta qimmat va haddan ziyodligi insof ko'zi bilan qaragan kishini ajablantiradi. Bularning barisi isrof, dabdababozlik, kimo'zarga ish qilish, faxralanishdan o'zga narsa emas.

Biz bu illatlardan o'z vaqtida o'zimizni qaytarmasak, oqibati yaxshilik bo'lmasligi, oxiratda ham iqob borligini xalqimizga tushuntirib borishimiz lozim.

To'y va marosimlarni ixcham va ortiqcha isrofgarliksiz tarzda o'tkazish borasida ahli ilmlar, imom-xatiblar va otinoyilar tomonidan masjid qavmlari va mahalla-ko'ydagi tadbir va marosimlarda aholiga tushuntirish ishlari olib borilayapti. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qilib, oyati karima, Hadisi sharif va salafi solihlar hayotidan namunalar asosida jamoatchilikka to'g'ri yo'lni anglatishga harakat qilyapmiz. Bu borada mahalla, yoshlar uyushmasi va boshqa mutasaddilar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Aholiga biror ma'raka o'tkazishdan oldin albatta mahalla oqsoqollari va faollari hamda masjid xodimlari bilan bamaslahat ish ko'rishlarini tavsiya qilmoqdamiz. Imom xatib va otinoyilar joylardagi nikoh uylarida bo'lib, nikohdan o'tish uchun ariza bilan murojaat qilgan yoshlarga to'ylarni risoladagidek o'tkazish, ortiqcha orzu havaslarga berilmaslik, nikoh va oila mavzularida suhbat qilmoqda.

Dabdabali to'ylar uchun qiladigan sarf-xarajatlarimizni ixchamlashtirib, barpo etilayotgan yosh oilaning kelajagi uchun sarflab, ushbu yosh oilaga keyingi hayotiga yordam bersak nur ustiga a'lo nur bo'ladi, inshaalloh.      

 Zayniddin Eshonqulov,

O'zbekiston musulmonlar idorasi viloyat vakili, viloyat bosh imom-xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   30532   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA