Hanafiy mazhabining buyuk mujtahidi, mazhab tarqalishida beqiyos xizmat qilgan Ya'kub ibn Ibrohim Ansoriy (Abu Yusuf) rohimahulloh shunday rivoyat qiladilar:
“Abu Hanifa rohimahullohdan o'n olti yil ilm o'rgandim. Hadis va fikhga astoydil edim. Oilamiz kambag'al, otam ilm xalqasida kun o'tkazishimga u qadar ro'yxushlik bermasdi. Bir kuni u menga: “Abu Hanifaning ilm bilan mashg'ul bo'lishiga imkoni etarli, mol-dunyosi ko'p. Ammo bizda imkoniyatlar tor, sen darsga bormay menga qarash!”,- dedi. Men otamning aytganini qilib, ko'p darslarga borolmay qoldim. Abu Hanifa rohimahulloh meni xalqada kamnamo bo'lib kolganimni sezib, so'rab-surishtiribdi.
Imkon topib bir darsga borganimda: “Nega bizning xalqaga kelmay qo'yding?!”,- dedi. Men otam shuni istaganini, oilaviy qiyinchilik tufayli otamga qarashayotganimni aytdim. Dars tugab, hamma ketayotganda Abu Hanifa rohimahulloh meni qolishimni aytdi. Yolg'iz o'zim qolgach menga bir hamyon berdi va: “Buni oilangga ishlat, qachon tugasa menga bildirib qo'y, ammo darsni qoldirma!”, - dedi. Qarasam, hamyonda yuz dirham bor ekan. Keyin darslarga qatnashib turdim, orada yana so'ramasam ham yuz dirham berdi. Shu tarzda mendan xabar olib turdi, men biror marta pul so'ramadim, ammo u zot go'yo sezgandek pulimiz tugash arafasida o'zi pul berardi. Bu holat men boy bo'lib ketgunimcha davom etdi...”
Ibrat: ilm va uning ahliga yaxshilik qilish ulug'larning odatlaridandir. Bir bolaning ehtiyojini qondirib, uning butun ummatga xizmat qilishiga sababchi bo'lish haqiqiy rabboniy ulamolarning ishi xisoblanadi. Biz ham Abu Hanifa rohimahulloxdan ibrat olib, u zot kabi ilm homiylari bo'lsak, jamiyat rivojlanadi, olimlar ko'payadi, in shaa Alloh.
“Taqvo ahlining go'zal qissalari” kitobidan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV